_
“Yangi O‘zbekiston”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 28 noyabr kuni farmatsevtika va elektronika sanoatida ishlab chiqarishni yanada qo‘llab-quvvatlash, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazgan yig‘ilishi tafsilotlariga bag‘ishlangan sharh e’lon qilingan. “Mahorat, mehnat va bilim tantanasi” sahifasi 14 yoshida jahon chempioni bo‘lgan hamyurtimiz Afro‘za Hamdamovaning bemisl g‘alabasi tahliliga bag‘ishlanadi. “Bugunning gapi” ruknida berilgan “Energetika resurslari barqarorligi. Isrofgarchilik ham, tejamkorlik ham o‘z qo‘limizda” maqolasi dolzarb. Unda hozir eng ko‘p iste’mol qilinayotgan resurslardan biri elektr energiyasi ekanligi, iqtisodiyot tarmoqlaridan tortib, kundalik hayotimizda ham talab va ehtiyoj kun sayin ortib borayotgani, hatto elektr energiyasi iste’molidagi rekordlar ham tez-tez yangilanayotgani, bu esa iste’molchilarni hushyorlikka chorlashi haqida so‘z boradi. “Markaziy Osiyo iqtisodiyoti global ahamiyatga molik o‘zaro bog‘liklik markazi”, “Tavsiyadan talabga aylangan zarurat”, “Muhandislik ta’limida ilg‘or tajriba” kabi maqolalarda bugungi inson va jamiyat manzaralari aks etgan. “Yig‘layotgan” daraxt qayerda?” nomli maqolani esa, albatta, o‘qing...
“Xalq so‘zi”da davlat rahbarining 28 noyabr kuni farmatsevtika va elektronika sanoatida ishlab chiqarishni yanada qo‘llab-quvvatlash, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazgan yig‘ilishi tafsilotlariga bag‘ishlangan sharh, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimi shakllantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” hamda “Qo‘riqlash” faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonunlari e’lon qilingan. “Ko‘z o‘ngimizdagi o‘zgarishlar” ruknida berilgan “Hayot favvoralari” maqolasi davlatimiz rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifidan keyin viloyatda yuz berayotgan salmoqli o‘zgarishlar haqida. “Fuqarolar huquq va manfaatlarining ishonchli kafolati”, “O‘zbekistonning yangi tahrirdagi asosiy qonuni – xalq xohish-irodasining ifodasi” maqolalarida yaqinlashib kelayotgan bayram ruhi aks etgan.
“Maʼrifat” ko‘pchilikni qiziqtiradigan, muhim va dolzarb mavzular, ta’lim tizimi bilan bog‘liq masalalarni yoritishda davom etadi. O‘zJOKU talabasi Gavhar Eshonqulovaning tahrir ustasi “Mahmud sa’diyga maktub”i shunday boshlanadi: “Boshida kitobingizni o‘qigim kelmay qoldi. Negadir zerikarli tuyuldi. Kitobingiz qanday qilib qo‘limga tushib qolganini ham eslolmayman. Ammo ikkinchi marta qo‘limga olganimda esa xatomni angladim. Bugun sizga bir enlik xat yozib, dil so‘zlarimni bayon etmoqchiman...”. Bo‘lajak jurnalist qizimiz chin dunyoga safar qilgan ustoz Mahmud Sa’diyga nima demoqchi? Maktubni, o‘qing. “Repetitorsiz ham OTM talabasi bo‘la olasiz!”, “Uyg‘ongan haqiqat”, “Internetdan ta’tilga chiqish”, “Kimligimizni unutdikmi?”, “Ijtimoiy tarmoqdan qanday foydalanasiz?”, “Tilbuzar ham qonunbuzardir”, “Birinchi ustozim”, “Adabiyot darslarini shunchaki o‘tib bo‘lmaydi”, “Fikringizni erkin bayon eta olasizmi?”, “Nega bugunning haqiqati vaqt o‘tib yolg‘onga chiqariladi?”, “Yo‘qotilayotgan bolalik yoxud “mobil qullik”dan qachon voz kecha olamiz?” kabi maqolalar mazmun-mohiyati bilan dolzarb va albatta, o‘quvchi etiborida bo‘ladi.
“Oʻzbekiston ovozi”da bir qator yaxshi maqolalar e’lon qilingan. “Kelajak loyihalari” sahifasi shular jumlasidan. Unda qiymati 1,1 milliard dollar bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi loyihasi 3 milliondan ziyod xonadon va yuzlab sanoat korxonalarining elektr energiyasiga ehtiyojini ta’minlashga imkon berishi haqida so‘z boradi. “Vazirlik hammani qutqara olmaydi” maqolasida yosh ota-onalar bolalarini asrashni o‘rganishi zarurligiga urg‘u beriladi. “Savolga javob, taklifga munosabat kerak”, “1 mln so‘m 7 yil qamoq”, ”Muzrabot tuman hokimi eshitadimi?” kabi maqolalar zamirida e’tibor, jazoning muqarrarligi va ogohlikka da’vat bor. “Suv o‘g‘irlash jinoiy javobgarlikka olib keladi” maqolasida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Akmal Murodovning “Endilikda ichimlik suvi tarmoqlariga noqonuniy, manfaat topish maqsadida ulanish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi” degan gapi yurtdoshlarimizni qonun doirasida ish ko‘rishga chaqiradi.
“Yoshlar ovozi” – yoshlar minbari. “Jinoyat sodir etilmagan mahalla”, “Qishda yana qaltiraymizmi?”, “Qoidabuzar haydovchilarga jarima ballari joriy etiladimi?” maqolalari e’tiborli. Birinchi o‘zbek fotosuratchisi va kino sanoatining asoschisi Xudoybergan Devoninvning hayot yo‘liga bag‘ishlangan “Birinchi o‘zbek fotosuratchisi” maqolasini, albatta, o‘qing. Dunyo aholisining qariyb 40 foizi tozi ichimlik suvi tanqis hududlarda yashayotgani, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 1,5 mlrd. aholi toza ichimlik suvidan foydalana olmayotgani, 2,3 mlrd. aholi esa sanitar talabga javob bermaydigan suvni ichishga majbur bo‘layotganiga bag‘ishlangan “Suv” nomli sahifa orqali suv nechog‘li ulug‘ ne’mat ekanini yana bir bor his qilasiz. Taniqli shoir Faxriyorning “Shoirning “Izlam”i” maqolasida shunday satrlarga duch kelasiz: “Izlam”, ilk satrlar. O‘ylayman, to‘kilib bitgan ko‘zyoshning ham soyasi bo‘larkanmi?.. Faxriyor nima demoqchi? Maqolani o‘qing...
Bugungi gazetalarni o‘qing...
O‘zA