Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
11:00 / 2023-10-20

“Yangi O‘zbekiston”da mamlakat va tashqi dunyo hayotiga oid muhim maqolalar e’lon qilingan. Davlat rahbari huzurida joriy yilning 9 oyida erishilgan iqtisodiy natijalar, yil yakunigacha kutilayotgan ko‘rsatkichlar va 2024 yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozlar sharhiga bag‘ishlangan sahifani, albatta, o‘qing. Siyosiy fanlari doktori, professor Qahramon Quronboyevning “7+2 tamoyili. Yoshlar bilan ishlashdagi innovatsion yondashuv” maqolasi e’tiborli. Unda mamlakatimizda yoshlarning barcha toifalarini keng qo‘llab-quvvatlash, imkoniyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilganiga qariyb ikki yil bo‘layotgani, shu vaqt davomida yetakchilar mahalladagi yoshlarning og‘irini yengil qilish, ularga munosib turmush sharoitini yaratish barobarida yigit-qizlarimizning ishonchli hamkori, samimiy maslahatgo‘yi va eng yaqin do‘stiga aylanib ulgurayotgani haqida so‘z boradi. “Yashil” kelajakning yangi imkoniyatlari”, “Futbol zavqi atrofida birlashish tashabbusi”, “Sentob – Jahon turizm qishloqlari ro‘yxatida”, “O‘zbek tiliga sadoqat Vataniy ishdir”, “Qorong‘u xonada charaqlagan quyosh” kabi maqolalarda joylarda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, tashabbus, chorlov, yurt, Vatan va ona tiliga bo‘lgan muhabbat aks etgan.

“Xalq so‘zi”da “O‘zbekiston va Xitoy o‘zaro siyosiy ishonchni muttasil mustahkamlab, tenglik, o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olgan holda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirmoqda” sahifasida O‘zbekiston Prezidentining XXRga tashrifi va “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumi tadbirlarida ishtiroki Xitoy OAVda qanday yoritilaganiga haqida. “Har bir nihol orzu-umidlarimiz ro‘yobi bo‘lib yaproq yozsin!” maqolasida mamlakatimizning bir qator viloyatlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish mavsumidagi xayrli ishlar haqida hikoya qilinadi. “Shu yurt farzandi bo‘lganimdan faxrlanaman”, “O‘zligimiz timsoli”, “Qish eshik qoqmoqda, biz bunga qanchalik tayyormiz?” kabi maqolalarda kunning muhim mavzulari tahlilini ko‘rasiz. 

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida taniqli shoir Salim Ashurning “Bolalarning oltin so‘zi” maqolasi ona tili, uning qadr-qimmati, yaqinlashayotgan O‘zbeki tili bayramiga bag‘ishlanadi. O‘tkir Rahmat, Ismoil Mahmud, Shodi Otamurodning she’rlari, Mahmud Rajabning “Somon mavsumida”, “Ustun” hikoyalari, adabiyotshunos Uzoq Jo‘raqulovning “Asl manbalar haqiqati”, filologiya fanlari doktori Abdurahmon Pirimqulovning “Bir harf muammosi yoxud “g‘alati mashhur”lar” kabi adabiy maqolalari mutolaasidan ruhingiz quvvat oladi.

Adolat” Elbekning “Til” she’ri bilan boshlanadi. Unda shunday o‘tlug‘ satrlar bor:

Mungli qushim, sayrab-sayrab kel, anglat,

Kimlar erur Turk tilini sotg‘uchi?

Bulbul kabi sayrab turgan bu tilni

Uyalmayin bu o‘lkadan otg‘uchi?

Bolday totli, jondan aziz turkchani

Tushunmayin, xo‘rlab-xo‘rlab yotg‘uchi?...

“Ona tabiatni sevsangiz, ko‘chat eking” nomli ixcham xabar-maqolaning sarlavhasiyoq ko‘ngilda aks sado beradi.  O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi Muhiddin Omadning “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” maqolasi, “Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon...”, “Milliy tafakkur ramzi va taraqqiyot asosi”, “Bebaho xazina” kabi maqolalar ham o‘zbek tili va uning qadrini tik tutayotgani, umrboqiyligiga bag‘ishlanadi.

“Vatanparvar”dagi “Har biringiz bir butun lashkar”, “Cho‘qqida tovlangan matonat”, “Tillar qanday tanazzulga yuz tutadi?”, “Onam allasidan boshlangan Vatan”, “Mardlar siymosi mangulikka muqarrar” kabi maqolalar zamirida hayotga, Vatanga bo‘lgan samimiy muhabbat borligini his etib turasiz.

Bugungi gazetalarni o‘qing.

O‘zA