-
“Yangi O‘zbekiston”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy investitsiyalar kengashining navbatdagi majlisi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, davlat rahbarining 21 iyul kuni neft-gaz sohasida xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan ishlar hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishgani to‘g‘risida sharh e’lon qilingan. “Raqamli texnologiyalar milliy bozori. Unda xotin-qizlarning o‘rni qanday?”, “Maqsadimiz buyuk va qat’iy, shashtimiz baland, natijalar ham shunga yarasha”, “Hech kim o‘z holiga tashlab qo‘yilgani yo‘q!”, “Gigant zavodning beqiyos quvvati”, “Yuksak cho‘qqilar sari olg‘a”, “Shijoat va iroda bor bo‘lsa, zafar ham yor bo‘lgay” kabi maqola, sahifalarda islohotlar, taraqqiyot odimlari, inson qadri, bugungi jamiyat, vatan va unga chin farzandlik tuyg‘ulari aks etgan.
“Xalq so‘zi”da ham davlat rahbari ishtiroki bilan bog‘liq muhim tadbir – taqdimot, O‘zbekiston Resupublikasi Prezidentining “Xorijiy investitsiyalar kengashining navbatdagi majlisi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan. “Yurtimiz ravnaqi uchun har birimiz mas’ulmiz” sahifasida so‘z mamlakatimiz mustaqilligining 3 yilligini munosib kutib olish haqida boradi. “Ta’lim sohasidagi xizmatlar hajmi 8,9 foiz o‘sdi” sahifasida keltirligan fakt va raqamlar e’tiborni tortadi: Mamlakatimizda 2025 yilning yanvar-may oylarida ta’lim sohasidagi xizmatlar hajmi 14,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bozor xizmatlari umumiy hajmining 4 foiziga tengdir. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, ta’lim sohasidagi xizmatlar hajmi 2024y yilning mos davridagiga qiyoslaganda, 8,9 foiz o‘sishga erishilgan. Bu turdagi xizmatlarning umumiy hajmida oliy ta’limning ulushi ustunlik qilmoqda, ya’ni 49,2 foizni tashkil etmoqda, deyiladi. Taniqli jurnalist Abdunabi Aliqulovningsh “Tirbandlikni yo‘qotish tartib-intizom va qo‘shimcha qulaylik demak” tahliliy maqolasini, albatta, o‘qing. – Tan olish kerak, aksariyat hollarda odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish uchun yaratilgan avtomobilni bepisandlik bilan boshqarish fojiaga olib kelmoqda. Ayniqsa, yirik shaharlardagi holat juda tashvishli. Yo‘lo‘tkazgich ustidami, katta yo‘ldami avariya sodir bo‘lsa, shitkastlangan texnikalar egasi kim aybdorligini aniqlab, ko‘chani bo‘shatguncha yo‘lning qatnov qismi keskin torayadi. Ming afsuski, bunday holat poytaxtning eng gavjum ko‘chalarida tez-tez takrorlanmoqda, deb yozadi muallif va jamoat transporti bilan bog‘liq islohotlar, ko‘kka sovurilayotgan vaqt, pullik yo‘llar va avtoturargohlar, esdan chiqayotgan “Avtomobilmiz kun” va yana ko‘plab masalalar nega o‘z yechimini topmayotganiga o‘quvchi e’tiborini qaratadi. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Agar sendan tonar bo‘lsam...”, “Jaziramaning hovuri qachon bosiladi?” kabi maqolalar ham o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi.
“Ishonch”da ham o‘quvchi e’tiborini tortadigan bir qator maqola, sahifalar e’lon qilingan. Ayniqsa, “Bolalar poliklinikalari qayta tiklanadimi?” nomli maqolada bugungi kunning ”og‘riq”li muammosi tahlil qilingan. Maqolani o‘qib, xorazmlik muallif Ilmira Yusupovaning fikrlari, takliflari jo‘yali va dolzarb ekanligiga amin bo‘lasiz. – Ilgarilari har bir hududda bolalar poliklinikasi bo‘lardi. Tuman ko‘ptarmoqli markaziy poliklinikalarining bolalar bo‘limlari negizida o‘sha poliklinikalarni qayti tiklash, ularda statsionar xizmatlarni ham yo‘lga qo‘yish lozim, deb yozadi maqola muallifi. Ha, oxirgi yillarda yurtimizda onalik va bolalikni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Va ayni yo‘nalishda salmoqli natijalarga erishilmoqda. Shunga qaramay, sohada yechimini kutayotgan masalalar ko‘p. Ayniqsa, ekologik muhit, aholi sonining ortib borishi, urbanizatsiya, turmush tarzining o‘zgarishi va boshqa qator omillar tufayli bolalar orasida kasallanish ko‘rsatkichlari tobora ortib borayotgani bor gap. Bolalar tibbiyotini keskin rivojlantirish zarur. “Iskandarova nega ishda bo‘lmagandi?”, “Yana kelib ishlashni istasang, “dekretniy”dan voz kechasan!” kabi ixcham maqolalarda nohaqlikni va egilib, bukilib sinmagan haqiqatni ko‘rasiz. “Mardikor bozorlarining egasi kim?”, “Oilalar baxti – jamiyat baxti”, “Zangizur logistika va siyosat chorrahasida”, “Abdiragan “alloma”lar” kabi maqolalarda ko‘tarilgan masalalar, mulohaza, mushohadalar sizni ham bahsga chorlaydi.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA