Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
11:08 / 2023-08-16

“Yangi O‘zbekiston”da “20 avgust – Tadbirkorlar kuni” oldidan e’lon qilingan “Muloqotdan muloqotgacha: qanday yangiliklar amaliyotga kiritiladi?” maqolasi, ayniqsa, e’tiborli. O‘tgan bir yil davomida tadbirkorlarimiz hayotida nimalar o‘zgardi va yana qanday yangiliklar bo‘ladi, degan savolga javobni maqolani o‘qib, bilib olasiz. “Tekshiruvlar soni keskin kamaytirildi” maqolasi ham tadbirkorlar muammolari bilan bog‘liq bo‘lib, soha vakillarini eng ko‘p bezovta qiladigan omil tadbirkorlar hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida. Shuningdek, “Vaqtni qisqartirib, qulay manzilga aylangan markazlar”, “Kechagi natijalar – bugun tarix”, “Yer xatlovi oxirgi marta qachon o‘tkazilgan?”, “Bilim tashiyotgan “Aqlvoy” sizning qishlog‘ingizga ham boradimi?”, “Alam va nadomatlar ichra yig‘lagan yoshlik bahori”, “Yer to‘shanchi, osmon yopinchig‘imiz edi...” kabi maqolalarda bugungi kun odamlari va jamiyat, yangicha yondashuvlar, ta’limdagi odimlar, inson qadri va yurt – Vatanga daxldorlik va o‘lmas qadriyatlar haqida so‘z boradi.

“Xalq so‘zi”da yurtimiz hayotiga oid muhim yangiliklar aks etganiga guvoh bo‘lasiz. “The Economik Times”: O‘zbekiston iqtisodiyotida yil oxirigacha barqarorlik va jadal rivojlanish sur’atlari saqlanib qoladi” maqolasida Hindiston ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston iqtisodiyotining joriy yil birinchi yarim yilligidagi o‘sish ko‘rsatkichlariga bag‘ishlangan turkum maqolalar chop etilgani haqida xabar beriladi.  “Sayyohlar oqimi yanada ko‘payadi”, “Muqobil energiyaga o‘tish – dolzarb vazifa”, “Yaroqsiz yo‘l ta’mirlanmoqda, poyezd qatnovi qayta tiklanmoqda kabi maqolalar, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro hayotiga oid “Jahon savdo tashkilotiga a’zolik yurtimizni dunyoga, dunyoni yurtimizga yaqinlashtiradi” nomli sahifa, Pokiston Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Faruqning Pokiston davlati mustaqilligi kuni munosabati bilan bergan “Pokiston bilan O‘zbekistonning qarash va intilishlari bir-biriga uyg‘un” nomli intervyusi muhimligi bilan gazetxon e’tiboridan chetda qolmaydi. 

“Milliy tiklanish”da e’lon qilingan “Prezident tomonidan qonun loyihasi qaytarildi” nomli sahifa o‘quvchi e’tiborini tortadi. Xo‘sh, nega davlat rahbari deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan Qonun loyihasini qaytardi? Maqolani, albatta, o‘qing. “Osmonga uchgan yulduzlar” sahifasi futbolimiz tarixidagi mungli onlar –  “Paxtakor – 79” xotirasiga bag‘ishlangan. “Erkin A’zamning Boysunga taralgan kino yog‘dusi”,  “Tubanlik sari “dadil odimlayotganlar”, “Toshkentda kimlardir o‘z mansabi va lavozimidan xayrlashmoqchi shekilli...” kabi sahifa, maqolalar inson va jamiyat, taraqqiyotga to‘g‘anoq bo‘layotgan “unsurlar” va o‘lmas xotira haqida...

“Hurriyat” “Rizqini chet ellardan izlayotganlar” maqolasi bilan boshlanadi. Maqolada xorijga ishga ketayotgan yurtdoshlarimiz nimalarga e’tibor berishlari, nimalarni bilishlari lozimligi haqida so‘z boradi. “Hurriyat”chilarning  “Zo‘r TV” xodimlariga zo‘ravonlik qilganlarga  nisbatan munosabati aks etgan “Kaltaklangan “jurnalistika” maqolasini ham albatta, o‘qing. “Bozorda arava tortib, pechka sotgan yigit qanday qilib blogerga aylandi?”, “Ba’zan yemagan somsaga ham haq to‘lanadi”, “Ko‘zbo‘yamachilik oqibati” maqolalari, Abdurazzoq Obro‘yning parodiyalarida bugungi hayot, ijod haqiqatlari aks etgan.

“Oʻzbekiston ovozi”da bir qator e’tiborni tortadigan maqolalar e’lon qilingan. “Kimlarga subsidiya ajratiladi?” maqolasi shular jumlasidan. Xo‘sh, kimlarga subsidiya beriladi? Bu savolga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Azim Nizamov javob beradi. “Qachon sotib bo‘linishi kerak?” sahifasi ham o‘quvchi e’tiborini tortadi. Maqolada gap kitob, uning sotilishi haqida boradi. Aslida kitob do‘konlaridagi kitoblar qancha muddatda sotib bo‘linishi kerak va bu muddatni kim belgilaydi? Agar sotilmay qolib ketsa-chi?.. Qiziqmi? Maqolada ushbu savollarga javob bor.

“Maʼrifat”  ko‘pchilikni qiziqtiradigan, muhim va dolzarb mavzular, ta’lim tizimi bilan bog‘liq masalalarni yoritishda davom etadi. “Sertifikat muammosi yoxud xo‘rozqand chet elniki bo‘lsa...” maqolasida ko‘tarilgan masala gazetxon e’tiboridan chetda qolmaydi. “Kontrakt: ho‘lu quruq baravar yonmasin!”, “Ta’lim strategiyasi haqida bilasizmi?”, “Ta’limda qachon marketingni boshlaymiz?”, “Ajdodlarga munosib avlod bo‘laylik!” kabi maqolalarda bugungi ta’lim, uning yutuq va muammolari xususida so‘z boradi..

“Yoshlar ovozi” – chin ma’noda bugungi yoshlar olamini o‘zida aks etib turadi. “Imtiyozlar adolatdanmi?” sahifasi e’tiborli. “1950 nafar yoshning 845 nafariga yordam ko‘rsatildi”, “Anklavdagi qahramon hamkasblarim”, “Imtiyozli ta’lim krediti kimlarga ajratiladi?”, “Men vatanni shunday sevaman!” kabi sahifalarda bugungi yoshlar va jamiyat hayoti, ularga yaratilayotgan sharoitlar, muammolar va qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar aks etgan. 

Bugungi gazetalarni o‘qing...

O‘zA