-
“Yangi O‘zbekiston”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 20 iyun kuni poytaxtimizning Olmazor tumanidagi “Inno” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparki faoliyati bilan tanishgani, muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish masalalari yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishi tafsilotlariga bag‘ishlangan “Muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash masalalarini hal qilish har qachongidan ham muhim” sahifasi berilgan. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi – bosh direktori Quvondiq Sanaqulovning “Yangi zamon muhandislarini tayyorlash sanoat tarmoqlari uchun zaruratga aylanmoqda” maqolasi davlat rahbarining vedeoselektorda aytgan fikrlariga munosabat o‘laroq yangraydi. “Ishbilarmonlik tafakkur ozig‘i yoki tadbirkorlar bilan o‘tgan yilgi uchrashuvda ko‘tarilgan masalalar amaliyotga qanchalik tatbiq etildi?” sahifasini, albatta, o‘qing. “Farg‘onaning o‘zgacha timsoli yaratilmoqda”, “Fikrat olamiga kitob orqali yo‘l”, “Arundo donaks Orol dengizi muammosiga yechim bo‘la oladimi?”, “Ko‘ngil Hajga otlanganda...” kabi maqolalar o‘quvchi ruhiga begona bo‘lmagan masalalar tahliliga bag‘ishlangani bilan e’tiborli.
“Xalq so‘zi”da ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 20 iyun kuni poytaxtimizning Olmazor tumanidagi “Inno” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparki faoliyati bilan tanishib, muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish masalalari yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishi tafsilotlariga bag‘ishlangan “Muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash masalalarini hal qilish har qachongidan ham muhim” sahifasi e’lon qilingan. “JST bosh direktori Ngozi OKONJO-IVEALA: Muzokaralar jarayonini jadallashtirishda O‘zbekiston Prezidentining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishdagi shaxsiy sadoqati muhim rol o‘ynadi” suhbatidagi e’tirofi kishini quvontiradi. “Jiddiy tahlillarga asoslangan takliflar”, “Uzoq istiqbolga mo‘ljallangan loyihalar”, “Egalik huquqi e’tirof etiladi”, “Inson kapitali – bebaho resurs”, “Tog‘lar chorlaydi” kabi maqolalarda inson va jamiyat, rejalar, amalga oshayotgan orzular tahlili aks etgan.
“Jadid”ning bugungi soni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Ashurning “Men vatanimni, xalqimni sevaman!” sahifasi bilan boshlanadi. Unda poytaxtimizdagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan 1-sonli “Muruvvat” internat uyi, bu yerdagi shart-sharoitlar, tarbiyalanuvchilar va ushbu “Muruvvat” uyining faxri, “Ezgu niyat” kitobi muallifi, yosh ijodkor Hasan Asrayev bilan muallifning samimiy suhbatiga guvoh bo‘lasiz. “Taraqqiy”dan “Jadid”gacha”, “Dabdaba va dahmaza”, “Toza ma’rifat suvi”, “Magar chinor bo‘lsang, chinordek yasha...”, “Buyuk yolg‘izlik”, “Jadidlik: til, imlo va alifbo” kabi maqolalar orqali tarix va bugungi kun haqiqatlari bilan yuzma-yuz kelasiz. “Jadid”ni o‘qing...
“Adolat”da bir qancha e’tiborli maqolalar e’lon qilingan. “Oromgohlar uchun kitob kerak emasmi?” maqolasi shular jumlasidan. Maqolada shunday achchiq so‘zlarga duch kelasiz: “Eng achinarli holat shuki, uchala dam olish oromgohining axborot-resurs markazlarida eski va yaroqsiz kitoblar borligi aniqlandi. Shuncha yillardan buyon bolalarimiz ushbu oromgohlarga nafaqat dam olish, balki ma’naviy ozuqa olishlari uchun sharoit yaratilmagan, ya’ni hech bir tashkilot yoki homiy tomonidan kitob taqdim etilmagan ekan!”... “Pabji o‘yini – “qotillik” ka tayyorlash maktabi...(mi?!”), “Kim aybdor? Tomosha kutayotgan bolalarmi yoki?!” kabi maqolalarda ko‘tarilgan muammolar hammamizni birdek tashvishlantirishi turgan gap. Ularda ko‘tarilayotgan og‘riqlar o‘quvchini yon-atrofda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmaslikka undaydi.
“Vatanparvar” – yoshlar qalbiga xitob qilguvchi, Yurt, Vatanni sevishga chorlovchi gazeta. Gazeta “O‘zbekiston harbiy aviatsiya institutida ilk bitiruv” nomli sahifasi bilan boshlanadi. “Sharafga musharraf o‘g‘lonlar chegarachi bo‘lsa...”, “Farg‘onaning zamonaviy tulporlari”, “Turon malikalari tarixiy asarlarda”. “Berlin”dan “Oqqo‘rg‘on”gacha qanday tarix bor?”, “Yelkamizda qamchi izi”, “Yaxshi so‘zning qudrati”, “Jadidlar faoliyatining asosiy g‘oyasi” kabi maqolalar zamirida Vatanga muhabbat tuyg‘ulari ustuvorligiga guvoh bo‘lasiz.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
O‘zA