Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
09:50 / 2025-06-10

-

“Yangi O‘zbekiston”da e’lon qilingan O‘zbekiston – Slovakiya: ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab bergan oliy darajadagi muloqotlar” sahifasida Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitsoning rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgani, 9 iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oliy martabali mehmonni samimiy kutib olgani va ikki mamlakat o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgani haqida so‘z boradi. Shuningdek, gazetada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan BRIKS Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef, AQSH yetakchi kompaniyalari delegatsiyalari bilan uchrashuvlari haqida sharh hamda Bolgariya Respublikasi Prezidenti Remen Radevning 9 inyun kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelganligi to‘g‘risidagi xabar e’lon qilingan. “O‘zbekistonning “Tashrif qog‘oiz”i IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi ish boshladi”, “Millat fidoyilari” –  fidoyilik mohiyatini anglash maydoni”, “Tadbirkorlik va sanoat tarmoqlari rivoji”, “Yangi elektron platforma. Unda daraxt qayerda ekilayotgani, mablag‘ qanday sarflanayotgani ma’lumoti aks etadi”, “Yoshlarni bilimga chorlash”, “Yuksak texnologiyali, mehr-oqibatli jamiyat barpo etish siri nimada?” kabi maqola, sahifalarda islohotlar, inson qadri, bugungi jamiyat, vatan va unga chin farzandlik tuyg‘ulari aks etgan.

“Xalq so‘zi”da ham davlat rahbari ishtiroki bilan bog‘liq muhim tadbir, muloqot va uchrashuvlar keng yoritilgan. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning yurtimiz futbolchilarining tarixiy g‘alabasiga bag‘ishlangan “Matonat maydonida” nomli iftixornomasi dillarda aks-sado beradi:

Bu g‘alaba tegishlidir tarixlar, asrlarga,

Ham bugungi avlodlar, ham kelajak nasllarga.

Bir millatning uch ming yillik shashti unda mujassam,

Bu g‘alaba muhtashamdir, bu G‘alaba – muazzam.

 

Yetti yoshdan yetmishgacha – ko‘rdi bor yoshu qari,

O‘n sakkiz milyonli el bir bo‘lib ko‘rdi bari.

Oybaldoqli kelinchaklar, qizg‘aldoqlar ko‘rdilar,

Beshiklarda ming-ming uyg‘oq chaqaloqlar ko‘rdilar.

 

Amirliklar diyorida o‘zbeklarning bayrami,

Ming yillarga qurbonlikdir bu bayramning har dami.

Shunday oliy lahzalarda xalq qudratga aylangay,

O‘ttiz sakkiz millyon yurak bir millatga aylangay. 

 

Ona xalqim, bor kechmishing – sinov, imtihonlaring:

Egatlarda qolib ketdi ne-ne chempionlaring.

Men futbolchi bo‘lolmadim, vaqt bo‘ldi hakamim,

Futbolkamda qolib ketdi o‘n birinchi raqamim.

 

Bu G‘alaba osmonlardan shunday tushib kelmadi,

Elning orzu-armonlari, zahmati bu, mehnati.

Xayr, Abu Dabi, xush qol! Senga ham “Gud bay”, Dubay!

Ona yurtim, tuprog‘ingga sajda aylab bir o‘pay!..

She’ning davomini, albatta, o‘qing...

“Ishonch”da ham o‘quvchi e’tiborini tortadigan bir qator maqola, sahifalar e’lon qilingan. Gazeta O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toirning ”Futbolda shon topdi O‘zbegim” she’ri-faxriyasi bilan boshlanadi. Unda shunday satrlar bor:

Futbol – bu o‘zbekning azobi edi,

Jigarin qon qilgan kabobi edi,

Kim uchun u maydon xarobi edi,

Kun keldi, fikriga tavba qildilar,

Bizni bilmaganlar endi bildilar.

“Jahon miqyosidagi jamoa” sahifasi ham futbolchilarimiz erishgan tarixiy yutuqqa bag‘ishlanadi. “Bu – shunchaki oddiy xabar yoki shunchaki oddiy yutuq emas! Bu – o‘zbek futboli va butun millatning olamshumul yutug‘i! Bu – butun yurtning g‘alabasi, butun xalqning tantanasi” deb yozadi muallif. “Qonunga bo‘ysunmaslik badali”, “Bolam yomon yo‘lga yurmasin”, desangiz, uni sportga bering!”, “Mevani qayta ishlash sanoati: xohish yo‘qmi yoki uquv?”, “Huquqiy eksperiment sudgacha adolatni tiklay oladi(mi?)”, “Repetitorga talab yuqori yoxud maktab ta’limi nega yetarli emas?” kabi maqolalarda ko‘tarilgan masalalar, mulohaza, mushohadalar sizni ham bahsga chorlaydi.

Bugungi gazetalarni o‘qing.

O‘zA