Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
10:54 / 2023-08-30

“Yangi O‘zbekiston”da Prezident Shavkat Mirziyoyevning 29 avgust kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, turli sohalarda ishga tushirilayotgan yangi ob’ektlar bilan tanishgani bilan bog‘liq sahifa e’lon qilingan. Unda ulug‘ ayyom arafasida poytaxtdagi o‘zgarishlar, davlatimiz rahbarining yoshlar, mahalla faollari, turli soha xodimlari bilan muloqotlari, suhbatlari aks etgan. Siyosiy fanlar doktori, professor Qahramon Quronboyev hamda tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulovning “Ma’naviyat – milliy mustaqillikning eng ishonchli poydevori” maqolasida O‘zbekiston bosib o‘tgan 32 yillik taraqqiyot yo‘li tahlil qilingan. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi Ma’muraxon Sultonovaning “Tushimmi yo o‘ngim... ishonolmay qoldim” nomli dil izhorida o‘qituvchi, ustoz – murabbiyga bo‘lgan e’tibor aks etgan. Qishga tayyorlarlik joyidami? Bu savol, ayniqsa, keyingi yillar dolzarb bo‘lib qolmoqda. “Xavotirga o‘rin yo‘q. Mutasaddilar qish mavsumiga tayyorgarlik yaxshi ekanini ta’kidlashmoqda” sahifasida ana shu savollarga javob bor. “G‘alvir suvdan ko‘tariladigan palla”, “Sherxon bobo izlarin izlab...” maqolalari dolzarb mavzularga bag‘ishlangani bilan e’tiborli.

“Xalq so‘zi”da e’lon qilingan “Ulug‘ ayyom oldidan barcha sohalarda yuksak natijalar qayd etilmoqda” sahifasi davlatimiz rahbarining 29 avgust kuni poytaxtdagi bunyodkorlik ishlari, turli sohalarda ishga tushirilayotgan yangi ob’ektlar bilan tanishgani to‘g‘risida.  Inson qachon baxt atalmish ne’matni tugal his eta boshlaydi?.. “Shuhrating porlasin toki bor jahon!” sahifasida ana shu savollarga javob olasiz. Taniqli shoir, jurnalist Nurulloh Ostonovning  Andijon viloyatining olis qishloqlaridan birida cho‘pon oilasida tug‘ilgan, 13 yoshidayoq qo‘ng‘iroqdek ovozi, betakror qo‘shiqlari bilan xalqimiz mehrini qozongan, kuni kecha “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan Sanobar Rahmonova hayot va ijod yo‘liga bag‘ishlangan “Yurtimizning ko‘rkam jamoli izlanishlarimga qanot” maqolasi qalbingizda bolalik bilan bog‘liq ajib xotiralarni uyg‘otadi.

“Hurriyat” taniqli shoira Sharifa Salimovaning “Vatan, tuprog‘ingga rayhonlar sepdim...” she’ri bilan boshlanadi. “E’tirof, ishonch, rahbat” sahifasi istiqlol shodiyonalari arafasida jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar, san’at hamda kinoijodkorlar o‘rtasida o‘tkazib kelinadigan “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi Respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi tafsilotlariga bag‘ishlanadi. Gazetada e’lon qilingan “Aybsiz “aybdorlar”, “Bolangiz bilan nimalar haqida gaplashayapsiz?” maqolalarini, albatta, o‘qing.  “Uchrashuv” ruknida berilgan “Onam qattiq betob, lekin teatrga bormasam bo‘lmas edi...”  maqolasida O‘zbekiston xalq artisti Rixsi Ibrohimovaning sahnadagi va haqiqiy hayoti haqida siz bilgan va bilmagan haqiqatlarga duch kelasiz. Ra’no Xoliqovaning she’rlari,  Muhammad Valining “Teorema” bilan tanishuv” adabiy maqolasida bugungi hayot, ijod haqiqatlari aks etgan.

“Maʼrifat” ko‘pchilikni qiziqtiradigan, muhim va dolzarb mavzular, ta’lim tizimi bilan bog‘liq masalalarni yoritishda davom etadi. “Dars taqsimoti – 3 yoxud an’anaviy avgust janglari davom etadi...” maqolasida ta’lim tizimidagi og‘riqli masalalaridan biri tahlil qilingan. “Chet el sayohatlari o‘qituvchilar uchun emasmi?” maqolasida  o‘qituvchilarga berilgan “Ta’tilda qayerda bo‘ldingiz, qanday hordiq chiqardingiz? Kasaba uyushmalari tomonidan beriladigan yo‘llanmalar sizga nasib etdimi? Balki chet elda dam olib qaytgandirsiz? Yoki uy ishlari bilan band bo‘ldingizmi?  kabi savollarga javoblar bilan tanishasiz. “Sog‘lom hayotga qaytgan bolajonlar”, “G‘alaba va baxt – astoydil intilganniki” kabi maqolalarda bugungi ta’lim, uning yutuq va muammolari xususida so‘z boradi..

Bugungi gazetalarni o‘qing...

O‘zA