-
“Yangi O‘zbekiston”da ”Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda mahalliylashtirish, investitsiya va eksportini ko‘paytirish muhim” nomli sahifa e’lon qilingan. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 22 oktyabr kuni mahlliylashtirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilish tafsilotlari aks etgan. Gazeta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-24 oktyabr kunlari BRIKS birlashmasi davlatlarining sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lishi haqida xabar beradi. “O‘ttiz besh yillik o‘zlik maqomi” maqolasi tilimizga davlat tili maqomi berilgan kun, bizni yagona xalq sifatida birlashtirib kelayotgan o‘zbek tili, uning buguni, ertasi haqida. “O‘zbekiston va Qozog‘iston savdo aylanmasi yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkaziladi” nomli maqola, ayniqsa e’tiborli, o‘qing. “Korrupsiyaga oid jinoyatchilik kamaymoqda”, “To‘qson kunda tovoqda”, “O‘z ovozingda hayqir, tilim!” kabi maqola va sahifalardagi mushohadalar, dil so‘zlari va shukronalik tuyg‘ulari o‘quvchi qalbidan joy oladi.
“Xalq so‘zi” ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-24 oktyabr kunlari BRIKS birlashmasi davlatlarining sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lishi haqida xabar beradi. “O‘zbekiston – BRIKS: yangi ishlab chiqarish va savdo-logistika zanjirlarini yaratishga qaratilgan hamkorlik”, “Qonun kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim”, “Inson qadri va aholi manfaatlarini ta’minlash – faoliyatimizning bosh mezoni”, “Saylov huquqi va mas’uliyat” kabi maqolalar o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi. ”Davlat tili barcha fuqarolarni yagona oila sifatida birlashtiradi” sahifasi O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlanadi. AQSHlik investor Eulogio KRESPINning ushbu so‘zlari uzoq yillar shu yurtda yashab, non-tuzini yeb bir kalima ham o‘zbekchani bilmaydigan kimsalarga ibrat: “Mamlakatingizga kelganimga bir yildan oshdi, hozirda o‘zbekchani yaxshi tushunaman va bemalol gaplasha olaman. Ochig‘i, yurtingizga ilk kelganimda tilni bilmasamda bu yerning odamlari samimiyligi, mehmondo‘st va ochiqko‘ngilligini his qilganman. Ish faoliyatimni yanada yaxshilash, biznes hamkorlarim va do‘stlarim bilan bemalol muloqot qila olishim uchun, albatta, o‘zbek tilini yaxshi bilishim talab etilardi. Keyinchalik bu istak qat’iy talabga aylandi, bugun esa mana qarshingizda talaffuzim boshqacha bo‘lishiga qaramay ravon gapirib turibman...”
“Hyrriyat”ning bugungi sonida o‘quvchi e’tiborida bo‘ladigan bir qator yaxshi maqolalar e’lon qilingan. Xitoy va Markaziy Osiyoni o‘rganish markazi direktori Syaotun Chjanning yurtimiz haqidagi ushbu so‘zlariga e’tibor bering: “O‘zbekiston ochiqlik va so‘z erkinligi borasida taraqqiyotga erishgani borasida o‘z qutlovlarimni bildiraman. Men O‘zbekistonning bu boradagi erishgan yutuqlaridan hayratdaman. Hech qaysi hukumat uchun jadal taraqqiyotga erishish oson emas. Chunki biz juda ko‘plab qiyinchiliklar va pandemiya, davlatlararo ixtiloflar kabi global muammolarga duch kelmoqdamiz. Ana shunday tobora murakkablashib borayotgan global muammolar davrida O‘zbekiston qanday qilib shu darajada ravnaq topayotganidan hayratdaman...”. Ustoz shoir O‘tkir Rahmat “Bu bog‘ ichra...” nomli she’ri ila yuraklarga xitob qiladi:
Qadimiy tuproqda qadimiy ildiz,
Vujudi chirmashib ketgandir yerga.
Ayrilmas bir umr kechayu kunduz,
Yillarni uzatib yashaydi birga...
Bu boqqa ko‘z tashlab shodlandim behad,
Yelkasin yelkaga tutib turardi.
Bu joyda yashamoq ruhi bor faqat,
Ezgulik yel kabi kezib yurardi...
“Zo‘ravonlik chegara tanlamaydi”, “U biz uchun hamisha tirikday... yoki ko‘pchilikka “Jo‘ra!” yoki “Otaginam!” deb murojaat qilgan taniqli jurnalist Qurbon Eshmatni eslab...”, “Men kimman?” kabi maqolalar, Yangiboy Qo‘chqorovning “Maxtumquli Firog‘iy” doston-monologidan parcha, Ochil Xudoyberdiyevning “So‘nggi pushaymon” hikoyasini mazza qilib o‘qiysiz.
“Ma`rifat” – ziyolilarning, ta’lim-tarbiyaga befarq bo‘lmagan barcha ustoz, murabbiylarning minbari. Gazetaning bugungi soni to‘liq o‘zbek tiliga, uning yutuqlari, muammolar, yechimlargia qaratilgan. “Ona tilini asrash o‘z qo‘limizda”, “O‘zbek me’yoriy lug‘atchiligi yoki lug‘at qonunchiligi muammolariga doir”, “O‘zbegim, tilingdagi xotirani o‘ldirmagil!”, “Millatimiz nomini to‘g‘ri yoza olasizmi?”, “Davlat tili maqomini mustahkamlash omillari” kabi o‘nlab maqolalarda o‘zbek tili, uning jamiyatdagi o‘rni, ba’zi muammo va qusurlar haqida so‘z boradi.
“Oʻzbekiston ovozi”ning bugungi sonida qizg‘in pallaga kirgan saylov jarayonlariga keng o‘rin berilgan. “Har bir mahallada faol targ‘ibot”, “Ochiq muloqot maydoni”, “Nomzodlarga ovoz bering!” sahifalari shular jumlasidan. “Ko‘chmas mulk bozorida vaziyat qanday?” maqolasidagi ushbu raqamlar o‘quvchi uchun qiziq: “Markaziy bankning 2024 yil I yarim yillik uchun moliyaviy barqarorlik sharhida ma’lum qilinishicha, mamlakatimizda uy-joy narxi yuqoriligicha qolmoqda. Ko‘chmas mulk bozorida narxlar ish haqiga nisbatan 1,8 baravar tezroq o‘smoqda va bu kelajakda narxlarning pasayishi xavfidan dalolat beradi, deb hisoblaydi regulyator”. Maqolani, albatta, o‘qing. “Aholining qarz yuki darajasi aniqlandi”, “Til bilib, sirlashing dunyolar bilan” kabi maqolalarda jamiyatning bugungi manzaralari aks etgan.
“Yoshlar ovozi” – yoshlar minbari. Gazeta “Ochiq muloqot. Yoshlar xohishi va istaklari o‘rganildi” sahifasi bilan boshlanadi. “Migratsiya bo‘yicha “Xo‘jaqishloq” tajribasi”, “Xato biznesni sindiradi”, “Ona tilini bilish ish haqining oshishiga olib keladi”, “Yoshlar saylovda”, “Siz saylovda ishtirok etasizmi?”, “Farzandingizni asrang!”, “Erga yer kerak!” kabi maqolalarda yoshlarning yutuq va muammolari, jamiyat hayoti aks etgan....
Bugungi gazetalarni o‘qing...
O‘zA