Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
10:07 / 2025-07-29

-

“Yangi O‘zbekiston” “Madaniyat, san’at va hunarmandchilik –  xalqimizning ulkan ma’naviy merosi”, “Yangi loyihalar va yangicha ishlash Andijon viloyatidagi islohotlar natijadorligini ta’minlaydi” nomli sahifalar bilan boshlanadi. Ularda davlat rahbarining madaniyat va san’a’t sohasida boshqaruvni takomillashtirish, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishuvi, shuningdek, davlat rahbariga Andijon viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar yuzasidan berilgan axborotlar haqida so‘z boradi. “Mustaqillik – erkimiz, qadr-qimmatimiz asosi, umrimiz mazmuni”, “Farovon turmush, oilalarga to‘kinlik ulashish sharafi”, “Mintaqaviy xavfsizlik paradigmasi”, “30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni” kabi maqolalarda mustaqillik bergan ne’matlar, islohotlar mevasi, o‘zbekning o‘zga xos taraqqiyot yo‘li, do‘stlik, birodarlik, bag‘rikenglik, tez sur’atlarda o‘zgarib borayotgan bugungi inson va jamiyat manzaralarini ko‘rasiz. 

“Xalq so‘zi”da ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan ikki tadbir – taqdimot haqida sharhlar berilgan. “Faxr” ruknida berilgan “Yozgi universiada o‘yinlarida tarixiy natija” sahifasi xushxabar o‘laroq o‘quvchini quvontiradi.  Unda 16-27 iyul kunlari Germaniyaning Reyn-Rur mintaqasidagi Boxum, Duysburg, Essen, Myulxaym-an-der-Rur, Xagen va Berlin shaharlarida yuqori saviyada o‘tkazilgan butunjahon yozgi universiada o‘yinlari mamlakatimiz sport delegatsiyasi uchun tarixiy natija bilan yakunlagani haqida xabar beriladi. O‘zbekistonliklar musobaqaga yakuniga ko‘ra 4 ta oltin, 4 ta kumush, 7 ta bronza – jami 15 ta medalni qo‘lga kiritdi, deb yozadi muallif. “Fakt va raqamlar” ruknida berilgan sahifadagi ma’lumotlar ham kishi e’tiborini tortadi. O‘zbekistonda 2025 yilning birinchi yarmida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi mahsulot (xizmat)lari hajmi 194,9 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,0 foiz oshgani qayd qilingan. Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra ushbu davrda dehqonchilik, chorvachilik va ovchilikda hamda ushbu sohalarda ko‘rsatilgan xizmatlar 188,8 trln. so‘mga, o‘rmon xo‘jaligida 4,7 trln. so‘mga, baliqchilikda 1,2 trln.so‘mga yetgan. Tahlillarga qaraganda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmining ko‘paygani agrar sohada barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlanishida muhim omil bo‘lmoqda. Ya’ni barcha toifadagi xo‘jaliklarda mahsulot yetishtirish hajmi ko‘payib, jumladan, baliq mahsulotlari 9,4 foiz, poliz hosili – 8,3, tuxum – 8,2, uzum – 78,8, meva – 6,6, don mahsulotlari 4,5 foizga oshgan. 

“Ishonch”da “Tinchlik va totuvlik tarannumi” nomli katta sahifa e’lon qilingan. Unda Toshkent shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan qardosh davlatlar kasaba uyushmalari vakillari ishtirokida “Do‘stlik” festivali  o‘tkazilish haqida so‘z boradi. “Bugun kimgadir yaxshilik qildimmi?”, “Musor” moshina nega kelmayapti? Chiqindi tashishdagi muammolar yechimi haqida”, “Qo‘shrabot qachon qizil chiziq toifadan chiqadi?”, “Hayotda tirik, hujjatda o‘lik odamlar”, “Tibbiy savodsizlik – ko‘rinmas xastalik” kabi maqolalardagi og‘riqlar qalbga yetib boradi. Mulohaza, mushohadalarga e’tibor bilan qaraysiz, beparvolik illat ekanini anglaysiz.

Bugungi gazetalarni o‘qing.

A.Narzulloyev, O‘zA