French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun: gazetalarni varaqlaganda...
12:15 / 2024-07-10

“Yangi O‘zbekiston”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 9 iyul kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungbo, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) raisi Tadashi Maeda boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani to‘g‘risidagi xabar, geologiya sohasidagi ishlar va investitsiya loyihalari ijrosi bilan tanishgani xususida sharh berilgan.

“Turkiy mushtaraklik”, “O‘zbekiston va SHHT: O‘zaro manfaatli, istiqbolli yo‘nalishlar”, “Murakkab to‘qqiz bosqichli jarayondan voz kechildi”, “Kiberxavdan kibrsiz himoyalanish kerak” kabi maqolalarda bugungi kunning muhim masalalari tahlil qilingan. “Suyak yemirilishi kasalligi nega yosharib borayapti? Bemor darddan to‘liq xalos bo‘lishi mumkinmi?” nomli suhbatni, albatta, o‘qing. Gazeta muxbiri Risolat Madiyevaning Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Muhiddin Qodirov bilan suhbati  anashu dolzarb mavzuga bag‘ishlanadi.

“Xalq so‘zi”da ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 9 iyul kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungbo, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) raisi Tadashi Maeda boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani to‘g‘risidagi xabar, geologiya sohasidagi ishlar va investitsiya loyihalari ijrosi bilan tanishgani xususida sharh e’lon qilingan. “Ijtimoiy adolat tamoyilalari – ustuvor”, “Qonunlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga moslashtirilmoqda”, “Xotin-qizlar iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlar e’tirofi”, “Mahalliy kengashlar deputatlari faollashdi, ammo...”, “Butunjahon yoshlar festivali: hayratlar, taassurotlar harorati hamon susaygani yo‘q...”, “Ishonch – ham rag‘bat, ham  mas’uliyat” kabi maqolalarda kunning muhim yangiliklari, jamiyatning bugungi manzaralari aks etgan.

“Hyrriyat”ning bugungi sonida o‘quvchi e’tiborida bo‘ladigan bir qator yaxshi maqolalar e’lon qilingan. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muhtarama Ulug‘ovaning “Aravaning quruq olib qochmaylik”, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Anvarjon Abduvaliyevning “Ona yurtning oltin ovozi”, texnik fanlari nomzodi Farhod Rahimovning “Qalbi daryo inson” maqolalarida inson va jamiyat, bugungi o‘zgarishlar aks etgan. “Qassobga jon qayg‘usi...” maqolasi ushbu satrlar ila boshlanadi: “Ekologik vaziyat o‘zgaruvchan bo‘lib turgan hozirgi davrda odam umrini uzaytirish, uning sog‘lig‘i haqida g‘amxo‘rlik qilish tobora jiddiy ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada ba’zi joylarda hukm surayotgan ayrim holatlar esa bizda hali-hanuz ekologik madaniyat yetishmayotganligini ko‘rsatadi va beixtiyor “Qassobga mol qayg‘usi, echkiga jon qayg‘usi” degan mashhur maqolni yodga soladi...”. Maqloni, albatta o‘qib chiqing. Nodar Dumbadzening “Qondoshlik” hikoyasi ruhga quvvat beradi.

“Ma`rifat” – ziyolilarning, ta’lim-tarbiyaga befarq bo‘lmagan barcha ustoz, murabbiylarning minbari. “Texnologiya fani tarkibida robototexnika kerak(mi?)”, “Ta’lim rivoji: jadidlar tajribasi uchun dasturilamal bo‘lsa...”, “Oliy ta’lim islohotlari: yutuqlar va muammolar”, “Mutaxassislar malakasini oshirishda xorijiy tajribalarning ahamiyati”, “Qoidani yodlashga emas, yaratishga o‘rgatamiz”, “Taraqqiyot va tanazzul chegarasi – 2 yoxud o‘xshamagan tajriba”, “Intellektual salohiyatli, qat’iy pozitsiyaga ega yoshlar – tayanchimiz”, “Munosib vorislar tarbiyalaylik” kabi o‘nlab maqolalarda ta’lim-tarbiya, komillik sari yo‘l, bu yo‘ldagi ba’zi muammo va qusurlar haqida so‘z boradi.

“Milliy tiklanish”da ham o‘quvchi e’tiborini o‘ziga tortadigan qiziqarli maqolalarga duch kelasiz. “Mahalla – milliy qadriyatlar beshigi” maqolasida “Prezidentimizning g‘oya va tashabbuslari, tizimda amalga oshirilayotgan tub islohotlar tufayli mahalla fuqarolar manfaatini namoyon qiluvchi vakolatli jamoat uyushmasiga aylandi” deb yozadi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev. “Nihoyat, monopol tizimga barham berilyapti”, “Koreya tajribasi: Ulardan o‘rgansak bo‘larkan!”, “Bong urish bilan ish bitmayapti”, “Otmay qolgan tong”, “Mangu satrlar” kabi maqolalar hamda Abdulhamid Cho‘lponning o‘tlug‘ she’rlari ko‘ngillarda aks-sado berib turadi...

“Oʻzbekiston ovozi”da bir qator yaxshi maqolalar e’lon qilingan. “O‘limga sabab bo‘lish ehtiyotsizlik emas” maqolasida keltirilgan quyidagi raqamlar kishini hushyor torttiradi: “Mamlakatimizda 2023 yilda yo‘l harakati bilan bog‘liq jami 16 milliondan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan. Sodir etilgan 9 ming 839 ta YTH oqibatida 9 ming 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 ming 282 nafar kishi halok bo‘lgan. Bolalar bilan bog‘liq 1 ming 794 ta YTH tufayli 1 ming 568 nafar o‘g‘il-qiz jarohatlangan, 263 nafar bola esa hayotdan ko‘z yumgan”. “Viza tayyorlab beraman...”, “Elektron retseptga o‘tish aholiga qanday naf beradi?”, “Iztirob ichidagi ayol” kabi maqolalar ham gazetxonni befarq qoldirmaydi.

“Yoshlar ovozi” – yoshlar minbari. “Yana bir tarixiy g‘alaba”, “Shaxmatdagi muhim yurish”, “Xitoyda vatandoshlar bilan uchrashuv”, “Bir liderning o‘n yutug‘i”, “O‘qishni ko‘chirish”, “Aholiga e’tiroz bor”, “O‘zbekcha kredit-modul”, “Turkistondan maktub: “Hech bir yosh og‘ir kunda tashlab qo‘yilmaydi” kabi maqolalarda yoshlar va jamiyat hayoti aks etgan....

Bugungi gazetalarni o‘qing...

                                                                                                     O‘zA