-
“Yangi O‘zbekiston”ning bugungi soni 16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor tafsilotlariga bag‘ishlangan “Aholining dardu tashvishlarini eshitish bo‘yicha yangi tizim natijadorlikni ta’minlaydi” sahifasi, Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti to‘g‘risidagi sharh bilan boshlanadi. Shuningdek, gazeta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi ikkinchi sammitda ishtirok etish uchun 17 iyun kuni amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘lishi to‘g‘risida ham xabar beradi. “Islohotlar mevasi: Urgutda ildiz otgan orzular va mehnat samarasi”, “Yangi O‘zbekistonning investitsiyasi siyosati”, “Madaniy va ma’rifiy rishtalarning tarixiy asoslari qo‘r olmoqda”, “Vatan mard o‘g‘lonlarini unutmaydi” nomli maqolalar, taniqli shoir Axtamqulining Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tog‘larida xalqaro terrorchi jangari to‘dalarga qarshi harakatlarda qahramonlarcha halok bo‘lgan, “Jasorat” medali sohibi Qahramon Madalimov xotirasiga bag‘ishlangan “Qahramonim bolam”, “Men tinchlikning quchog‘ida yashayapman” she’rlarida bugungi hayot manzaralari, inson va jamiyat uyg‘unligi, ma’rifat va millat fidoyilari siyratiga chizgilarni ko‘rasiz.
“Xalq so‘zi”da ham davlat rahbari raisligida o‘tgan videoselektor tafsilotlari, Toshkent shahrida rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimotiga bag‘ishlangan sharh, shuningdek, davlat rahbarining “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi ikkinchi sammitda ishtirok etish uchun 17 iyun kuni amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘lishi to‘g‘risida xabar berilgan. Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovning “Tinchlikni tanish” maqolasida urushlar, qurbonlar, qonlar, ziddiyatlar, tahlika va tahdidlar, tajovuzlar qarshisidagi o‘ylar, mushohadalar aks etgan. Maqola “Notinch dunyo uzra yana bir tong otdi. Lekin bu tong kimgadir kulfat, boshqa birovga ayriliq, yo‘qotish, alam va iztirob olib keldi. Bugungi jahonda maqsadsiz urushlar tufayli mislsiz g‘am-qayg‘ular, faryodlar, nolalar ovozi kelib turibdi” jumlalari bilan boshlanadi. Davomini, albatta, o‘qing. “Vazifalar fidoyilikni talab qiladi”, “17 iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni”, “O‘zbekiston investorlarni chorlamoqda”, “Ichki bozor ehtiyoji qondirilmasa, eksportga yo‘l yo‘q”, “Usmonjon ota yaratgan mo‘’jiza”, “Mahallada “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi qachon boshlanadi?” kabi sahifa, maqolalarda bugungi O‘zbekiston, islohotlar istiqboliga ko‘z tikkan yangi davr odamlari, bozorlarimiz farovonligini ta’minlashga qaratilgan ezgu da’vatlar haqida so‘z boradi.
“Ishonch” Bahor Xolbekovaning “Sayhun bo‘yidagi so‘lim “Sirdaryo” nomli sahifasi bilan boshlanadi. Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan bunyod etilgan ”Sirdaryo” oromgohida qulay shart-sharoitlarga egaligi, bolalarning sevimli dam olish maskaniga aylanganiga guvoh bo‘lasiz. Jamshid Ergashevning “Chiqindi poligonlari” maqolasida dolzarb mavzu tahlil qilingan. Bugun rivojlangan talay davlatlarda chiqindilardan unumli foydalaniladi. Xorij tajribasida ularning 85 foizini qayta ishlash mumkinligi isbotlangan. Xo‘sh, bizda-chi? Umuman, O‘zbekistonda necha foiz maishiy chiqindi qayta ishlanadi? Maqolani, albatta, o‘qing. Ushbu savollarga javob topasiz. “Baxtning siri sabrda” maqolasida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan bir oila haqida so‘z boradi. Taniqli siyosiy sharhlovchi Jahongir Nahanovning “Qafasdan chiqib ketgan sher yoxud Yaqin Sharqda yangi beqarorlik davri boshlandimi?” sahifasi Isroil – Eron qarama-qarshiligi, qolaversa, bu yirik mojaroning mintaqa hayoti, siyosatiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida so‘z boradi.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
O‘zA