Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda…
11:45 / 2023-11-18

“Yangi O‘zbekiston”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 16-17 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga qilgan safari tafsilotlariga bag‘ishlangan sahifa, davlat rahbarining “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati va “Navoiyuran” davlat korxonasi jamoalariga tabrigi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilingan. “18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun” ruknida berilgan “Tepamda egilajak o‘z tug‘im – bayrog‘im bor” maqolasida aks etgan milliy g‘urur ko‘nglingizga ko‘chgandek bo‘ladi. “Yashil” loyihalar va yangi imkoniyatlar” sahifasida bugunning muhim masalalari tahlil qilingan. “Islohotlarning muhim generatori”, “Yo‘lsozlar va’dasi: nosoz va ta’mirtalab yo‘llar qolmaydi”, “Shaffof, ishonchli va zamonaviy xizmat qanday yangiliklarni taklif etadi?”, “O‘qish va amaliyotda xorij tajribasi”, “Buyuk ipak yo‘li” turizm brendi” kabi sahifa, maqolalarda jamiyatning bugungi o‘zgarishlari va islohotlar ruhi aks etgan.

“Xalq so‘zi” ham davlatimiz rahbarining 16-17 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga qilgan safari tafsilotlariga bag‘ishlangan sahifa, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati va “Navoiyuran” davlat korxonasi jamoalariga Prezident tabrigi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilingan.     “Erkinlik, ozodlik va tinchlik ramzi”, “Milliy iftixor va g‘urur timsoli” maqolalari davlatimiz ramzi bo‘lgan milliy bayrog‘imiz, unga bo‘lgan hurmat, ehtirom haqida. Toshkent moliya instituti rektori, iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Teshaboyevning “O‘zbekiston – Italiya munosabatlarida yangi davr” maqolasida ikki do‘st davlat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik jarayonlari tahlil qilingan. Nurulloh Ostonovning “Xavfsiz kelajak, sog‘lom sayyora – dunyo bolalariga” maqolasida mamlakatimizda bola huquqlari kafolatlarini yanada takomillashtirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar xususida so‘z boradi.

“Mahalla” – jamiyat, turmush manzaralarini o‘zida aks ettirib turadigan ko‘zgu – gazeta. “Ijtimoiy nafaqalar tayinlashda inson omiliga chek qo‘yiladi”, “Hatto “Tez yordam” harakatiga yo‘l qolmayapti...”, “Ko‘chat qarovsiz qolmaydi, agar egasi bo‘lsa...”, “Mening birinchi uyim” dasturi qachon boshlanadi?”, “Yerto‘lada qanday faoliyat turiga yo‘l qo‘yilmaydi?”, “Imtiyozli kreditlar elektron shaklda ajratiladimi?”, “Har bir mahallaning o‘z bozori bo‘lsa...”, “Muammoning ko‘pligi markaz olisligidanmi?”, “Issiqlik ta’minoti kechiksa, kimga murojaat qilamiz?”, “Simyog‘ochlar almashtirildi, ammo...” kabi ixcham-ixcham sahifa, materiallarda mahalla hayoti bilan bog‘liq ko‘plab savollarga javob topasiz. “Mahalla”ning bugungi sonini, albatta, o‘qing.

Bugungi gazetalarni o‘qing...

O‘zA