_
“Yangi O‘zbekiston”da “Kun mavzusi”da berilgan “Yerga munosabatimiz o‘zgarmasa oqibati qanday bo‘ladi, nimalarni kutish mumkin?” maqolasida shunday satrlarga duch kelamiz: “...Bir vaqtlari ayrim mamlakatlardagina kuzatilgan iqlim muammolari bugunga kelib, sayyoramizni qamrab olmoqda. Har bir davlat bu borada bir-biriga bog‘liq holda yechimlarni ham, kurash chora-tadbirlarini ham birgalikda izlashiga to‘g‘ri kelayapti. Bu muammolarning asosiy qismi esa, avvalo, oziq-ovqat xavfsizligiga borib taqaladi. Boisi, havo harorati o‘zgarishidan tortib, suv taqchilligi, cho‘llanish, qurg‘oqchilik, atmosfera ifloslanishi kabi omillarning bari bevosita oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda...”. “O‘zbekiston – Ozarbayjon: do‘stlik va qardoshlik aloqalari har jabhada izchillik kasb etgan”, o‘zbek-qirg‘iz chegara-bojxona postlaridagi bugungi holatni o‘zida aks ettirgan “Tez, qulay, sodda va shaffof” sahifasi, jahon standartiga mos avtombil yo‘llar, ekinlar xaritasidagi azaliy ne’matlar, imtihonga emas, hayotga tayyorlaydigan maktablar kabi maqolalarda bugun ko‘pchilikni qiziqtirayotgan muhim masalalar keng tahlil qilingan.
“Xalq so‘zi”da e’lon qilingan “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya ulkan mas’uliyat demakdir” sahifasida Bosh Qomusimiz qabul qilinganining 31 yilligi har yilgidan ko‘ra o‘zgacha shukuh bilan nishonlayotgani haqida so‘z boradi. “Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti muhim platformaga aylandi”, “Birdamlik – iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashishning samarali yo‘li”, “AEXA Boshqaruvchilar kengashi O‘zbekistonning beshta milliy loyihasini tasdiqladi”, “Bayramga munosib tuhfa” kabi maqolalarda o‘zgarib borayotgan inson va jamiyat manzaralari aks etgan. “Komplayens - nazorat – korrupsiya xavfidan himoya qiluvchi eng maqbul tizim” sahifasi shunday boshlanadi: “Hozirgi kunda dunyoda korrupsiyaga qarshi kurash usullari orasida komplayens – nazorat eng maqbul va samarali tizim sifatida e’tirof etilmoqda. Korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat ilk bor AQSHda joriy qilingan bo‘lib, dastlab 1906 yilda oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar faoliyatining sanitar sifatini nazorat qilish federal xizmatining tashkil etilishi bois vujudga kelgan. Buning natijasida o‘tgan asrning 50-yillarida AQSH bozorida kuzatilgan keskin iqtisodiy o‘sish, bozor ishtirokchilari bo‘lgan korporatsiya va kompaniyalarda zamonaviy boshqaruv va tashkiliy madaniyat shakllana boshladi. Pirovardida ushbu yirik bozor ishtirokchilari o‘z boshqaruv tizimlarini shakllantirishda komplayens-nazorat tizimini joriy etish va davlat xizmatchilarining axloq kodeksini qabul qilish zaruratini yuzaga chiqardi...” Maqola qiziq, albatta, o‘qing.
“Ishonch” “Onlayn jinoyat ildiziga ZARBA” sahifasi bilan boshlanadi. Unda O‘zbekiston kartalaridan onlayn qimor o‘yinlariga transchegaraviy o‘tkazmalar taqiqlanishi haqida so‘z boradi. “Xodimning huquqlari tiklandi”, “Paysalga solingan to‘lov”, “Yolg‘onning misi chiqmaydimi?”, “Tomchisida hayot nafasi”, “Amaliy mashg‘ulosiz darslar...”, “Mulk daxlsizligining ahamiyati”, “Uyquchanlik. U nimadan dalolat beradi – dangasalikdanmi yoki kasallikdan? kabi maqolalarda biz birda ko‘rib-ko‘rmayotgan, qadrini tuzuk anglab-anglamayotgan masalalar tahliliga guvoh bo‘lasiz.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA