Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
09:57 / 2023-09-12

_

“Yangi O‘zbekiston”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanovning “Ertasidan ko‘ngli to‘q odamlar yoxud o‘zgarayotgan Qoraqalpog‘iston” maqolasida qoraqalpoq zaminida bugun amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z boradi. Gazeta muxbiri Abdurauf Qorjovovning “Dunyo “Nol ocharchilik” maqsadiga qanday erishishi mumkin?” maqolasi Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjuman yakunlariga bag‘ishlanadi. Maqolada oziq-ovqat xavsizligi masalasi keng tahlil qilingan. “O‘qish, kasb-hunarli bo‘lish va ishlash nogironligi borlar uchun imkoniyat yetarlimi?” maqolasida ko‘tarilgan savol, shuningdek, O‘zbekistonда xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Shuhrat Rizayevning “Birlashsak – Vatanmiz!” nomli da’vati o‘quvchi qalbida aks sado berib turadi.

“Xalq so‘zi”da ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan. “Buxoro – Yangi O‘zbekistonning duru gavhari” maqolasida qadimiy Buxorodagi bugungi o‘zgarishlar aks etgan. Akademik Akmal Saidovning “Ma’naviyat ummonidan sakkizta noyob marvarid” maqolasi O‘zbekiston Qahramoni, taniqli olim va adib, adabiyotshunos, mohir tarjimon Ibrohim G‘afurov va uning yaqinda nashrdan chiqqan sakkiz jildlik to‘plami haqida.

“Ishonch” yaxshi xushxabar bilan boshlanadi: “Zominga Toshkentdan har kuni parvoz” sahifasida shu yilning 7 sentyabridan boshlab «Toshkent – Zomin – Samarqand» va «Samarqand – Zomin – Toshkent» yo‘nalishlarida havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilgani, Zomin tumani «Laylak uya» massivi hududida bunyod etilgan «Zomin» aeroportida 30 o‘ringa mo‘ljallangan yo‘lovchi terminali qurib ishga tushirilgani xususida so‘z boradi. «Kun mavzusi» ruknida berilgan “Boshkentimiz tag‘in «Changkent»ga aylandi” maqolasi  kecha – 11 avgust kuni poytaxtimiz Toshkent chang-to‘zonlar halqasida qolgani, mamlakatimiz poytaxti  IQAir  reytingida dunyo shaharlari orasida havoning iflosligi bo‘yicha 2-o‘ringa chiqqani xususida xabar beradi. Bu holat afsuski, birinchi marta yuz berayotgani yo‘q. O‘tgan yillari ham poytaxt chang havosi bilan dunyo shaharlarining eng oldingi safida bo‘lganiga  bir necha bor guvoh bo‘ldik. Maqola, hammani ogoh bo‘lishga, mas’ullarni hushyorlikka chorlab, bong uradi. «Mas’ullar nega deputat so‘rovini mensishmayapti?» sahifasi ham e’tiborli. “Ishonch”ning to‘rtinchi sahifasi, ayniqsa, rang-barang bo‘lib, ruhga quvvat beradi.

Bugungi gazetalarni o‘qing.

O‘zA