—
“Yangi O‘zbekiston”da “O‘zbekiston – Fransiya: keng qamrovli hamkorlik yanada rivojlanadi, ikki tomonlama munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tariladi” nomli maqola e’lon qilingan. Unda Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning 1-2 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda mehmon bo‘lgani, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlikning kechasi, buguni va ertasi haqida so‘z boradi. Gazetada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikkasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan Ostona shahriga borganligi haqidagi xabar e’lon qilingan. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi Bahodir Umurzoqovning “Ishsizlik nega tugamaydi? Axir yiliga minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi-ku...” maqolasida shunday faktlar bor: “Ish joylari yetishmasligi tufayli 4,3 million kishi, boshqacha aytganda aholining 22 foizi iqtisodiy nofaol toifalarga kiradi. Mehnat bozoridagi bunaqa holat milliy iqtisodiyotimizda mehnat resurslarining taklif va ehtiyoj o‘rtasidagi muvozanati buzilishi, ishsizlik potensiali darajasining muntazam olib borishi, ayrim hududlarda norasmiy mehnat ulushi va nolegal mehnat migratsiyasining o‘sishiga olib keladi...”. “Davlat byudjeti va makroiqtisodiy barqarorlik”, “Katta shoulardan qishloq xo‘jaligigacha. O‘zbekistonda dronlardan qanday maqsadlarda foydalanilyapti?”, “Bir umrga birlashtirdi qardoshlik bergan yalov” kabi maqolalar ham o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi.
“Xalq so‘zi”da ham “O‘zbekiston – Fransiya: qat’iy ishonch va azaliy do‘stlikka asoslangan munosabatlar strategik sheriklik darajasida davom etadi” nomli sahifa e’lon qilingan. Unda Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning 1-2 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lganligi, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlikning kechasi, buguni va ertasi haqida so‘z boradi. Gazetada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikkasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Ostona shahriga borganligi haqidagi xabar ham e’lon qilingan. “Taraqqiyot va farovonlik yo‘lidagi mushtarak qadamlar”, “O‘zbekiston – turkiy dunyoning faol ishtirokchisi”, “Bir daryodan suv ichgan ellarmiz” kabi maqolalarda mintaqadagi do‘stlik, turk dunyosidagi yakdillik haqida so‘z boradi.
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” Bobur Mirzoning:
Jismingga za’f esa – jonim sadaqa!
Joningga ikki jahonim sadaqa! –
bayti aks etgan masnaviysi bilan boshlanadi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majidning “Mardonaligingiz bori el biladi” nomli maqolasi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlanadi. “Sohibqiron Amir Temurning buyuk avlodi Bobur Mirzo har kun o‘qishga, har kun yod etishga munosib siymodir” – deb yozadi muallif. O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudovning “Tuyg‘ular taloshi yoxud sezgilar hamkorligi manzaralari”, “Literaturnыy Dagestan” va “Sokolyonok” jurnallari bosh muharriri Murod Ahmedovning “Bizlarga do‘stlik darkor...” maqolalari, atoqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammadning “Duryog‘di” hikoyasi, Shoira Ermatovaning she’rlari, shoir Ayyubning merosi – g‘azallari mutolaasidan ruhingiz orom oladi.
“Adolat”da e’lon qilingan “Ayollarning siyosiy faolligi yanada qo‘llab-quvvatlanadi” maqolasi e’tiborli. “Xalqimizning ko‘nglidagi ish bo‘ldi”, “Axloqsizlikni madaniyat deb bilmaylik” kabi maqolalarda o‘zgarayotgan jamiyat, taklif, mulohaza, ibrat bor. “Soxta DXX xodimi ikkinchi marta tovlamachilik qilayotganda qo‘lga tushdi”, “Farzandlarini “unutgan” ota” maqolalari kishini o‘yga toldiradi. Gabriel Garsia Markesning hayot haqiqatlari aks etgan qarashlarini ko‘ngilning bir chetiga yozib qo‘yasiz. “Sabr – baxtning doyasi” sahifasini esa, albatta, o‘qing...
“Vatanparvar”dagi “Yengib bo‘lmas to‘siq” maqolasi e’tiborli. “Hayoti havasga arziydi”, “Bobur armiyasidagi kreativlik”, “Uch muhim omil”, “Har ishda ilg‘or hamshiralar”, “Turkistonda bo‘lgan fransuzlar”, “Tarbiyada samarali usullar”, “Devonu lug‘ati-t turk”dan to bugungacha” kabi o‘nlab maqolalarda hayotga, Vatanga bo‘lgan samimiy muhabbat borligini his etasiz.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA