Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
10:05 / 2023-08-15

“Yangi O‘zbekiston”da  e’lon qilingan “Bugungi yoshlar kechagi yoshlar emas” maqolasi e’tiborli. Taraqqiyot shiddati tobora ortib, global tahdidlar va transformatsiya jarayoni kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda davlatimiz oldida turgan eng muhim vazifalardan biri yosh avlodni munosib tarbiyalash va yoshlarga oid siyosatni samarali yuritishdir. Maqolada ongi, dunyoqarashi, orzu-istaklari, talablari o‘zgarayotgan yosh avlod haqida so‘z boradi. “Xalqimiz ehtiyoji va taraqqiyotiga mos yoxud aholi daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga qachon kiramiz?” savoli sizni ushbu nomli maqolani diqqat bilan o‘qishga majbur qiladi. “Qirq toyli qishloq”, “Standartga muvofiqlik tadbirkorga nima beradi?”, “Havasim keldi senga, bolajon!”, “Loyiha mukammal bo‘lsa, inshoot mustahkam bo‘ladi. Buni quruvchilar yaxshi anglab yetmog‘i zarur” kabi maqolalarda bugungi jamiyat manzaralari, hushyorlikka chorlov, da’vat bor.

“Xalq so‘zi”da mamlakatimiz hayotiga oid muhim maqolalar e’lon qilingan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori, Rim universiteti faxriy professori, akademik Bakriddin Zaripovning “Hayotimizning ma’no-mazmuniga aylangan buyuk maqsad” maqolasi shular jumlasidan. Unda Yangi O‘zbekiston hamda uchinchi Renessans poydevori insonparvarlik va ilm-ma’rifat asosiga qurilayotgani haqida so‘z boradi. Deputatlik korpusi oldida turgan dolzarb masalalar, oziq-avqat xavfsizligini ta’minlash,  AQSHda “Savdo uyi” ochgan o‘zbekistonlik tadbirkor, sivilizatsiyaning qadimgi o‘choqlari kabi masalalar aks etgan sahifalar jiddiy va muhim masallarga bag‘ishlangani bilan e’tiborli.

“Ishonch”da e’lon qilingan “Tabiblarning o‘zi malhamga muhtoj yoxud Jizzax shahar tibbiyot birlashmasi xodimlarining dodini kim eshitadi?” nomli maqolada o‘rtaga tashlangan savol Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilariga qaratilgan bo‘lsa-da, gazetxon e’tiborini ham o‘ziga tortadi. Bu birgina Jizzax shahri tibbiyot birlashmasi doirasidagi muammomi, boshqa joylarda ahvol qanday? Maqola jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligi haqida ham ogohlantirayotgandek. “Urib” qolingan ta’til pullari”, “Ko‘magingizni ayamang!” maqolalari ham e’tiborli. Gazeta muxbiri Gulruh Odashboyevaning taniqli shoira Gulnoz Mo‘minova bilan “Qachon kattaroq qadam tashlashga odatlanamiz? Yoxud hozirgi zamon ayollarini nimalar ko‘proq tashvishlantirayotgani haqida” nomli suhbat ham qiziq. Suhbatdoshlar o‘quvchilarga yuzlanib: ”Ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmenti qachon qaramang, uchi-quyrug‘i yo‘q, samarasiz bahslar bilan to‘lib-toshib yotadi. Biz qachon kattaroq maqsadlar haqida bosh qotiramiz, qachon kattaroq masalalarni o‘rganamiz, qachon kattaroq mavzularda suhbatlashamiz, bahslashamiz?” deya murojaat qiladi... 

Bugungi gazetalarni o‘qing.

O‘zA