_
“Yangi O‘zbekiston”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 17-18 oktyabr kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumidagi ishtiroki bilan bog‘liq “Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklashga qaratilgan ulug‘vor g‘oya xalqaro hamkorlikning yangi modeliga aylangani ta’kidlandi” sahifasi, davlat rahbarining forumdagi nutqi e’lon qilingan. “O‘zbekiston rahbarining tashabbuslari” sahifasida “Bir makon, bir yo‘l” forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti olg‘a surgan tashabbuslar haqida xalqaro ekspertlar fikrlari o‘z aksini topgan. “Investitsiya va ta’lim turizmni rivojlantirishning asosiy kalitidir”, “Shimolning shamoli ham izg‘irin yoki Qoraqalpog‘istonda kuz-qish mavsumiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlariga bir nazar”, “Kreativ loyihalar platformasi”, “Qonun ijrosi bilan mukammal”, “Kechagi kun og‘riqlari”, “Xayollardan o‘zayotgan shiddat” kabi maqolalarda jamiyatning bugungi manzaralari tahlilini ko‘rasiz.
“Xalq so‘zi”da ham 17-18 oktyabr kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” forumi natijalari, unda Prezidentimiz ishtiroki va nutqi berilgan. “Do‘stona munosabatlar insoniyatni farovonlikka yetaklaydi” maqolasidagi tahlil e’tiborni tortadi. “Ochiq va pragmatik tashqi siyosat olib borayotgan O‘zbekistonning xalqaro maydonda do‘stlari ko‘p. Ulardan biri – BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasi. Ijtimoiy hayotning barcha sohasida islohotlar o‘tkazayotgan, xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan mamlakatimiz uchun Xitoy bilan do‘stona va strategik munosabatlarni chuqurlashtirish tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishidandir” deb yozadi maqola muallifi Abduvali Soyibnazarov. “Sayyohlik ravnaqi uchun global platforma”, “Turizm taraqqiyotidagi ishlarga yangicha sur’at beradi”, “Milliy o‘ziga xoslik va milliy g‘urur timsoli”, “Tili borlar emas, tilni bilganlar gapirsin” kabi maqola, sahifalar muhimligi bilan ajralib turadi.
“Ishonch”da Qozog‘istonning Chimkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar – sharh beriladi. “Va’da vafosi bilan go‘zal”, “Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik! O‘zbekiston mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, xotin-qizlar va yoshlar vakillarining xalqimizga murojaati”, “Shifokorlik – bemorga tashxis qo‘yish bilan cheklanadigan kasb emas” kabi maqolalar va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulovning “Ummon yuzidagi cho‘p” essesining davomi o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi.
“XXI ASR” taniqli shoir Salim Ashurning “Ona tilim” she’ri bilan boshlanadi. Unda shunday satrlar bor:
Parcha toshga mangu umr baxsh etgan Ona tilim,
Qoyalarga boqiy bitik naqsh etgan Ona tilim...
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Norqobil Jalilning “Endi mehmon emasmiz...” nomli tog‘lar va daryolar mamlakati bo‘lmish qo‘shni Tojikiston taassurotlari, hayratlari aks etgan sahifani, albatta, o‘qing. “Yaxshidan bog‘ qoladi”, “Ishlaganday bo‘lmaylik, ishlaylik!”, “Ona tilim o‘lmaydi” kabi maqolalar ham e’tiborli.
“Qishloq hayoti”da e’lon qilingan “Asal festivaliga marhabo!”, “Toshkent Botanika bog‘iga milliy maqom berish lozim”, “Buzilgan uyni qayta qurish oson emas yoxud Surxondaryoda sholichilik shuhrati tiklanadimi?”, “Ishtixonda marmar tosh ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi”, “O‘zimizning do‘xtir”, “Yoshlarimizning yot g‘oyalardan asraylik!” kabi maqolalarda joylardagi bugungi hayot, tabiat va inson, islohotlar samarasini ko‘rasiz.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
O‘zA