Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda…
11:40 / 2023-10-12

“Yangi O‘zbekiston”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 11 oktyabr kuni Singapurning “Indorama Corporation” kompaniyasi asoschisi va raisi Shri Prokash Loxiya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani, davlat rahbari raisligida turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatini to‘liq ishga solish, “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumini tashkil etish masalasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishiga bag‘ishlangan sharh, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning MDH sammitida ishtirok etishiga oid xabar e’lon qilingan. “Ustyurt kengliklarida ko‘milgan boylik”, “Erkin nafas olayotgan xalq”, “Tibbiyotda yadroviy texnologiyalarni qo‘llash qanchalik muhim?”, “O‘zbek tilini raqamlashtirish yangi bosqichda” kabi maqolalarda tahlil qilingan masalalar o‘quvchi uchun qiziq.

“Xalq so‘zi”da ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 11 oktyabr kuni Singapurning “Indorama Corporation” kompaniyasi asoschisi va raisi Shri Prokash Loxiya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani, turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatini to‘liq ishga solish, “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumini tashkil etish masalasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishiga bag‘ishlangan sharh, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining MDH sammitida ishtirok etishi to‘g‘risidagi xabar e’lon qilingan. “Darslik va o‘quv qo‘llanmalarining yangi avlodini yaratish ishlari qanday bormoqda?” maqolasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy o‘rta ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim sifatini oshirish va ta’lim dasturlarini takomillashtirish borasidagi vazifalardan kelib chiqib sohadagi boshqaruv tizimini tashkil etishga qaratilgan qonunchilikning bajarilishi holati muhokamasiga bag‘ishlanadi. “Mangu qulamas cho‘qqilar” sahifasi qo‘shni davlatlar bilan tiklangan yaxshi qo‘shnichilik haqida. O‘zbekiston – Chexiya biznes forumiga bag‘ishlangan maqola ham mazmun-mohiyati bilan muhim va dolzarb.

“Ishonch”ning bugungi soni rang-barang. “Olamni yashillikka burkaylik!” sahifasi kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatini to‘liq ishga solish va “Yashil makon” kuzgi mavsumini tashkil etish bo‘yicha yig‘ilishda oldinga surilgan xayrli tashabbus haqida. “Pensiyaga 4  oy qolganda...”, “Intizomiy chora bekor qilindi”, “Jarohat ish vaqtida olingan” kabi ixcham xabarlardagi katta “yuk”, “Ayollik sha’niga dog‘ tushmasin”, “Mushtariylar qanday fikrda?”, “Nonning ushog‘ini ham uvol qilmang!”, “Saxovatli otaxon” kabi maqolalar o‘quvchi ishonchini o‘ziga orttiradi. Ularda ko‘ngilga, inson qalbiga xitob, ibrat bor.

“XXI ASR”da sportchilarimizning Osiyo o‘yinlari yutuqlariga bag‘ishlangan “G‘alabaning o‘zi kelmaydi!” nomli sahifada bayramona ruh aks etgan. “Xalq ishonchini har kim ham qozonolmaydi”,  “Amallar niyatga bog‘liqdir” kabi maqolalarda tahlil qilingan masalalar ham e’tiborli. Atoqli adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldoshning “Qonun birinchi navbatda majburiyat yuklashi kerak” maqolasi davlat tiliga oid qonun qay darajada amal qilayapti, degan savolga ma’lum darajada javob beradi. Unda shunday satrlar bor: “Keyingi yarim asrda shiddat bilan kechayotgan globallashuv sabab jug‘rofiy chegaralar omonatlashib, axborot olish umumiy bo‘lgani sari bashariyat ham universallashib, global dunyo bir tilga intilib borayotir. Ana shunday sharoitda o‘z qiyofasini saqlab qolmoqchi bo‘lgan etnos milliy tili to‘g‘risida jiddiy qayg‘urishi kerak. Ona tilimiz shu vaqtgacha bizning milliyligimizni saqlab keldi. Endi uni zamonlar sinovidan eson-omon olib o‘tish bizning ilmiy, madaniy va insoniy saviyamizga bog‘liq”. Maqolani, albatta, o‘qing.

“Jamiyat”da jamiyat muammolarini ko‘rasiz.”Millionta “men”dan bitta ahil “biz” bo‘lsak yoxud Vatanidan noliydiganlarga bir so‘z” maqolasida yangragan da’vat yurak-yuraklarga yetib boradi. “Dunyoni lol qoldirgan o‘zbek Bahodiri”, O‘zbekiston – Germaniya: ishonchli va sinalgan sheriklik”, “Matbuot xizmatiga “o‘gay” matbuot xizmati”, “Navoiyning urushni to‘xtagan qo‘lyozmasi”, “Jahon faxlanadigan alloma” maqolalar va, albatta, siyoysiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarovning Falastin – Isroil muammolariga bag‘ishlangan “Yaqin Sharq tinchligi – olam tinchligi” sharhi – tahlilidan o‘quvchi ko‘p narsa oladi.

“Qishloq hayoti”da e’lon qilingan “Nafaqat ichki bozorga, balki xorijdagi buyurtmachilarga ham mahsulot yetkazilmoqda”, “Vodilning asl mirishkori”, “Marrani baland olgan fermer”, “Ishonch tobora mustahkamlanmoqda”, “To‘qsonbosti” usulida sabzavot ekinlari yetishtirishning afzalliklari” kabi maqolalarda qishloq hayoti, dehqonchilik sir-sinoatlari, istiqbollari haqida so‘z boradi.

Bugungi gazetalarni o‘qing.

O‘zA