Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
11:58 / 2025-07-17

_

“Yangi O‘zbekiston”da bir qator tahliliy, o‘quvchi e’tiborini tortadigan maqolalar e’lon qilingan. “Biz tanlagan yo‘l” ruknida berilgan “Ishsizlarga hunar o‘rgatish rizq yo‘lini ochish demakdir” maqolasi shular jumlasidan.  – Mahallalarda hokim yordamchisi, mahalla bankiri lavozimi ta’sis etildi. Ishsizlar va kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ishli qilish, tadbirkorlikka jalb etish maqsadida subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratilyapti. Natijada O‘zbekistonda mehnatga layoqatli aholi o‘rtasida ishsizlik darajasi 2020 yildagi 10,5 foizdan 2025 yilning birinchi choragida 5,4foizga tushdi, deb yozadi maqola muallifi. ”Shonli tarix, buyuk zotlarning munosib vorislarimiz”, “Mustaqillik – ota-bobolar orzusi, kelajak avlodlar iftixori, millat qalbidagi ulug‘ tuyg‘u”, “Inson huquqlari – oliy qadriyat”, “Tezlik emas, qonun ustuvor bo‘lsin” kabi sahifa, maqolalarda yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar, yangi davr nafasini his qilib turasiz. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodim Muhtarama Ulug‘ovaning “Nomuhimda oqayotgan muhimlar” nomli katta maqolasini, albatta, o‘qing. Unda milliy o‘zlik, ma’naviyat, axloq, tarbiya haqida so‘z boradi.

“Xalq so‘zi”da ham bugungi kunning muhim masalalari tahlili bilan bog‘liq  yaxshi maqolalar berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Abdusaid Ko‘chimovning “Tabarruk tashriflarning totli mevalari” maqolasi, ayniqsa, e’tiborli. Maqolada Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan katta o‘zgarishlar, davlat rahbarining hududga e’tibori fakt, raqamlar orqali ochib berilgan, tahlil qilingan. – Har tashrifdan so‘ng hech nima yo‘q joylarda azamat korxonalar qad ko‘tarayotgani, chaqirtikan, ajriq bosgan yerlar gullarga ko‘milib borayotgani, yuz-yuzlab oilalar uyli-joyli bo‘layotgani-yu, qayerga bosh urishini bilmay yurgan minglab yoshlarning ish bilan ta’minlanganini hisoblab ko‘rsangiz, Prezident tashriflarining mazmun-mohiyatini yanada teranroq his qilasiz, deb yozadi muallif. “O‘zaro ishonchga asoslangan muhim tashabbuslar”, “Maqsad – davlat ishtirokini qisqartirish hisobiga xususiy sektorni rivojlantirish”, “Foydalanuvchilar uchun qulay imkoniyatlar” kabi maqolalarda joylardagi hayot, amalga oshirilayotgan islohotlar, inson va tabiat, xususiy mulkni rivojlantirish mas’uliyati, hissi aks etgan.

“Ishonch”ning bugungi soni  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, senator Abdusaid Ko‘chimovning “Tabarruk tashriflarning totli mevalari” nomli katta tahliliy maqolasi bilan boshlanadi. Ushbu maqola “Xalq so‘zi” gazetasining bugungi sonida ham bosilganini aytdik. “Bepisandlik oqibati”, “Kechaning tinchini buzayotganlar”, “Bolalar tilanchiligi: chorasizlikmi yoki xudbinlik?”, “Suv balosidan asrasin” kabi maqolalarda egilib, bukilib sinmagan haqiqat, bugungi hayot, turmush kemtiklari, ogohlikka da’vat aks etgan.

“Jamiyat” – bugungi jamiyat tashvishlari, muammolari bilan nafas oladi. “Barqaror rivojlanish yo‘lida yana bir muhim qadam”, “Axborot to‘foni –  inson miyasiga yuklama”, “Inson qadrini yuksaltirishda muhim yondashuv”, “O‘zbekistonning pragmatik siyosati: muvozanat qanday ushlab turilibdi?”,  “Yangilangan iqlim majburiyatlari loyihasi”, “Ong ostidagi birinchi poydevor”, “Korrupsiya – jamiyat taraqqiyotiga xatar” kabi maqolalarda ochiq va samimiy mulohazalar, olam va odam, inson qadri va jamiyat hayoti aks etgan. Jomboy tumanidagi 1-son politexnikumi direktori Dilshod Nurmatovning “200 marta o‘qilgan kitob” maqolasini esa, albatta, o‘qing. Unda kitob, kitobxonlik, kitobning inson hayotida tutajak o‘rni haqida ibratli misollar bor.  – A.Pushkin duelda yaralanib, vafot etar chog‘ida unga “do‘stlaringiz bilan vidolashing” deyishadi. Pushkin xonaning bir burchagidagi kitob javoniga termulib, “xayr, mening do‘stlarim”, deya jon bergan ekan, degan qiziq ma’lumotlar keltiriladi.

“XXI ASR” da ham bir talay dolzarb maqolalar e’lon qilingan. Tinib-tinchimas hamkasbimiz, ustoz jurnalist Ro‘zimboy Hasanning “Sholi kurmaksiz bo‘lmas edi, ammo suvsiz ham bo‘lar ekan...” maqolasini o‘qing. Sholichilikdagi yutuqlar – tajriba va amaliyot uyg‘unligi haqida so‘z boradi maqolada. “Endi birinchi bo‘lish yengil kechmaydi”, “Asal yeyish osn, lekin...”, “Mahalla – hayot ko‘prigi”, “XXI asr tuzog‘i yoxud zamonaviy firibgarlik qurbonlari” kabi maqolalarda o‘zgarishlar, bugungi kun ruhi aks etgan. Taniqli adabiyotshunos Musulmon Namozning “Go‘zallikni ko‘rishga o‘rganmasak, nuqul kamchilik topaveramiz” maqolasidagi tahlil hayot haqiqatlari o‘laroq ko‘nglingizdan joy oladi.

Bugungi gazetalarni o‘qing.

A.Narzulloyev, O‘zA