—
“Yangi O‘zbekiston”da “Hududlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar borligi qayd etildi” nomli sahifa e’lon qilingan. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 28-mart kuni Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon – Uyg‘ur avtonom rayoni Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani, suhbatda ikki do‘st davlatlar o‘rtasida hududlararo hamkorlikni kuchaytirish muhimligiga e’tibor qaratilgani to‘g‘risida so‘z boradi. Shuningdek, gazetada shu kuni davlat rahbarining maktab ta’limini rivojlantirish va sifatini oshirishga oid taqdimot bilan tanishganiga oid sharh ham e’lon qilingan. ”Tayanch nuqtasi”, “Kurashmoq – o‘zini yengmoq”, ”Aholini ro‘yxatga olish shunchaki statistika emas”, ”Yashil” energetika taraqqiyot yo‘li mash’ali”, “Shahar piyodalarniki bo‘lishi kerak” kabi maqolar muhim masalalar tahliliga bag‘ishlangani bilan o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi.
“Xalq so‘zi”da ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 28-mart kuni Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon – Uyg‘ur avtonom rayoni Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani, shu kuni davlat rahbarining maktab ta’limini rivojlantirish va sifatini oshirishga oid taqdimot bilan tanishganiga oid sharh, shuningdek, Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisni chaqirish yuzasidan qarori e’lon qilingan. “Turkiy dunyo jipsligining yana bir yorqin ifodasi”, “Ertangi kunga ishonch va mas’ullik hissi”, “Taraqqiyotga yetaklovchi istiqbolli loyihalar” kabi maqolalarda hamkorlik, o‘zaro do‘stlik rishtalari, islohotlar manzarasi aks etgan. “Tabiat beparvolikni kechirmaydi. Suvni tejash va isrof qilmaslik madaniyatini o‘rganaylik” maqolasida kishini hushyorlikka chorlaydigan shunday ma’lumotlarga duch kelamiz: “Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 20-yil ichida sayyoramizda aholi jon boshiga chuchuk suv zaxiralari 20 foizdan ziyod qisqargan. Dunyo aholisining taxminan uchdan bir qismi, ya’ni qariyb 2,3 milliard kishi suv yetishmasligi kuzatilayotgan mamlakatlarda yashaydi. Obihayot taqchilligidan aziyat chekayotgan mamlakatlarda bu ne’mat nafaqt qishloq xo‘jaligi, balki shaxsiy ehtiyojlar uchun ham yetmaydi...”. Maqolani, albatta, o‘qing...
“Jadid”ning bugungi soni O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning ”Ab-u Rayhon Beruniy” romani qardosh Turkiyada nashr qilingani haqidagi xushxabar bilan boshlanadi. “Men insonning ko‘nglini, orzu-armonlarini chizaman” nomli suhbatda Badiiy akademiya raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nurning hayot va ijod yo‘li, jamiyatning og‘riqli nuqtalari haqidagi fikrlari bilan tanishasiz. “Sahrodagi bog‘bon”, “Bir roman sabog‘i”, “Ismaloq”, “Kutubxona – kutish xonasimi?”, “Bizni qiynayotgan savollar”, “Nafs yetovidagi odam”, “Kurashxona qo‘zg‘oloni”, “O‘zbek kuylarini qanday saqlash mumkin?” kabi maqolalari orqaali. “Jadid” o‘z o‘quvchilarni o‘zlikni anglashga da’vat qiladi.
“Adolat”da e’lon qilingan “Buyuk maqsadlar ro‘yyobi va ezgu tilaklar ijobati” sahifasi e’tiborli. Unda ko‘z o‘ngimizda o‘zgarib borayotgan yangi O‘zbekiston yangiliklari aks etgan. “Aholi xavfsizligi ta’minlanadi”, “Bobolardan qolgan yurt”, “Kitoblar tafakkur kemalaridir”, “Oltmish yil avval qurilgan maktab bugungi kun talabiga javob beradimi?” kabi maqolalarda ko‘tarilgan masalalar o‘quvchini befarq qoldirmaydi. “Aliment to‘lamay yurgan... ona” nomli maqolaning sarlavhasiyoq kishini o‘yga toldiradi. Odatda aliment qarzdorligi haqida gap ketganda sobiq rafiqasiga zarda qilib, farzandini moddiy ta’minlashdan bosh tortib yurgan, bu bilan uning xunobini oshirayotgan erkak ko‘z oldimizda gavdalanadi. Ammo ba’zan qarzdor ayol kishi ham bo‘lishi mumkin ekan. Maqolani, o‘qing, gap nima haqidaligini bilib olasiz.
“Vatanparvar” – yoshlar qalbiga xitob qiladi, Yurt, Vatanni sevishga o‘rgatadi. Gazeta “Shaxsni jamiyatga bog‘lovchi vosita” sahifasi bilan boshlanadi. “Bir yil xizmat, bir umrlik sadoqat”, “Temur qo‘shinlarida jangovar ruh va musiqa”, “Mening otam – “jadid”, “Shodiqul Hamroning “Hovlidagi daraxt”i”, “Psixika va ong taraqqiyoti”, “O‘qitish mas’uliyat, uqtirish majburiyat”, “Amir Temurning 313 sarkardasi”, “Qo‘l telefoni yaxshimi yoki kitob?” kabi maqolalarda o‘zlikni anglash, yurt qadri, Vatanga muhabbat tuyg‘ulari ustuvorligiga guvoh bo‘lasiz.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
O‘zA