Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
10:04 / 2024-04-23

“Yangi O‘zbekiston”ning bugungi sonida  bir necha tahliliy maqolalar e’lon qilingan. “Nega asfalt emas, sement-beton yo‘llar quriladi?” nomli maqola ko‘pchilikni birdek qiziqtirishi shubhasiz. Taniqli jurnalist Abdurauf Qorjovov sement-beton yo‘llarning afzalligi haqida shunday yozadi: “Andijon viloyatida chekka mahallalardagi 23 kilometr yo‘lga beton yotqizildi. Hisob-kitoblarga qaraganda, asfaltdan voz kechilgani evaziga 600 million so‘m iqtisod qilindi va 350 ming dollarlik bitum importi uchun mablag‘ tejab qolindi. Yana bir jihati, ushbu klaster o‘zi qurgan yangi sement-beton qoplamali yo‘llarni 10-yil davomida kafolatli saqlashni zimmasiga olgan...”. Maqolani to‘liq o‘qisangiz, beton yo‘llarning asfalt yo‘llardan farqi nimada ekanligini bilib olasiz. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning “Prezident qarorlari – hayotda va amalda” ruknida berilgan “Samarali ijro tizimi hayotbaxsh qonun hujjatlarining xalqchil kuchini oshirmoqda” maqolasi bilan tanishganda ko‘z o‘ngingizda Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami gavdalanadi. “Jamiyatga “Brilliant” qizlar kerak yoxud maktab o‘quv poligonida bir kun”, “Kitob – g‘oya, kitobxonlik barqaror kelajak” kabi maqolalar, “Ko‘p qavatli uylar devoridagi rasmlar. Ularni qanday va kimga chizdirish mumkin?” nomli suhbatda yangi O‘zbekiston manzaralari, islohotlar samarasi, inson va jamiyat, taraqqiyot uyg‘unligi aks etgan.

“Xalq so‘zi”da ham o‘quvchi e’tiborini tortadigan bir qator muhim maqolalar, sahifalar berilgan. “Biz 37 000 000 ga yetdik” nomli sarlavhaning o‘zidan ko‘nglingiz tog‘dek ko‘tariladi. Unda “2024-yilning 22-apreli kuni O‘zbekistonda yana bir tarixiy voqeaga guvoh bo‘ldik. Shu kuni jonajon Vatanimiz aholisi roppa-rosa 37 millionga yetdi” deyiladi. “Manfaatli aloqalar va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari”, “Qardoshlik munosabatlarida tarixiy davr” maqolalari O‘zbekiston va Tojikiston davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlanadi. “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish holati qay darajada?”, “Yer – xazina, mulk, Vatan!”, “Mehr bog‘ining muatttar chechaklari” kabi maqolalarda o‘zgarayotgan jamiyat, inson va hayot, yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik ruhi ustuvor. 

“Ishonch”da e’lon qilingan maqolalar odatdagidek mavzular rang-barangligi bilan e’tiborli. “O‘zbekiston aholisi 2024-yil 22-aprel sanasiga ko‘ra, 37 million nafarga yetdi” sahifasi, ayniqsa, har bir vatandoshimiz uchun yaxshi bir xushxabar, mujda bo‘lib yangraydi. “Biz nega seriallarni sevamiz?”,  “Qalbaki dorilar. Ularni aslidan qanday farqlash mumkin?” kabi maqolalarda ko‘tarilgan mulohaza, mushohadalar dolzarbligi bilan o‘quvchini befarq qoldirmaydi.  “Elga xizmat qilishni oliy baxt deb bilgan ayol” maqolasida hayotiy haqiqat, ibrat bor. Taniqli jurnalist, sharhlovchi Abror Xonning “Daraxt to‘nkasi”, maxsus vagon va boshqalar...” sahifasida dunyo josuslari hayotidan g‘aroyib hikoyalar berilgan.

Bugungi gazetalarni o‘qing.

O‘zA