Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
10:44 / 2023-08-10

“Yangi O‘zbekiston”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan 9 avgust kuni o‘tkazilgan telefon orqali muloqoti haqida xabar, shuningdek, davlat rahbariga sport sohasidagi yirik tadbirlar va rejalar haqida axborot berilganiga oid sharh e’lon qilingan. “Dasturxonimiz to‘kin, rizqimiz butun” maqolasida oziq-ovqat xavfsizligi masalasi tahlilini ko‘rasiz. Bugun dunyo mamlakatlari tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarga qaramay, oziq-ovqat masalasi dolzarbligicha qolayotgani sir emas. Bir tomondan, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning so‘nggi prognozlari bug‘doy, guruch, shakar, go‘sht, baliq va sut mahsulotlari, o‘simlik yog‘i kabi bir qancha asosiy oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining o‘sishi va zaxiralarining ko‘payishini ko‘rsatsa, boshqa tomondan, iste’mol narxlari indeksi tez sur’atlar bilan ko‘tarilib borayotir. Xo‘sh, buyog‘i nima bo‘ladi?.. Maqolani o‘qing. “Obihayot uchun investitsiyalar”, “Aholi manfaati – eng asosiy masala”, “O‘zbekistonlik hamshiralar Germaniyada o‘z o‘rnini qanday topayotir?” kabi maqolalarda inson, tabiat va jamiyat uyg‘unligi haqida so‘z boradi. Yozuvchi Asad Asilning “Sirojiddin Sidqiyning so‘nggi safari” maqolasi millat fidoyilaridan biri haqida..

“Xalq so‘zi”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan 9 avgust kuni o‘tkazilgan telefon orqali muloqoti haqida xabar, davlat rahbariga sport sohasidagi yirik tadbirlar va rejalar haqida axborot berilganiga oid sharh, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida” hamda “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini -moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonunlari e’lon qilingan. “Sihat-salomatlik – buyuk ne’mat”, “Uyg‘onmoq vaqti”, shuningdek, “Bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?” kabi maqolalar, ularda ko‘tarilgan savollar mazmun-mohiyati bilan dolzarb. 

“XXI ASR” taniqli shoir G‘ayrat Majidning “Yangi O‘zbekiston madhi” she’ri bilan boshlanadi. “CHO‘LDA... “aqlli texnologiyalar” xayolga kelganmidi?” maqolasi izlagan imkon topadi nomli eski hikmatni yodga soladi. “Alifbo tartibidagi olam”, “Yon qo‘shnim – jon qo‘shnim”, “Qonun ishlamasa, qonunga qarshi ishlashadi”, “Oqtosh, ko‘zyoshga aylanmagin!” kabi sahifalar o‘quvchi e’tiborini tortadi. 

“Ishonch”ning bugungi soni o‘ziga xos. “2,6 million xonadonning muammosi yoxud kadastri yo‘q uy-joylar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasi nega ishlab chiqilmayapti?” maqolasi muhim va dolzarb mavzuga bag‘ishlangani bilan e’tiborli. Suyundik Mustafo Nurotoiyning “Aydarko‘l afsonaga aylanmasin” maqolasi og‘riqli, albatta, o‘qing. “Birovga foyda, birovga zarar...” maqolasi hamma biladigan lekin hamma ham amal qilavermaydigan achchiq haqiqat haqida. “Xalqaro bozor ishonchini qozonayotgan milliy brend” sahifasi ham o‘quvchi uchun qiziq. 

Kitob dunyosi” gazetasi rang-barang sahifalardan iborat. Kubalik adib, Nobel mukofoti sohibi Mario Vargas L’OSAning “Ozodlik izlab” dilnomasi, Murod Muhammad Do‘stning “Darvoza yonidagi it”, Per Lagerkvistning “Otam va men” hikoyasi, xitoylik adib, Nobel mukofoti sohibi Mo Yan, Dmitriy Dostoyevskiy bilan bo‘lgan “Tushlarimga kirar Fyodor bobom” nomli suhbat, Anvar Obidjon, sloven shoirasi Svetlana Makarovich, Shavkat Odiljon, ozarbayjonlik Ibrohim Ilyoslining she’rlari mutolaasidan ruhingiz quvvat oladi...     

“Qishloq hayoti”da e’lon qilingan “Yangi Namangan tumanida eksportyor korxonalar soni yana bittaga ortdi” sahifasi “Munis tikuv” MCHJ faoliyati haqida. Korxonada tikilayotgan kiyimlar Rossiya va Turkmaniston davlatlariga eksport qilina boshlangani kishini quvontiradi. “To‘yga to‘yona bilan”, “G‘o‘za bargining sun’iy to‘ktirishning ahamiyati katta”, “Bir tup daraxtni saqlab qolish uchun butun jamiyat kurashadi”, “Umr – bebaho ne’mat” kabi maqolalarda joylardagi real hayot, dehqonchilik sir-sinoatlari, inson qadri haqida so‘z boradi.

Bugungi gazetalarni o‘qing.

A.Narzulloyev, O‘zA