French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
10:42 / 2023-12-07

_

“Yangi O‘zbekiston”da 6 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti to‘g‘risida xabar beradi. Gazetada O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rayosatining MUROJAATI e’lon qilingan. MUROJAATdan ayrim qaydlar: “Aziz fermerlar, dehqon va tomorqachilar, suvni tejang va qadrlang!”... “Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida 2040 yilga borib, suv resurslariga ehtiyoj uch baravar oshadi...”, “Hurmatli fermerlar, dehqonlar, bog‘bon va tomorqachilar! Suv isrofining eng katta qismi aynan qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Yurtimizdagi sug‘orish tarmoqlarining yarmi betonlanmagan, ya’ni tuproq o‘zanli ariq va kanallardan iborat bo‘lgani bois, katta miqdorda suv yo‘qotilmoqda...”. Albatta, o‘qing! MUROJAATchilar  suv – bebaho ne’matligi, uni qadriga yetish haqida  yana bir bor bong o‘radi. Taraqqiyotimiz qomusi, ortga qaytmas tus olgan islohotlar, insonparvarlikning yuksak namunasi, inson manfaatlari ustuvor yurtda yuksalish va farovonlik bo‘ladi, o‘zligiga qaytishga chog‘lanayotgan turkiylar bilan bog‘liq maqolalar keng va chuqur tahlilga asoslangani bilan e’tiborli. 

“Xalq so‘zi”da ham 6 dekabr kuni davlat rahbarining Qirg‘iziston Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tgani to‘g‘risida xabar beriladi. “Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda parlamentlararo hamkorlik” sahifasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi doirasidagi parlament yig‘ilishidagi ishtiroki xususida so‘z boradi. Insonparvarlikning yuksak namunasi, Konstitutsiya yaratilishi tarixiga doir keng formatdagi ilk ko‘rgazma, Yangi O‘zbekistonning kelajagini Konstitutsiyamiz asosida birgalikda quramiz kabi jiddiy mavzular, Londonda o‘zbek milliy restorani ochilgani, Siyob arig‘i bo‘yida barpo etilayotgan sayyohlik markazi, shifoni olisdan izlashga hojat yo‘qligi bilan bog‘liq yangiliklar o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi. 

“Jamiyat” – jamiyat muammolari bilan nafas oladi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘limi boshlig‘i Kamila Olimovaning “Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xotin-qizlarning huquqlari kafolatlangan” maqolasi, ayniqsa, e’tiborli. Unda shunday ma’lumotlarga duch kelasiz: “Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish sohasidagi islohotlar o‘z natijalarini bermoqda. Xususan, 190 ta davlat parlamentlarini birlashtirgan Parlamentlararo Ittifoq ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston parlamentida ayollar ishtiroki ko‘rsatkichi 128-o‘rindan 45-o‘ringa ko‘tarildi. Bu esa AQSH, Kanada va Avstraliyadan yuqori deganidir...”. Nuriddin Ochilovning “Peshtaxtada yaltiroq, xaridorga qaltiroq” maqolasida sotuvchi tilidan aytilayotgan ushbu jumlalarga nima deysiz: “Unda mahsulotning yaroqsizi bilan chiqindisini kimga sotamiz? Foydani nimaning hisobidan olamiz? Bozorning tekintomoqlarini qaysi hisobdan boqamiz? Hazrati Insonga peshtaxtalarimizda terib qo‘yilgandek eng sara mahsulotlarni sotsak minnatdor bo‘larmidi? Bo‘lmaydi! Shunday ekan, xarid qilayotgan mahsulotining ostini qaltiroq, ustini yaltiroq qilib berganimizga shukr qilsin! Axir, bizning ham tirikchiligimiz, orzu-havasimiz bor. Ko‘rgan foydamizga og‘iz soladigan bo‘lmaganda, shu ishni qilarmidik?!”. O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Sherning “Hoji Abdulaziz dahosi”, “Qurigan quduq orzusi”, “So‘lakdan yasalgan qalam”, “O‘qi”, “Qirq yillik ko‘ztanishim va ming yillik adabiyotim” kabi ixcham-ixcham o‘gitlaridagi katta ma’no, hikmat qalbingizni yoritadi.

“XXI ASR”ning bugungi sonida gazeta sharhlovchisi Ozod Rajabovning “Dunyo Dubayda O‘zbekiston tashabbuslarini tingladi” sahifasi o‘quvchi e’tiborini tortadi. Muallif sharhni shunday boshlaydi: “Takror aytayin: jahonda 200 ga yaqin mamlakat BMT a’zosi sanalsa, shundan 140 tasining yetakchisi bir joyga jamlangan vaqtda o‘ninchi bo‘lib minbarga ko‘tarilishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu, birinchidan, yurtimizdagi izchil islohotlarning e’tirofi bo‘lsa, ikkinchidan, Shavkat Mirziyoyev tanlagan siyosiy yo‘lning xalqaro miqyosda tan olinishidir...”. “Zafarbekning zafarli qadamlari”, “Ming‘ir-ming‘ir lappaklar”, “Jamoat va jamiyat nazorati kuchaysa...” kabi maqolalar muhim masalalar tahliliga bag‘ishlangani bilan gazetxon e’tiboridan chetda qolmaydi. 

“Qishloq hayoti”da qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning “Agrar soha ravnaqi dehqon va olim hamkorligidadir” maqola-tabrigi e’lon qilingan. “Tuproq va suv – hayot asosi”, “Suv tejovchi texnologiyalar asosida qishloq xo‘jaligi yerlarining samaradorligi oshirilmoqda”, “Mehnat shartnomasi qanday tuziladi?”, “Mahallalarning xaritalari yangilanmoqda. Bu nima uchun kerak?”, “Mehnatda toblangan inson” kabi bir qator xabar, maqolalarda joylardagi hayot, tabiat va inson, qishloq hayoti aks etgan.

Bugungi gazetalarni o‘qing.

 

O‘zA