Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
10:47 / 2023-08-23

“Yangi O‘zbekiston”da mamlakat ichki va tashqi hayotiga oid bir qator dolzarb maqolalar e’lon qilingan. “O‘zbekiston – Ozarbayjon: strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlik masalalari muhokama qilindi” sahifasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 22 avgust kuni davlat tashrifi bilan Boku shahriga kelgani va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvi, ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari haqida so‘z boradi. “Ikki qardosh mamlakatning do‘stlik ildizlari uzoq tarixdan quvvat oladi” maqolasi orqali Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifini keng yoritib borayotganiga guvoh bo‘lasiz. “O‘zbekiston va Vengriya konstitutsiyalarining o‘zaro o‘xshash jihatlar nimalarda namoyon bo‘ladi?” sahifasi, shuningdek, “Kichikdan o‘rtaga, o‘rtadan kattaga yoki ochiq muloqot chog‘ida biznesni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan yo‘nalishlar”, “Hech bir o‘zgarish bejiz ketmaydi”, “Vatanparvarlik tarbiyasi qayerdan boshlanadi?” kabi maqolalarda tadbirkorlik sohasiga e’tibor, yangi imkoniyatlar, inson va jamiyat, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar tahlil qilingan.

“Xalq so‘zi”da ham kunning muhim xabar – yangiliklari o‘z aksini topgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 22 avgust kuni davlat tashrifi bilan Boku shahriga kelgani, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvi va ikki tomonlama hamkorlik  masalalari  muhokamasiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligining yangi davri boshlanmoqda” sahifasi e’tiborli. “Mustahkam ildiz va uzoq tarixga asoslangan  Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatlari” sahifasida “AZERTADJ” Ozarbayjon axborot agentligi, “Trend.az” xalqaro axborot agentligi, “turkistan.az”, “ru ox.az”, “report.az”,  “calliber.az” singari nufuzli axborot-tahliliy portallar va boshqa elektron hamda bosma OAVda O‘zbekiston rahbarining davlat tashrifi va uning doirasida o‘tkazilgan tadbirlarga bag‘ishlangan turkum maqolalar e’lon qilingani haqida so‘z boradi. “Oziq-ovqat xavfsizligi masalasida tanaffus bo‘lmaydi” sahifasi e’tiboringizni, albatta, tortadi. Unda dunyoda aholi sonining o‘sib borishi, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish imkoniyatlaridan yetarli foydalanmaslik, yer va suv resurslarining cheklanganligi masalalari tahlil qilingan. Shuningdek, gazetada O‘zbekiston Respulikasi Oliy Majlisi Senatining qirq to‘rtinchi yalpi majlisi 2023 yil 24 avgust kuni chaqirilishi to‘g‘risidagi xabar e’lon qilingan.

“Oʻzbekiston ovozi”da e’lon qilingan “O‘zbekiston – Ozarbayjon” sahifasi ikki qardosh xalq do‘stligi, o‘zaro hamkorlikning bugungi mevalariga bag‘ishlangan. Unda ayni paytda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida 203 ta korxona faoliyat ko‘rsatayotgani, ularning asosiy faoliyat yo‘nalishlari savdo, mashinasozlik, metallga ishlov berish, moliya va sug‘urta, ko‘chmas mulk, energetika, xizmatlar, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va yengil sanoatni qamrab olgani qayd etiladi. “Umummanfaat yo‘lida”, “Mablag‘lar o‘z vaqtida va maqsadli sarflanishi zarur”, “Toshkent metrosi”, “Yangi mavsumga tayyorlaning!” kabi maqolalari ham muhim masalalar tahliliga bag‘ishlangani bilan e’tiborli.

“Maʼrifat” ta’lim tizimi muammolariga e’tibor qaratadi. TDPU talabasi, Parkent tumanidagi 21-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Dostonbek Sharipovning “Biz ishonchni oqlayapmizmi? Yoxud Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari va bir guruh ma’rifat targ‘ibotchilarining O‘zbekiston xalqiga murojaatini o‘qib” deb nomlangan maqolasini, albatta, o‘qing. “Baho uchun o‘qishning nima keragi bor?”,  “O‘qib olim bo‘larmiding?”, “Umrini sotayotgan bolalar”, “Yevropani “lol” qoldirgan o‘zbeklar”, “Uning baxtli bo‘lishga haqqi bor edi” kabi maqolalarda bugungi yoshlar, maktab, ta’lim, o‘qitish tizimdagi muammolar xususida so‘z boradi.

“Milliy tiklanish” ham davlatimiz rahbarining Ozarbayjon respublikasiga qilgan rasmiy tashrifi doirasidagi tadbirlarga keng e’tibor qaratgan. “Soyada” ishlashning vaqti o‘tdi”, “Moziyshunoslarni birlashtirgan nuqta“ maqolalarida  yangicha munosabat, zamon bilan hamnafaslik, kecha va bugun uyg‘unligi aks etgan. Atoqli adib Xurshid Do‘stmuhammadning “Qoyalardan balandda” hikoyasi, taniqli shoira Oydinnisoning “Yurtim” nomli she’rlar turkumi yurakka quvvat bag‘ishlaydi.

“Yoshlar ovozi” – yoshlar minbari. “Imkoniyatlar kaliti”, “Talabalar yotoqxonasi: kimlar imtiyozga ega?”, “Energetik vaqtinchalik quvvat yoshlarga nima uchun kerak?”, “700 nafar yigit-qiz bellashdi”, “G‘ijduvon tajribasi”, “Apellatsiya arizalari qabul qilinmoqda” kabi maqolalarda bugungi yoshlar, jamiyat hayoti aks etgan. 

Bugungi gazetalarni o‘qing.

A.Narzulloyev, O‘zA