“Yangi O‘zbekiston”da mamlakat hayotiga oid muhim siyosiy yangiliklar aks etgan. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2 avgust kuni Toshkent viloyatiga tashrifi – yirik sanoat majmualari, sport ob’ektlari bilan tanishishi, yangi korxonalarni ishga tushirishiga oid yangiliklarni “Yangi sanoat loyihalari iqtisodiyot rivoji, aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi” sahifasida o‘qiysiz. Tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulovning “Bo‘lar ekan-ku yoxud bugunning kechadan farqi nimada?” maqolasida kechagi va bugungi kun, amalga oshirilyotgan o‘zgarishlarning tub mohiyati, tahlilini ko‘rasiz. “Boy mineral resurslar sarmoyaviy jozibadorlik manbai”, “Sahro bag‘rida qad rostlagan korxona”, “Suv yoqalab” kechayotgan umr iztiroblari”, “Keksalik ibrati – donishmandlik maktabi” kabi maqolalarda yangilanayotgan yurt odamlari tafakkurida yuz berayotgan o‘zgarishlar aks etgan. Taniqli shoir G‘ayrat Majidning “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” she’ri samimiy, beg‘uborligi bilan ko‘ngildan joy oladi.
“Xalq so‘zi”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2 avgust kuni Toshkent viloyatiga tashrifi tafsilotlariga bag‘ishlangan “Toshkent viloyati sanoat loyihalariga katta manzil bo‘ladi” sahifasi e’tibor bilan o‘qiladi. “Sudlarda ishlarni taftish tartibida ko‘rish instituti joriy etiladi”, “Xususiylashtirishda ochiqlik va oshkoralik ustuvor”, “Yuksak ishonch va mas’uliyat”, “Buyuk adabiyotimiz va san’atimizni yaratish – buyuk kelajagimizni barpo etishning mustahkam zamini” kabi maqolalar keng tahlilga asoslangani bilan o‘quvchi nazaridan chetda qolmaydi. Gazeta orqali O‘zbekiston Respublikasining “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun bilan ham tanishasiz.
“Ishonch”da e’lon qilingan “Javob kutayotgan savollar” sahifasi bilan tanisharkansiz, o‘zingiz uchun ham qiziq bo‘lgan ko‘plab savollarga duch kelasiz. Gazeta bosh muharriri Husan Ermatovning Ozarbayjon safari taassurotlari bilan bog‘liq “Bo‘lar millat bolasini bortirim der...” o‘ylari gazetxonni ham o‘yga toldiradi. “Qonunga rioya qilgan qoqilmaydi”, “Omad yor bo‘lsin, abituriyentlar!”, “Davlat hisobidan yuridik yordam kimlarga beriladi?”, “Mehr-muhabbatli bo‘lish yaxshi, ammo...” sahifalarida gazetxon uchun asqotadigan o‘gitlar, hushyorlikka, muammolarni yengib yashashga chorlov, da’vat bor.
“XXI ASR”ning bugungi sonida e’lon qilingan “Ochiq muloqotlar oshkora bo‘ladi” sahifasi e’tiborni tortadi. “Biz hech kimdan kam emasmiz!”, “Belni mahkam bog‘lash vaqti keldi”, “Zamonaviy tadbirkor qanday bo‘lishi kerak?” kabi maqolalarda OʻzLiDeP vakillarining dilnomalari aks etgan. Taniqli jurnalist Ro‘zimboy Hasanning “Men O‘zbekistonning Urganch shahrida tug‘ilganman va katta san’atga yo‘l olganman” deya hayqirgan ANNA GARMAN Urganchning “o‘gay” qizi(mi?)” nomli tanqidiy maqolasini iztirob bilan o‘qiysiz. Nega hukumat rahbari 2021 yil 3 mayda imzolagan chora-tadbirlar rejasi hozirgacha ijro qilinmayapti? Bir zamonlar o‘zining betakror san’ati, dilbar ovozi bilan dunyo ahlini lol qoldirgan buyuk san’atkor ANNA GERMAN – Urganchning “o‘gay” qizimi? – degan savol sizning ham savolingiz bo‘lib yangraydi.
“Jamiyat” – samimiy, ko‘ngilga yaqin gazeta. “Telenovellalar nima beradi yoxud “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi”ning “bolalari” maqolasi e’tiborli. Gazeta bosh muharriri, taniqli jurnalist Maqsud Jonixonovning “Matbuotga “qon” kerak” maqolasidagi samimiy, beg‘araz tahlil, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi yetakchi mutaxassisi Suhrob Bozorovning “Inson qadriga tajovuz”, Mamatqul Hazratqulovning “Bokudan Bokugacha”, Rustam Jabborovning “Sammi Yusuf: e’tiqodni san’atdan ustun qo‘yaman” kabi maqolalari gazetxon e’tiboridan chetda qolmaydi.
“Qishloq hayoti”da e’lon qilingan “Mehnatdan baxt topgan qishloq ayoli”, “U “Iftixor”ning iftixoriga aylandi” maqolalarida bugungi kun qishloqlarimiz “qahramon”lari hayoti aks etgan. “Polmon”ga suv kechikib keldi...”, “Jinoyatni olidini olishda mahallaning rolini oshirish shart”, “Yerga berilgan mehr baraka bo‘lib qaytadi”, “101 yoshli momoning o‘gitlari” kabi maqolalarda qishlarimizdagi hayot manzaralari aks etgan.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
O‘zA