-
“Yangi O‘zbekiston”ning bugungi sonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 31 yanvar kuni poytaxtimizdagi Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ygani, “Lukoyl” kompaniyasi asoschisi Vagit Alekperovni qabul qilgani, shuningdek, tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishi tafsilotlariga bag‘ishlangan sahifa e’lon qilingan. Gazetada berilgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari” sahifasi e’tiborli. Unda hududlarning obod, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarining ortib borayotgani haqida so‘z boradi. “Xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnimiz yaxshilanmoqda”, “Hayotdan rozi bo‘lib yashash saodati”, “Sug‘orishda Xorazm tajribasi”, “Professional kadrlar tayyorlash sifatli qabuldan boshlanadi”, “Dezinformatsiya yoxud tanlab o‘tish zarurati”, “Zamonamiz ziyolilari nega zamonaviy emas?” kabi maqolalarda yangilanayotgan jamiyat manzaralari va yangi davr nafasini his qilasiz.
“Xalq so‘zi”da ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtiroki bilan bog‘liq tadbir, uchrashuvlarga keng e’tibor berilgan. “Buyuk o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi” sahifasi e’tiborni tortadi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishgani, bu dargoh nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi bo‘lishi zarurligini ta’kidlagani xususida so‘z boradi. Muallif, taniqli shoir O‘tkir Rahmat maqolaga ushbu she’riy satrlar ila nuqta qo‘yadi:
O‘zlikni o‘ylagan vijdonlar uyg‘oq,
Qaddini ko‘tarib borar nomus-or.
Yurt esa oboddir, el-ulus quvnoq,
Intilmoq davridir, boshqasi bekor!
Ammo chekinmoq yo‘q. Chekinmoq nadir,
Chumchuqdan qo‘rqqanlar tariq ekarmi?
Shijoat baxsh etsa qanoat sabr,
Asli sher bo‘lganlar bo‘yin egarmi?
Qiyoski, ota bor uyda farog‘at,
Egali har yerning bahori bordir.
Bu yurtga jon tikkan fidolar faqat,
Ertani nurafshon etmoqqa qodir!
“Jadid”ning bugungi sonida o‘qishga arzigulik materiallar bir talay. Ulug‘bek Ibodinovning sun’iy intellekt bilan qilgan “Men kim, sun’iy intellekt...” nomli suhbati qiziq, o‘qing. “Kurrai qutlug‘ni asramoq kerak!”, “Kelajak yoshlar qo‘lida. Yoshlar-chi?”, “O‘lmas asarlar yozgan baxtli adib”, “Gugurt narxiga teng qadr”, “Alisherbek hovuzidan suv ichgan olim”, “51-raqamli mahbus”, “O‘zingga o‘xsha, qizim!” kabi maqolalarda inson va jamiyat muammolari, egilib, bukilib sinmagan haqiqat, olam va odam, jadidlar nafasi aks etgan.
“Adolat”da e’lon qilingan “Yoshlar salomatligiga e’tibor qaratish kerak emasmi?” maqolasidagi mulohazalar kishini o‘yga toldiradi. “Qiz bola, albatta, o‘qishi kerak”, “Alisher Navoiyning 584 yilligi”, “Adolat – har bir inson uchun!”, “Yuzma-yuz muloqotlar” kabi maqolalarda o‘zgarayotgan inson va jamiyat manzaralari aks etgan.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
O‘zA