“Yangi O‘zbekiston”da 2023 yilning 31 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Vengriya, Ozarbayjon va Yaponiya bilan investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish sharhi, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqoti to‘g‘risidagi xabar bilan tanishasiz. “Prezident tashrifidan so‘ng” ruknida berilgan “Odamlar tilida shukrona, dilida mamnunlik” sahifasi Oltin Vodiy – Farg‘onaning har bir hudud, qishloq va shaharlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, farg‘onaliklarning bu ishlar samarasidan mamnunligiligi haqida... “Ijtimoiy davlat quvonchi”, “Do‘stlik va insonparvarlik diyori”, “Sahro bag‘rida mo‘’jiza yaratib”, “Ovqatlanish ilmidan sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishgacha”, shuningdek, professor Nafas Shodmonovning “Behbudiyning vasiyati” maqolasida yurtimizdagi bunyodkorlik, jamiyatning yangilanayotgan qiyofasi, olam va odam, azaliy qadriyatlar haqida so‘z boradi.
“Xalq so‘zi”da ham 2023 yilning 31 iyul kuni davlat rahbari boshchiligida o‘tgan Vengriya, Ozarbayjon va Yaponiya bilan investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari yig‘ilishi sharhi, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqoti to‘g‘risidagi xabar e’lon qilingan. “Oltiariq tajribasi: Izlanish, fidokorona mehnat va ilmiy yondashuv tokzorlardan shirin-shakar uzum, bog‘lardan sarxil mevalar yetishtirish imkonini bermoqda” maqolasi e’tiborli. Ispaysoyda mikroGES ishga tushgani haqidagi xushxabar, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari qanday bormoqda, degan savolga javob, mashhur akademik va birinchi ombudsman, Andijondagi “Raqamli vodiy” oromgohi bilan bog‘liq maqolalarda ijobiy tomonga o‘zgarayotgan hayot, inson va jamiyat, islohotlar samarasini ko‘rasiz.
“Ishonch” muhim va jiddiy maqolalar bilan o‘quvchilariga yuzlanadi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari Muhabbat O‘rmonbekovaning “Mavsum qizg‘in davom etmoqda” maqolasida yurtimizdagi oromgohlarda yaratilgan shart-sharoitlar, ularda hordiq chiqarayotgan o‘g‘il-qizlarimiz uchun mavjud imkoniyatlar haqida so‘z boradi. Gazeta bosh muharriri Husan Ermatovning “Shushada yangi tashkilotga asos solindi” maqolasini yaxshi bir xushxabar o‘laroq qabul qilasiz. Gazeta muxbirlari Akmal Abdiyev, Umida Xudoyberganova, Nurilla Shamsiyevlarning “Simsiz ustunlar va suvsiz quvurlar”, “Muhtasham koshonaning ayanchli ahvoli”, “Tomorqachilik: harakat va samara bor, ammo...” kabi maqolalarida ko‘tarilgan muammo, nuqsonlar og‘rig‘ini qalbingizda his qilib turasiz.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA