-
“Yangi O‘zbekiston” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘uliston davlatiga davlat tashrifini keng yoritgan. Ta’kidlash o‘rinliki, bu tashrif mazmun-mohiyati bilan tarixiy voqea bo‘ldi. Sababi, ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida birinchi marta O‘zbekiston rahbari Ulan-Batorga davlat tashrifi bilan bordi. Safar tafsilotlarini o‘qing. “Bugundan rozi, ertasidan xotirjam yashash saodati”, “Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy ijtimoiy salohiyati yoxud 2025 yildagi o‘zgarishlar ko‘lamiga nigoh”, “Oqsaroy”da orzuimga erishdim”, “Aholi manfaatlari sari ochilgan “raqamli” eshik”, “Bag‘rikenglik, inson qadri va birdamlik ruhi” kabi maqolalarda bugungi hayot, taraqqiyot odimlari, O‘zbekiston va uning istiqbollari haqida so‘z boradi.
“Xalq so‘zi”da ham davlatimiz rahbarining Mo‘g‘ulistonga qilgan davlat tashrifi tafsilotlari keng yoritilgan. “O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda” nomli katta sahifa ana shu istiqbolli uchrashuvlar haqida. “Hayotimizga daxldor masalalarning huquqiy asosi”, “O‘zbekiston vakili – IHTning mustaqil doimiy komissiyasi a’zosi”, “Xalq va davlat o‘rtasida muloqot ko‘prigi yanada mustahkamlanadi”, “Obod manzilga aylanayotgan “Zulfiqor”, “Iqlim va suv muammosiga panja ortidan qarashga haqqimiz yo‘q” kabi maqolalarda katta dunyoga integratsiyalashayotgan O‘zbekiston va yangilanayotgan zamon ruhi aks etgan.
“Milliy tiklanish”da yaxshi, tahliliy maqolalar bor. “Ishchi guruh tomonidan aniqlangan muammolar qog‘ozlarda qolib ketmaydi, endi ularning yechimiga oid takliflar doimiy tarzda Prezidentga kiritiladi!” sahifasini, albatta, o‘qing. Unda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qoldirov boshchiligidagi ishchi guruh hududlarda bo‘lib, 79 ta ob’ektda, xususan, 17 ta mahallada o‘rganishlar olib bordi. Ularda 40 ta uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazilib, jami 1117 nafar fuqaro ishtirok etgani, muloqotlarda fuqarolar tomonidan 48 ta muammoli masala ko‘tarilgani qayd qilingan. “Mahallaga kelganda ko‘pgina qonunlar ishlamayapti”, “Cho‘llanish – oft”, “Erta nikohlar yana muhokamalar markazida”, “Mo‘g‘uliston – Yangi O‘zbekistonning uzoqdagi yaqini yoki qadim yo‘llardagi yangi hamkorlik”, “Bugungi ziyolilarning yuragi jadidlarniki kabi og‘rimapyapti” kabi maqolalarni o‘qirkansiz, bugungi hayot manzaralari ko‘z o‘ngingizda namoyon bo‘la boshlaydi...
“Oʻzbekiston ovozi”da e’lon qilingan maqolalar mavzular rang-barangligi bilan ajralib turadi. “Biz kelajakni kutmaymiz, uni o‘zimiz yaratamiz!”, Tarixiy o‘zgarishlar qarshisida yoxud favvora yonidagi gurung”, “Hayot bilan hamnafas bo‘lmagan qonunlar uzoq yashamaydi”, “Rejada bor, amalda-chi?”, “O‘lchamlarga sig‘magan odam”, “Yoz chillasining sinoatlari” kabi sahifa, maqolalarni zo‘r qiziqish bilan o‘qiysiz. Ulardan bugungi kunning aks-sadosi eshitilib turadi.
“Ma`rifat” – ziyolilarning, ta’lim-tarbiyaga befarq bo‘lmagan barcha ustoz, murabbiylarning minbari. Geografiya fanlari doktori, professor Bahodir Kamolovning “Pedagogika bo‘yicha dissertatsiyalar ko‘p, siljish yo‘q” nomli maqolasi qiziq, albatta, o‘qing. “Texnologiya o‘qituvchining raqibi emas”, “O‘zbekiston – Fransiya: endi jajji bolajonlar ham fransuz tilida gaplasha oladi”, “Kitob o‘qishga rag‘batni qanday oshiramiz?”, “Institutimiz xitoyshunoslikda muhim ilmiy markazga aylanmoqda” “Sun’iy intellekt an’anaviy ta’limdan afzalmi?”, “Ma’naviy immunitet – farzand tarbiyasining kuchli qalqoni” kabi o‘nlab maqolalarda ta’lim-tarbiya, bu boradagi ba’zi muammo va qusurlar haqida so‘z boradi.
Bugungi gazetalarni o‘qing...
O‘zA