Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
13:01 / 2024-04-02

_

“Yangi O‘zbekiston” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 1-aprel kuni  Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani to‘g‘risida xabar beradi. “Bugunning gapi” ruknida berilgan “Dehqon tafakkuridagi evrilishlar” sahifasida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatini yanada oshirish masalalari tahlil qilinadi. U shunday boshlanadi: “Bu yil ko‘klam seryog‘in keldi. Diyorimizda ketma-ket kuzatilayotgan obirahmat yomg‘irlari yil yaxshi kelishidan darak bermoqda. Qadimiy udumlarimizga binoan, mirishkor dehqon-u fermerlar, bog‘bon-u sohibkorlar yangi mehnat mavsumini ezgu niyat va yuksak maqsadlar bilan boshlamoqda”. Maqolani o‘qib, muallif fikrlariga qo‘shilasiz va yilimiz xayrli kelsin, deysiz. “Yoshlar turizmi. Bu yo‘nalish qanday rivojlanyapti?”,  “Xotin-qizlarning yo‘qlar kishisi bor”, “Fuqarolarga tadbirkorlik ruhini uyg‘otish kambag‘allikni qisqartirishda muhim omil” kabi maqolalarda ko‘tarilgan masalalar jiddiyligi bilan ajralib turadi. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botirjon Ergashevning “O‘rik gullaganda...”, taniqli jurnalist, “Do‘stlik” ordeni sohibi  Shoqahhor Salimovning “Oldingizdan og‘gan suvning qadrini biling” maqolalarida yurtimizga tashrif buyurgan ko‘klam nafasi va o‘zgacha qiyofa kasb etib borayotgan yurtimiz ko‘rki, uni sevish, qadriga yetish haqida so‘z boradi.

“Xalq so‘zi”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 1-aprel kuni  Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani to‘g‘risida xabar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik birinchi yalpi majlisi to‘g‘risida Axborot e’lon qilingan. 2-aprel – Xalqaro bolalar kitobi kuni” ruknida berilgan “Kitobxon avlod ezgulik va bunyodkorlikka xizmat qiladi” maqolasi e’tiborli. Undagi ushbu so‘zlar  yoshlarni ham, kattalarni ham birdek quvontiradi: “Prezidentimiz tashabbusi bilan Respublika bolalar kutubxonasi qariyb 150-yillik tarixiy binosining o‘ziga xosligi saqlab qolingan holda qayta ta’mirlanib, yana kitobsevarlar uchun ochilgani navqiron avlod kamoloti yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi...”. “Qonunlar chuqur tahlildan o‘tkazildi”, “Aholi huquq va manfaatlarining amaliy ifodasi”, “Bahor simfoniyasi”, “Arxeologik izlanishlarga sun’iy intellekt tatbiq etilmoqda”, “Qadrini topmayotgan go‘zallik...” kabi maqola va sahifalarda inson qadri va jamiyat, yutuqlar va hal qilinishini kutayotgan ba’zi muammolar aks etgan.

Bugungi gazetalarni o‘qing.

O‘zA