Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
10:01 / 2025-10-17

-

“Yangi O‘zbekiston”ning bugungi sonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 16 oktyabr kuni kosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash yuzasidan takliflar taqdimotida ishtirok etgani to‘g‘risida sharh, shuningdek, poytaxtni kompleks rivojlantirish, sanoat va transport infratuzilmasini yaxshilash masalalari yuzasidan davlat rahbariga axborot berilgani xususida xabar beriladi. “Mushtarak maqsadlar taraqqiyotga eltadi” maqolasida poytaxt Toshkentda Turkiy universitetlar ittifoqining 8-Bosh Assambleyasi haqida so‘z boradi. “Yozyovonda odamlar hayoti ham, dunyoqarashi ham o‘zgarmoqda” maqolasida o‘tgan asrning o‘rtalarida qum barxanlaridan iborat bo‘lgan dasht – “Qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadi” deya ta’rif berilgan, bugun esa chinakam obod maskanga aylangan Yozyovon tumanidagi o‘zgarishlar aks etgan. “Xalqaro darajaga chiqqan milliy model”, “Olis hududlardagi investitsiya loyihalari”, “Oliy ta’limni strategik qo‘llab-quvvatlash davrning ustuvor yo‘nalishi”, “Harbiy atamalar tarixi chuqur ildizlarga ega”, “O‘g‘il bola mard va kuchli bo‘lishi kerak” kabi maqolalarda yangilanayotgan jamiyat manzaralari va yangi davr nafasini his qilasiz.

“Xalq so‘zi”da ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtiroki bilan bog‘liq tadbir, uchrashuvlarga keng e’tibor berilgan. “Qoraqalpog‘iston: yangi davr odimlari” maqolasida ko‘z o‘ngimizda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, qoraqalpoq xalqining bugungi hayoti aks etgan. – 2017 yilda yalpi hududiy mahsulot 17,4 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bu raqam 2024 yil oxiriga kelib 45,7 trln. so‘mga yetdi. Birgina Nukus shahrini oladigan bo‘lsak, bu yerda 91,5 mln. dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi, - deb yozadi maqola muallifi O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Kenesboy Karimov. “Mahalla”, “Tinchlik platformasi”, “Ezgulik yo‘lidagi o‘zgarishlar”, “O‘zbekiston – yangi mintaqaviy tizimning asosiy me’morlaridan biri”, “Dunyo sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan kent”, “Shahar chiroyiga dog‘ tushmasin”, “Uddaburon” talabalar kimni aldamoqchi?” kabi maqolalar, sahifalarda inson omili, islohotlar, bugungi yutuqlar – haqiqatlar aks etgan.

“Jadid”ning bugungi soni O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toirning quyidagi satrlari bilan boshlanadi:

Qadrim so‘raganda, qarog‘im tilim,

Ko‘ksimni ko‘targan sen – tog‘im, tilim,

Asrlar ajdodlar ruhin yoritgan,

Turkiy tillar ichra chirog‘im tilim.

 

Yassaviy baytida tumorim, tilim,

Navoiy nazmida sen orim, tilim,

Kumushning vasfida betakror malak,

Qodiriydan qolgan yodgorim, tilim.

 

Toshlar to‘fonida bag‘ri tilimsan,

Ko‘ksin changallagan qonli qo‘limsan,

Oyga almashmasman, kunga bermasman,

Cho‘lpon yuragida ungan gulimsan...

“Jadid”chilar 21 oktyabr – O‘zbek tili bayramiga alohida  e’tibor qaratgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Abdulhamid Muxtorovning “Tilni asrash millatni asrashdir” maqolasida tilga bo‘lgan e’tiborni ona Vatanga ehtirom va sadoqat ekanligiga urg‘u berilgan. “Men Vatanda emasman, Vatan mening ichimda”, “Sunbulni Laylo ochibtur...”, “Ilohiy ne’mat”, “Davlat tili va harbiy atamalar”, “Saraton chekinadi” kabi maqolalarda inson va jamiyat muammolari, egilib, bukilib sinmagan haqiqat, olam va odam, jadidlar nafasi aks etgan. 

Adolat”da e’lon qilingan “Hamjihatlik nafasi”, “Quvonishni ham bilmaysan, qayg‘urishni ham...”, “Erta aniqla – hayotni saqla”: ayollarda onkologik kasalliklarning oldini olishga qaratilgan aksiya o‘tkazilmoqda”, “Tarixni uyg‘otgan arxeolog”, “Umrboqiy qadriyat” kabi maqolalarda o‘zgarayotgan inson va jamiyat, tarix va taraqqiyot, izlanish va yuksalish onlari aks etgan. Kamol Muhammad Yoqubning “Millat ko‘zgusiga g‘ubor tushirmaylik, shuningdek, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Jasur Rizayevning “Ajdodlardan meros buyuk boylik” kabi maqolalarida Ona tilimiz – O‘zbek tiliga ehtirom ruhi aks etgan. O‘zbekiston Qahramoni, atoqli shoir Abdulla Oripovning quyidagi satrlari o‘quvchining qalbida  aks-sado berib turadi:

Ming yillarkim, bulbul kalomi

O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.

Ammo sho‘rlik to‘tining holi

O‘zgalarga taqlid hamisha.

 

Ona tilim, sen borsan, shaksiz

Bulbul kuyin she’rga solaman.

Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,

Men ham to‘ti bo‘lib qolaman...

 

Bugungi gazetalarni o‘qing.

A.Narzulloyev, O‘zA