_
“Yangi O‘zbekiston”da “Dunyo” axborot agentligi muxbirining Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol bilan katta intervyusi berilgan. “O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi ko‘plab umumiy tarixiy va madaniy xususiyatlarga ega. Men hamisha mamlakatingizga safar qilishni orzu qilganman. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylaridan ushbu tashrifga taklif olish men uchun katta sharafdir” deya boshlagan suhbatni Yun Sok Yol janoblari. Albatta, o‘qing. “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotga tayyorgarlik boshlandi” sahifasida Prezident va tadbirkorlarning Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tadigan bu yilgi muloqotiga tayyorgarlik haqida so‘z boradi. “Dilbog‘ – tarixiy g‘alabalarga zamin yaratuvchi maskan”, “Hammaga bir xil sharoit – Jahon savdo tashkilotining asosiy talablaridan biri”, ”Yoshlar daftari” hisobot uchun tashkil etilmagan”, “Biz qanchalik o‘zgardik?”, “Oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich” kabi maqolalarda tez sur’atlarda o‘zgarib borayotgan zamon, inson va jamiyat manzaralari aks etgan.
“Xalq so‘zi” “O‘zbekiston va Koreya: siyosiy shartlardan xoli hamkorlik” sahifasi bilan boshlanadi. “Munosabatlarimiz tenglik, do‘stlik, hamjihatlik tamoyillari asosida qurilgan” sahifasi ham o‘zbek-koreys xalqlari do‘stligiga bag‘ishlanadi. “Elchi Yuy Szyun: Xitoy va O‘zbekiston milliy madaniyatni targ‘ib qilishni qo‘llab-quvvatlaydi hamda sivilizatsiyalararo almashinuvni faol rivojlantiradi” nomli suhbat, “Xalqlarimizni bir-biriga yaqinlashtiradigan anjuman”, “Qonun ijodkorligi va ta’sirchan parlament nazorati”, “Kirish imtihonlaridagi “Avval test, so‘ng tanlov” tartibi qanday ishlaydi?”, “Bolalikning baxtli onlari”, “Murojaatdan – daromadga” loyihasi doirasida 115 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi” kabi maqolalarda islohotlar mevasi, inson va jamiyat, joylardagi yangiliklar aks etgan.
“Ishonch”da “Dunyo” axborot agentligi muxbirining Koreya Respublikasi Prezidenti Yuk Sok Yol bilan intervyuyusi e’lon qilingan. “Ishonch” muxbiri Abror Zohidovning “Axborot vakuumi va tizimsizlik tendensiyasi. Buni “Hisorak” voqeasi yana bir bor isbotladi” maqolasida axborot kundalik hayotda nechog‘lik muhim rol o‘ynashi mumkinligi “ogohlik qo‘ng‘irog‘i” bo‘lib yangraydi. “Hisorak” suv ombori bilan bog‘liq tashvishli xabarlar, shukrki, tasdig‘ini topmadi: biror hududni suv bosmadi, hech kim jabrlanmadi. Ammo holat bunday vaziyatlarda aniq tizimning yo‘qligi, biror amaldor javobgarlikni zimmasiga ololmasligi va eng muhimi, zarur axborot tanqisligi yuzaga kelishini ko‘rsatdi. Yana, ming afsuski, oxir-oqibat vahimaning oldini olganlar emas, saromsimaga tushganlar aybdor qilindi...” deya boshlanadi maqola... Gazeta muxbiri Jahongir Nahanovning “Afg‘oniston Markaziy Osiyoning uzviy bo‘lagiga aylanadimi?” Yoxud Tolibon harakatining terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqishi xususida o‘ylar” nomli maqolasi ham chuqur tahlilga asoslangani bilan e’tiborli, albatta, o‘qing. Yozuvchi Nazar Eshonqulning “Fikri navqiron tanqidchi” maqolasi taniqli adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldosh tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlanadi.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
O‘zA