Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
10:00 / 2024-07-25

-

“Yangi O‘zbekiston”da “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi” nomli  sahifa e’lon qilingan. Unda 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qator chet el davlatlari rahbarlari bilan telefon orqali muloqoti, davlatimiz rahbarining tug‘ilgan kuni munosabati bilan yo‘llangan tabriklar, tilaklar  va Prezident Shavkat Mirziyoyevning samimiy minnatdorlik dil so‘zlari o‘rin olgan. “Ijtimoiy qarzdorlik hissi: uning mohiyati nimada?”, “Ozodlik bayrami navqiron yoshda”, “Yashil” energetikani zaxiralash mumkinmi?”, “Qayg‘udan so‘nggi quvonch – farzandlarim ham, nevaralarim ham o‘qituvchi bo‘ladi”, “Endi qishlog‘imizda vertolyot qo‘nadi! – Farg‘ona turizmidagi yangi qadamlar” kabi maqolalarda tez sur’atlarda o‘zgarib borayotgan bugungi jamiyat manzaralari aks etgan.

“Xalq so‘zi”da ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 24 iyul kuni bir qator xorijiy davlatlar rahbarlari bilan telefon orqali muloqoti, davlatimiz rahbariga yo‘llangan tabriklar, tilaklar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy minnatdorlik bildirgan dil so‘zlari aks etgan. “Turkiy davlatlar tashkiloti – tinchlik, hamjihatlik va mushtarak maqsadlar platformasi”, “O‘zini o‘zi band qilish: natija, muammo va yechim”, “Oqlanmagan ishonch yoxud erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lishning davri o‘tdi” kabi maqolalarda inson va jamiyat, islohotlar sari dadil qadam tashlayotgan yurtdoshlarimiz qiyofasi aks etgan.

“Ishonch” – “Mening Prezidentim!” sahifasi bilan boshlanadi. Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning ushbu nomli kitobidan shunday iqtibos keltiriladi: “Men bugungacha Prezident faoliyatiga oid o‘nlab maqolalar yozdim. Biroq ularning har biriga nuqta qo‘yganimda, uning faoliyatining yana bir necha muhim jihatlari nazardan chetda qolib ketganini anglayman. Bu tabiiy! Zotan, bugun u boshchiligida kechayotgan jarayonlar kuzatuvchiyu tahlilchilardan xuddi uning o‘zidek harakatda doimiy bardavomlikni, tinimsiz izlanishni, ishlashni talab etadi”... “Hammasi oldinda yoxud ishonchni mustahkamlagan mag‘lubiyat”, “Jadidchilik fenomeni va Abdulla Avloniy”, “Maqsadimiz – “Yashil makon”, ammo...” kabi maqolalarda muhim mavzular tahlil qilingan.

“XXI ASR”da mazza qilib o‘qiladigan maqolalar bir talay. Farrux Jabborovning “Bobolar izidan... Oltoyga” nomli maqolasi ana shular jumlasidan. Farruxning ushbu safariga beixtiyor siz ham qo‘shilib ketasiz. Qozoq elidagi uchrashuvlardan yayraysiz, “Qozog‘istondan Rossiya Federatsiyasi sarhadlariga o‘tdig-u, ammo... erkinlik, taraqqiyot, sog‘lom munosabat chegaradan narida qolib ketgandek edi. O‘zbekistonda o‘ziga xos mavqe-martabaga ega bo‘lgan, Qozog‘istonda o‘zgacha hurmat-izzat ko‘rgan ziyoli safdoshlarimiz – Bobolar izidan...” ilmiy-ijodiy ekspeditsiya a’zolari go‘yoki birdaniga  mehnat muhojiriga aylanib qoldi” degan joylarga kelganda dilingiz og‘riydi. Ushbu safarnoma va taniqli olim Rahmon Qo‘chqorning “Aliqul aka yaratgan bog‘” maqolasini, albatta, o‘qing.

“Mahalla” bugungi mahalalarimiz, jamiyatimiz hayotini o‘zida aks ettiradigan ko‘zgu. “Har bir mahalla jinoyatchilikdan xoli hududga aylanishi zarur” sahifasi e’tiborli. “Hunari bor, intiluvchan, bilimli odam hamma joyda qadrlanadi”, “Qiziquvchilar ko‘p, ammo sport maydoni yo‘q”, “Barcha illatlarning urchishi – bekorchilikdan”, “Yetakchi qanday mezonlar bilan baholanadi?”, “Uyda o‘tirganlar ham daromad topishyapti” kabi maqolalarda mahallalarimizdagi hayot, yutuq va muammolar aks etgan.

“Qishloq hayoti”da “O‘zagrolizing: xalqaro moliya bozoriga chiqishdagi yutuqlar nimalarda ko‘rinadi?” nomli maqola, qishloq xo‘jaligi ekinlari parvarishiga bag‘ishlangan konferensiya, hayotini ilmga bag‘ishlagan paxtazorlar malikasi, murojaatlar, cho‘milish qoidalari, suvdan unumli foydalanish, mehr yo‘lagida yurgan odam haqidagi bitiklar, maqolalarda bugungi qishloq hayoti, qishloq odamlari haqida so‘z boradi.

Bugungi gazetalarni o‘qing.

O‘zA