-
“Yangi O‘zbekiston” ning bugungi soni rang-barang. O‘quvchi e’tiborini tortadigan, muhim mavzular yoritilgan, tahlil qilingan maqolalar bor. “Ishonchga asoslangan sarmoya. Investorlar nima uchun yurtimizga intilmoqda?” maqolasi shular jumlasidan. – So‘nggi yetti yil ichida mamlakatimizga 120 milliard dollarlik investitsiya jalb qilinib, olti mingdan ziyod korxona tashkil etildi. Xususan, 2024 yilda investitsiyalar hajmi 35 milliard, eksport hajmi esa 27 milliard dollarga yetdi, deb yozadi maqola muallifi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bosh mutaxassisi Mels Ochilov. Albatta, o‘qing. “Davr o‘zgardi: import emas, eksport qilamiz” sahifasida yurtimiz janubidagi o‘zgarishlar, sanoatlashayotgan Surxondaryoning bugungi qiyofasini ko‘rasiz.
– Surxondaryoning shahru qishloqlarida eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan tarmoqlar barpo etilmoqda. Natijada ichki bozor talabi to‘liq ta’minlanib, aholi ehtiyojidan otgan mahsulotlar xorij bozoriga chiqarilmoqda. Masalan, erkin iqtisodiy zonadagi bitta yirik biznes sub’ekti yiliga 17 million dollarlik importni o‘rnini bosadigan qurilish jihozlari ishlab chiqardi. Shu bilan birga, beshta davlatga 4 million dollarlik 4,5 ming tonna tayyor mahsulot mahsulot eksport qilinadi, deb yozadi muallif. Davlat va xalq birligi, soddalashtirilgan savdo – O‘zbekistonning yangi raqabat ustunligi, milliy san’atimiz uchun hayotbaxsh hujjat masalalari aks etgan maqolalarni o‘qiganingizda jamiyatning bugungi manzaralari, o‘zgarishlar, islohotlar va zamon bilan yuzma-yuz kelasiz.
“Xalq so‘zi”da bir qator yaxshi maqolalar e’lon qilingan. “Inkor etib bo‘lmas haqiqatlar” maqolasida mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan tashkil etiladigan tadbirlar “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” kabi hayotbaxsh g‘oya shiori ostida o‘tishi qanchalar zarur va haqqoniyligi ochib, tahlil qilib berilgan. “Qadriyatlarimizni yuksaltirayotgan ulug‘ ne’mat” sahifasi yuqoridagi maqolaning mantiqiy davomidek o‘qiladi.
– Mustaqillik bizga o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash huquqini berdi. Ammo bu huquq nafaqat rivojlanishi, balki mas’uliyatni ham talab qiladi. Jamiyatimizdagi har bir millat va elat, har bir din vakili o‘zini shu Vatanning to‘laqonli a’zosi sifatida his etmog‘i – istiqlolning eng katta g‘alabasi. Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori bu ne’matga bo‘lgan chuqur ehtiromning, mustahkam tarixiy saboqlarning va yangi yuksalishlarga intilishning yana bir yaqqol ifodasi bo‘ldi, deydi muallif, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmahamatova. “Qutlug‘ qadamning hayotbaxsh ziyosi”, “Deputatlar farmatsevtika faoliyatini takomillashtirishga oid takliflarni eshitdi”, “Yangi O‘zbekiston islohotlari”, “Vorislarga qaytayotgan meros” kabi maqola, sahifalarda amalga oshirilayotgan islohotlar – dori-darmon muammolariga yechim, madaniy merosga vorisiylik hissi o‘z aksini topgan.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
O‘zA