Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun: gazetalarni varaqlaganda…
12:36 / 2023-10-21

_

“Yangi O‘zbekiston”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yil uchun davlat byudjetining asosiy yo‘nalishlari hamda tarmoq va hududlarda amalga oshiriladigan vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishiga bag‘ishlangan sharh, 20 oktyabr kuni Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida O‘zbekiston raisligida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Xavsizlik kengashlari kotiblarining ikkinchi yig‘ilishiga bag‘ishlangan maqola  o‘quvchi e’tiborini tortadi.  21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan e’lon qilingan “Yurtimizning mevalari shirin, mevalaridan ham shevalari shirin...” maqolasida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning ushbu so‘zlari keltiriladi: “O‘ylasam, izlanishlarimiz kabi g‘ofilligimiz-da poyonsiz ekan. So‘zni eshitamiz, so‘zlashni qotiramiz, lekin so‘z mag‘zini chaqish xayolimizga ham kelmaydi. Nega shunday deymiz, deya o‘zimizga savol bermaymiz. Bu sinoat to‘la olam bamisoli olisdagi yulduzlardek noayon qolaveradi...” Maqola tilimizning boyligi, qolaversa, birgina qo‘l barmoqlari qayerda qanday atalishi haqida chiroyli tahlil, ma’lumot bor. “Makon va yo‘l” vaqt ham, masofa ham qisqaradi”, “Yangibog‘”da yangi hayot boshlanadi”, “Elektrotexnika sanoatidagi eng katta bozor” kabi sahifa, maqolalarda jamiyatning bugungi o‘zgarishlari va islohotlar aks etgan. 

“Xalq so‘zi” ham davlatimiz rahbari raisligida 2024 yil uchun davlat byudjetining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilish haqida xabar beradi. O‘zbek tili bayrami ruhi ustuvor bo‘lgan “Milliy o‘zlik va severenitet ramzi, O‘zbekiston xalqi uchun ulkan ma’naviy qadriyatlarning manbai”, “Ona tilim, ulug‘ tilim, o‘zingsan” kabi maqolalarda bayram nafaqat mamlakatimizda, balki chet ellarda ham, jumladan, Chechen davlat universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi qoshida faoliyat ko‘rsatadigan “O‘zbek tilining do‘stlari” klubi, Turkiya oliy ta’lim muassasalari hamda mamlakatimiz ilmiy-adabiy jamoatchiligi vakillari ishtirokida O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilgan qator tadbirlar haqida so‘z boradi. Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi ochilgani, unga birldirilgan munosabatlar aks etgan maqola ham e’tiborli.

“Ishonch”ning bugungi sonini, albatta, topib o‘qing. Gazetada bugungi bayram ruhi to‘liq aks etgan. Ustoz Abdulla Oripovning mashhur “Ona tilim” she’ri xuddi bugun yozilgandek, qalblarga, dillarga xitob qiladi. Professor Qozoqbosh Yo‘ldoshevning “O‘zlikning buzilmas qo‘rg‘oni” maqolasi o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Kuyinchak olimimiz til haqida shunday yozadi: “Hozirgi kunda yolg‘izgina til millatning millatligini saqlaydigan qo‘rg‘on bo‘lib turibdi. Agar qaysidir etnos shu birlikni ham boy bersa, o‘z milliy qiyofasidan mahrum bo‘ladi. Shu bois bugan har bir milliy til har doimgidan ham ko‘proq himoya va parvarishga muhtoj”. “G‘ururi so‘niq millatning kelajagi bo‘lmaydi”, “Savodni ba’zan sizdan o‘rganamiz”, “Yilning eng yaxshi O‘zbek tili o‘qituvchilari” kabi maqolalar ona tilimiz va uning qadr-qimmati, uni e’zozlayotganlar haqida...

“Mahalla” – jamiyat, turmush manzaralarini o‘zida aks ettirib turadigan ko‘zgu. “Nafaqa adolatli taqsimlanishi kerak” nomli maqola bugungi kunda davlat tomonidan kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan, ehtiyojmand qatlam uchun ajratilayotgan mablag‘lar o‘z egalariga risoladagidek yetib bormayotgani, ba’zi bir o‘ziga to‘q insonlarning bu nafaqalardan foydalanishi holatlari uchrab turgani haqida. “Hashar bilan majburiy mehnat noto‘g‘ri talqin etilyapti”, “Bino qurish uchun yer bor, ammo mablag‘ yo‘q”, “Xonadondagi jinoyatga mahalla aybdor emas”, “Suv taqchilligidan odamlar ko‘chib ketayotgandi...”, “Qanday tibbiy xizmat turlari bepul?” kabi ixcham-ixcham sahifa, maqolalarda mahalla va mahalla hayoti bilan bog‘liq ko‘plab savollarga javob bor. “Mahalla”ning bugungi sonini, albatta, o‘qing.

Bugungi gazetalarni o‘qing...

O‘zA