English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
12:47 / 2024-01-19

_

“Yangi O‘zbekiston”da  18 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan 2024 yilda investitsiya, eksport va sanoat sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi tafsilotlariga keng o‘rin berilgan. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatmiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish maqsadi belgilangan. Bunga faqat ichki bozor bilan erishib bo‘lmaydi, asosiysi – xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish va eksportni ko‘paytirish zarur. Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda ushbu sohalardagi ishlar holati, mutasaddilar faoliyati va qilinishi zarur bo‘lgan vazifalar tahlilini ko‘rasiz. “Tomdagi inoyob qurilma. U odamlarga qanchalik naf keltiryapti?” sahifasini o‘qing, juda qiziq. Ushbu sahifada hamkasbimiz Iroda Toshmatova quyosh panellari, ulardan foydalanayotgan xonadonlar bundan qanchalar naf ko‘rayotgani xususida jonli lavhalarni sizga ilingan. “Kreativ iqtisodiyot yoki g‘oyani pulga aylantirish tashabbusi”, “Barcha illatlarning doyasi – loqaydlik”, “Har yili 500 million so‘m tejaladi” kabi maqolalarda bugungi inson va jamiyat, taraqqiyot pillapoyalari haqida so‘z boradi. Filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovning “Tilda, fikrda, ishda birlik” maqolasi buyuk jadid – Mahmudxo‘ja Behbudiy hayot yo‘liga bag‘ishlanadi.

“Xalq so‘zi”da ham 18 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan 2024 yilda investitsiya, eksport va sanoat sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishiga oid sharh berilgan. “Senat kengashida” ruknida berilgan “Navbatdagi yalpi majlisda dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi” maqolasi e’tiborni tortadi. Xo‘sh, bugun  bo‘lib o‘tadigan Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida qaysi masalalar ko‘rib chiqiladi? Maqolani o‘qib, savolga javob topasiz. ”Ma’naviy immunitet nima va u qanday shakllantiriladi?”, “Yangi O‘zbekistonning bebaho boyligi”, “Aloqalarimiz startegik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan”, “Musaffo havo qadri”, “Jo‘mrakda suv bor, ammo...”, “Samarqand hikoyasi” ming yillik tarixdan so‘zlaydi” kabi maqola, sahifalarda ma’naviy kuch, ekologiya va tashqi olam sari integratsiyalashayotgan O‘zbekiston haqida so‘z boradi. 

Adolat”da e’lon qilingan “Tashabbuslar bardavom bo‘ladi” maqolasi e’tiborli. “Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga yengillik yaratiladi”, “Adolat”ni qadrlaydigan shifokorlar”, “Ishchi guruh kamchiliklarni aniqladi”, “Deputat murojaatlarga yechim topdi”  kabi partiya hayotiga oid sahifalar, shuningdek, jurnalist Abdumutallib O‘ktamovning “Davriy bosma nashrlar axborot xavfsizligi sohasida muhim ahamiyatga ega”, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimovning “Siz axir, osmonni olaman desangiz, men nechun yelkamni tutib bermayin...”, O‘zDJTU talabasi Ilhomjon Abdusalomovning “G‘aflatdan uyg‘onaylik...” kabi maqolalarida o‘zgarayotgan jamiyat manzaralari, mulohaza, ibrat, da’vat bor. 

Bugungi gazetalarni o‘qing.

O‘zA