Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
11:12 / 2023-08-02

“Yangi O‘zbekiston” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 1 avgust kuni foydali qazilmalar zaxirasi va ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishga bag‘ishlangan taqdimotda ishtirok etgani to‘g‘risidagi sharh – xabar bilan boshlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koreya eksport-import banki bilan hamkorlikda “Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “Otorinolaringologiya xizmatini takomillashtirish va uning ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari bilan tanishasiz. “Odamlar faqat yaxshi yashashga intilmoqda”, “Ta’limga yo‘naltirilgan sarmoya”, “Energetika, Bozor munosabatlariga o‘tishning zarurati va ahamiyati nechog‘liq?” kabi maqolalar kunning muhim masalalari tahlil etilgani bilan gazetxon diqqat-e’tiborida bo‘ladi.

“Xalq so‘zi”da ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 1 avgust kuni foydali qazilmalar zaxirasi va ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishga oid taqdimotda ishtirok etgani bilan bog‘liq sharh – xabar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koreya eksport-import banki bilan hamkorlikda “Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “Otorinolaringologiya xizmatini takomillashtirish va uning ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari e’lon qilingan. “Oltin davr ostonasida” sahifasida 1 avgust kuni mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida boshlangan kirish imtihonlari, yoshlar hayotidagi hayajonli onlar aks etgan. “Yashil” energetika – taraqqiyot tayanchi” maqolasi qisqa fursatda energetika mustaqilligiga erishish, muqobil energiya manbalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, uning samarasi haqida. 

“Milliy tiklanish”da e’lon qilingan “Parlament partiya dasturidagi eng muhim qonunni qabul qildi” sahifasi e’tiborli. Akademik Qalandar Abdurahmonovning “Ishonch ruhi”, taniqli jurnalist Maqsud Jonixonovning “E’tiborsiz qolayotgan SHAMSHIR”, Umid Arslonbekovning O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i diqqatiga qaratilgan “Qora mushuk“, shuningdek, “Avlodlarimiz haqqiga xiyonat qilayapmiz”, “E’tibor shumi?” kabi katta-kichik maqolalarda inson va jamiyat, taraqqiyot va rostlik kabi muhim masalalar tahlil qilingan.

“Maʼrifat” ta’limning dolzarb bo‘lib turgan masalalarga e’tibor qaratib keladi. “Ta’lim tizimimizdagi sifat o‘zgarishlari qachon paydo bo‘ladi?” sahifasida ko‘tarilgan masala gazetxonni ham qiziqtiradi. “Nega boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi ustama uchun ball to‘plashga qiynaladi?”  maqolasi farzandlari boshlang‘ich sinflarda saboq olayotgan ota-onalarni ham o‘yga toldiradi. “Millatni teatrga qaytaraylik!”, “Abdulla Avloniy qarashlarida tarbiya masalasi”, “Beruniy taxallusining yangi talqini” kabi maqolalar  maktab, ta’lim tizimida uchrayotgan muammolar, ularning yechimi haqida...

“Hurriyat”da bir qator jiddiy maqolalar bor. Nuriddin Ochilovning “Farosat maktabi qayerda?” maqolasidagi og‘riqli holatlarni qalbingizda his qilib turasiz. Islom Asilbekovning “51 mingta daraxtni kesamizmi?” maqolasini shunchaki, e’tiborsiz o‘qiyolmaysiz. Mamlakat miqyosida boshlangan qurilishlar, o‘zgarishlar fonida kesilib ketayotgan daraxtlar ko‘lami, ekologiya buzilishi, anomal issiq normaga aylanib borayotgani kishini o‘yga toldiradi. Muallif, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida quriladigan avtomobil yo‘li tufayli 51 ming tup (dastlabki muhokamalarda 70 ming tup deyilgan) daraxt va buta kesilishi mumkinligini eslatib, ayni paytdagi anomal issiqda 70 mingga yaqin daraxt kesilishi, go‘yoki qulog‘imga “70 ming odam bedarak yo‘qoldi” deb eshitildi, deya yozadi. Sirojiddin Ibrohimning O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, adib va tarjimon Qulman Ochil bilan “Mangu da’vat” nomli suhbati, taniqli jurnalist, futbol sharhlovchisi Husan Temirovning Axbor Imomxo‘jayevga bag‘ishlangan “Afsonaviy sharhlovchi” maqolasi, Salim Ashurning “Vatan madhi saodatdir” kabi dilnomasi mutolaasi sizni bugungi hayot va ijod haqiqatlari bilan yuzma-yuz qiladi.

“Oʻzbekiston ovozi”da bir qator e’tiborni tortadigan maqolalar e’lon qilingan. “Abituriyentlar uchun dastlabki test sinovlari bo‘lib o‘tdi” nomli ixcham sahifa katta hayot ostonasida turgan yoshlar, ularning kelajagini belgilab beradigan unitilmas onlar haqida. “Kosonliklar g‘ayrat-shijoati yuksalishga qanot bo‘lmoqda” sahifasi Qashqadaryoning Koson tumanida erishilayotgan yutuqlar haqida. Gazeta muxbiri Toshtemir Xudoyqulovning “Markaziy bank: inflyatsiya kutilganidan ko‘ra sekinroq” maqolasi qiziq, albatta, o‘qing. “O‘zbekiston ovozi 105 yoshda” sahifasi bilan tanishib, bir asrdan ziyod vaqt el-yurt xizmatida bo‘lib kelayotgan tahririyat xodimlariga rahmat aytgingiz keladi.

“Yoshlar ovozi” – chin ma’noda bugungi yoshlar olamini o‘zida aks etib turadi. “Ko‘ngilli yoshlar doim harakatda!” maqolasi qalbi yoniq yoshlar haqida. “Abituriyent qalbaki hujjat bilan qo‘lga tushsa...” “Kuting, operator siz bilan... hali-beri bog‘lanmasa kerak!”, “Yo‘l xaritasi”ning qaysi manzilimdamiz?” kabi sahifalarda bugungi yoshlar hayoti, ularga yaratilayotgan sharoitlar va qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar aks etgan. 

Bugungi gazetalarni o‘qing...

A.Narzulloyev, O‘zA