Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
12:25 / 2023-08-17

“Yangi O‘zbekiston”da mamlakat hayotiga oid muhim xabar, yangiliklar e’lon qilingan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 16 avgust kuni transport, energetika va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishganiga oid sharh e’tiborli. “Darsliklar yangidan tayyorlandi”, “Daraxtlar egasiz emas”, “Zamonu makon tanlamas ijod”, “Mansabdor emas, mahallaning dastyori”, “Raqamli kon” nima?” kabi maqolalarda bugungi kun o‘zgarishlari, yutuqlari aks etgan. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i Furqat Yunusovning “Qaysi sohalarda ortda qolayapmiz?” maqolasida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali mamlakatni mintaqaviy IT habga aylantirish to‘g‘risida so‘z boradi...

“Xalq so‘zi”da ham davlat rahbari ishtiroki bilan bog‘liq muhim xabar – sharh e’lon qilingan. “O‘zbekiston – Ozarbayjon: strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida” sahifasi Ozarbayjon va O‘zbekiston do‘stligi, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabatlarga bag‘ishlanadi. “Aholi turmush sharoiti va hayot sifatini yaxshilash – bosh maqsad”, “O‘zaro aloqalar istiqbollari”, “Mustaqillik bayramiga munosib tuhfa”, “Samarqandda Turkiy dunyo tibbiyot kongressi”, “Tadbirkorlik faoliyati rivoji va oziq-ovqat xavfsizligi...” kabi maqola, sahifalar  muhim, dolzarbligi bilan ajralib turadi. 

“Ishonch” siyosatshunos, “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy muassasasi direktori Farhod Tolipovning “Ekologiyaga yangi tizimli yondashuv zarur” maqolasi bilan boshlanadi. Gazetaning “Adolat ustuvor bo‘lgan joyda ish baroridan kelaveradi”, “Hech bir narsani e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak!” sahifalarida berilgan maqolalar o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi. “Benzin narxi oshmaydimi?”, “Ko‘chada sotilayotgan tarvuzlar sifatiga kim javob beradi?”, “So‘m qadrsizlanmasligi uchun nima qilish kerak?”, “Zarar bilan chiqayotgan korxonalar daromadga kiradi...mi?”, “Media-ombudsman instituti qachon tashkil etiladi?” kabi ixcham-ixcham materiallarda qo‘yilgan katta savollarga javob hamma uchun qiziq.

“Jamiyat”da jamiyat muammolarini ko‘rgandek bo‘lasiz. “Noqulay qulaylik yoxud yo‘l transport hodisalarini oshirayotgan elektrosamokatlar” sahifasi e’tibor bilan o‘qiladi. “Do‘st bilan obod uying”,  “Maosh olmaydigan rais”, “Qo‘sha qarish saodati”, “Bir soatlik dars”, “Ota o‘g‘il”, “Tushimizga ham kirmagan imkoniyatlar” kabi maqolalarda bugungi inson, tabiat va jamiyat manzaralari aks etgan.

“Qishloq hayoti”da e’lon qilingan “Uzumchilik – serdaromad soha”, “Paxtachilikda ilmiy-tadqiqot ishlari qanday natijalar bermoqda?”, “Xorazmda qovun sayli”, “Qamashilik “Tereza” ona” kabi maqolalarda qishloqlarimizdagi bugungi hayot, tabiat va inson, islohotlar samarasini ko‘rasiz.

Bugungi gazetalarni o‘qing.

O‘zA