“Yangi O‘zbekiston”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 16 oktyabr kuni Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etgani, nutqi e’lon qilingan. Gazetada “O‘zbekiston Prezidenti Pekinga keldi” nomli xabar bilan ham tanishasiz. “Yashil O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” – O‘zbekiston mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, xotin-qizlar va yoshlar vakillarining xalqimizga MUROJAATI” qalbingizda aks sado beradi. Unda shunday so‘zlar bor: “Ma’lumki, Yer sayyorasi – bashariyatning yagona Vatani. Yer – hayot manbai. Inson hayoti uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barchasini bizga mana shu saxovatli zamin in’om etadi. Afsuski, bugun suvdan, tuproqdan noto‘g‘ri foydalanish, ekologik jihatdan zararli texnologiyalarni qo‘llash oqibatida sayyoramizda iqlim o‘zgarib, bioxilma-xillik yo‘qolib bormoqda. Yer yuzida 8 milliarddan ortiq insoniyatning hayoti xavf ostida qolmoqda”...
“Buyuk ipak yo‘li an’analarini tiklashga qo‘shilgan ulkan hissa”, “Malomat emas, daromad manbaiga aylangan paxta”, “Iddaolar qanchalik haqiqat?”, “Avlodlarga xazinai bebaho”, “Til va yozuv mavsumiy mavzumi?” kabi maqolalar kunning muhim masalalari tahliliga bag‘ishlanadi.
“Xalq so‘zi”da ham mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 16 oktyabr kuni Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi ochilishida ishtiroki, nutqi e’lon qilingan. Gazeta orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning amaliy tashrif bilan Pekin shahriga borgani to‘g‘risidagi xabar, 17-18 oktyabr kunlari Pekinda bo‘lib o‘tadigan “Bir makon, bir yo‘l” III xalqaro forumga bag‘ishlangan “Umumiy rivojlanish va farovonlikka erishish yo‘lida” maqola, “Yashil O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” – O‘zbekiston mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, xotin-qizlar va yoshlar vakillarining xalqimizga MUROJAATI” bilan tanishasiz.
“Ishonch”da e’lon qilingan “Osiyo o‘yinlari g‘oliblari rag‘batlantirildi” sahifasida Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etgan sportchilarning bir guruhini O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi rag‘batlantirgani haqida xabar beriladi. Ikromjon Asliyning “Ekranga boqishdan zerikmadingizmi?” maqolasi e’tiborli. Unda shunday fikrlar bor: “Shukrki, bugun mutolaaga qaytayapmiz. To‘g‘rirog‘i, shunaqa deb o‘zimizga taskin berishga odatlanyapmiz. Baribir, ko‘proq vaqtimizni kitobdan ko‘ra kaftimizdagi katta-kichik ekranlarga ajratayotganimiz, kitobga bir boqsak, telefonga o‘n qarayotganimiz, u keltirgan turli xabarlarni, rostmi-yolg‘onmi ekaniga qaramay, ochko‘zlik va tashnalik bilan “iste’mol qilayotganimiz” ayni haqiqat”... “Muqaddas dargohga ko‘z tegmasin”, “Boqimandalik illati. U qay tarzda shakllanadi va qanday oqibatlarni keltirib chiqaradi?” kabi maqolalar, shuningdek, ustoz jurnalist, taniqli adib Mamatqul Hazratqulovning “Ummon yuzidagi cho‘l” nomli essesini maroq bilan o‘qiysiz va davomini gazetaning keyingi sonidan o‘qishni ko‘ngilga tugib qo‘yasiz.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
O‘zA