_
“Yangi O‘zbekiston”da mamlakat hayotiga oid muhim xabar, yangiliklar e’lon qilingan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 13 sentyabr kuni elektron hukumatni rivojlantirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishgani to‘g‘risidagi sharh, shuningdek, 14-15 sentyabr kunlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitida ishtirok etish uchun Dushanbe shahriga tashrifi xususidagi xabar e’lon qilingan. Taniqli jurnalist Bekqul Egamqulovning “O‘zbekiston va Markaziy Osiyo” ruknida berilgan “Birlashgan o‘zar” maqolasida mintaqadagi o‘zaro ishonch, yaqinlikning samaralari haqida so‘z boradi. Unda bugun sira ham ishongingiz kelmaydigan shunday satrlar bor: “Uzoqboy aka Tojikistonning Zafarobod tumanida yashardi. Ko‘p yillar tuman markaziy shifoxonasida bosh vrach bo‘lib ishlagan. Singlisi Qimmatoy opa ham shifokor, Toshkentda yashardi. Opa 2010 yil Grin kart orqali AQSHga ketdi. 2015 yili Uzoqboy aka kutilmaganda vafot etdi. Buni eshitgan singil shoshilinch yo‘lga otlandi. O‘sha kuni Nyu-York – Toshkent reysi bor ekan, ammo bilet tugagan. Dunyoda yaxshi odamlar ko‘p. Aeroportda kelib yig‘lab-siqtab, vaziyatni tushintirgan ekan, bir ayol uni kassaga yetaklab borib, o‘zining biletini opaning nomiga almashtirib samolyotga chiqarib yuboribdi. Xullas, o‘n ming kilometr yo‘l bosib, ertasi kuni Amerikadan Toshkentga yetib kelibdi. Qimmatoy opaning turmush o‘rtog‘i ikkimiz Toshkent aeroportida kutib oldik va shoshilinch Sirdaryo viloyatining Xovos shaharchasiga jo‘natdik. Xovos bilan Zafarobod tumaning orasi ikki-uch kilometrlik yo‘l. Xovosdan qattiqroq baqirsangiz Zafarobodda eshitishadi. U paytlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgan, chegaralar taqataq yopilgan, faqat viza bilan o‘tilardi. Opaning esa kutishga vaqti yo‘q... Xullas, Qimmatoy opa chegaradan o‘tolmaydi. O‘n ming kilometrdan Toshkentga yetib keladi-yu, ikki-uch kilometr joyga yeta olmay yig‘lab-yig‘lab Toshkentga qaytadi. Oradan bir necha kun o‘tgandan keyin viza olib, jigarining qabrini ziyorat qilib, AQSHga qaytib ketadi”. Kechagi kunlar haqidagi achchiq xotiralar. Maqolani, albatta, o‘qing. “Shaharsozlikda sifat kafolati”, “Qayerda ichki yo‘l qurish, ta’mirlashni odamlarning o‘zi hal qiladi”, “Bunda kelganning hech ketgisi yo‘q...” kabi maqolalarda ham jamiyatning bugungi manzaralarini ko‘rasiz.
“Xalq so‘zi”da ham davlat rahbari ishtiroki bilan bog‘liq sharh, shuningdek, 14-15 sentyabr kunlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitida ishtirok etish uchun Dushanbe shahriga tashrifi xususidagi xabar e’lon qilingan. “Biz va jahon” ruknida berilgan “Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo O‘zbekiston intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir” sahifasi ham Markaziy Osiy dalat rahbarlarining Dushanbeda bo‘lib o‘tadigan sammitiga hamohang. “Strategiya – mamlakat ravnaqi va farovonlik kafolati”, “Ijtimoiy munosabatlarda kamsitishlarga chek qo‘yiladi”, “Yoniq tuyg‘ular musavviri” kabi maqola, sahifalar muhimligi bilan ajralib turadi.
“Ishonch” Normurod Musomovning “Shifokorlar huquqi tiklandi” maqolasi e’lon qilingan. Unda Kasaba uyushmasi aralashgach... egilgan, bukilgan, ammo sinmagan haqiqatni yuzaga chiqqaniga guvoh bo‘lasiz. “Javobini kutgan savollar” sahifasi, ayniqsa, ko‘ngilga yaqin. “Qachongacha tutun yutamiz?”, “Yetmish yillik muammo bartaraf etiladimi?”, “Bekatlar yo‘lovchilarga xiziat qilishi kerakmi yoki tadbirkorga?”, “Qishloq nomlari ne sabab o‘zgartirildi?”, “Korzinra” va bozor narxlarida tafovut nima uchun buncha katta?”, “Qonunchilikni yangilash fursati kelmadimi?” kabi savollarga javob sizni ham befarq qoldirmaydi. Adabiyotshunos Sultonmurod Olimning O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Sherga bag‘ishlangan “Abdulla”lar safi”, Akmal Abdiyevning “Har narsada me’yor bo‘lgani yaxshi” maqolalari ham o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi.
“Jamiyat”da jamiyat muammolarini ko‘rgandek bo‘lasiz. Gazeta bosh muharriri, taniqli jurnalist Maqsud Jonixonovning “... Gazetalar yetimmi?” maqolasidagi og‘riqlarni qalbingizda his qilasiz. Habib Siddiqning “Namuna bormi?” luqmasi ozroq “bosh qotirishga” ham erinadigan bir “avlod” shakllanayotgani haqida... “Oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish sifati”, “Toshkentdan Zominga 32 daqiqada yetib boriladi”, “Dengiz yonida bo‘lsang ham bir tomchi suvni uvol qilma!” kabi maqolalarda bugungi inson va jamiyat manzaralari aks etgan.
“Qishloq hayoti”da e’lon qilingan “O‘zbekiston delegatsiyasi XVIII butunjahon suv kongressida qatnashdi”, “Aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlash uchun subsidiyalar ajratilmoqda”, “Global iqlim o‘zgarishi sharoitida paxtachilikdagi mavjud muammolar va ularning ayrim yechimlari”, “Sog‘lom turmush tarzi: ahamiyati va afzalliklari” kabi maqolalarda qishloqlarimizdagi bugungi hayot, tabiat va inson, islohotlar samarasini ko‘rasiz.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
O‘zA