Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
11:07 / 2023-07-28

Vaqtli matbuotni kuzatib, ommaviy axborot vositalari hayotning ko‘zgusiga aylanib borayotganini his etib turasiz.

“Yangi O‘zbekiston”da e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning  Farg‘ona viloyatiga safari, viloyatda qishloq xo‘jaligi va sanoatdagi yirik loyihalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari hamda mahallalar hayoti bilan tanishgani to‘g‘risida sahifani, albatta, qiziqish va e’tibor bilan o‘qiysiz. Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori Bayrambay Otemuratovning “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi oldidan” ruknida berilgan “Maqsadimiz – bir” maqolasida so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilgan va ko‘zga tashlanib turgan o‘zgarishlar haqida so‘z boradi. Muallif, “... aslida qoraqalpoq elining bugungi qiyofasi, ovul va qishloqlarimiz butkul o‘zgacha chiroy ochgani, odamlarimiz hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin”, deb yozadi maqola so‘ngida. “Bugunning gapi” ruknida berilgan “Seleksiya – oziq-ovqat xavfsizligida muhim yo‘nalish”, “Davr nafasi” ruknida berilgan “Kambag‘allikning boshi ham, ildizi ham ishsizlik” maqolalari salmog‘i, muhimligi bilan e’tiborli.  Atoqli avar shoiri Rasul Hamzatovning 100 yilligiga bag‘ishlangan “Shoirning suyanch qoyasi – Vatan!” sahifasini, albatta, o‘qing...

“Xalq so‘zi”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyati safariga bag‘ishlangan “Farg‘ona ahli har bir tashabbus bo‘yicha aniq natijalarni kutmoqda” sahifasi bilan tanishasiz. “Ko‘z o‘ngimizdagi o‘zgarishlar” ruknida berilgan “Orolbo‘yida yangilanish va yuksalish nafasi” sahifasi, “Tashabbusli byudjet” – xalqchil loyihaga aylandi”, “Navoiy viloyati: maktabgacha ta’limdagi o‘zgarishlardan ota-onalar mamnunmi?” kabi maqolalarda jamiyat va insonga e’tibor, bu yo‘lda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar aks etgan.

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida taniqli shoir va adib, adabiyotshunos Ulug‘bek Hamdamning “Globalizm va Rumiy” maqolasi e’lon qilingan. Maqolada Jaloliddiy Rumiy qarashlari  va bugungi global dunyo uyg‘unligi haqida so‘z boradi. Qamchibek Kenja va Xol Muhammad Hasanning she’rlari, Tohirjon Yo‘ldoshevning “Kampir, chol va boshqalar” hikoyasi, ”Mantiq –bosh mezon”, “Talantning sayqallanishi” kabi adabiy maqolalar, “Bu bo‘ston sahnida...” sahifasida berilgan hangomalardan ko‘ngil quvvat oladi.

Adolat”ning bugungi sonida bir qator tahliliy maqolalar e’lon qilingan. “Xalq noibi aralashmaydigan, uning vakolat doirasiga kirmaydigan masala yo‘q”, “Tergovdan yashiringan qonunbuzar 5 yildan so‘ng aybiga iqror bo‘lib keldi”, “Tarix falsafasida shaxs talqini” maqolalari, shuningdek, “Cherchilning hazilomuz haqiqatlari”, “Albert Eynshteyn: Agar baxtli hayotga erishmoqchi bo‘lsangiz...” hikmatlari va kuni kecha boqiy dunyoga safar qilgan benazir adib Luqmon Bo‘rixonning “O‘tirik” hikoyasi alohida qiziqish, e’tibor bilan o‘qiladi.

“Vatanparvar”dagi “Vatan himoyasi – muqaddas burch” sahifasi buyuk chorlov bo‘lib yangraydi. “Bir jon bo‘lib”, “Ikki buyuk tayanch”, “Qoraxoniylarning yengilmas qurolli kuchlari”, “E’tibor va e’tirof ramzi”, “Ona yurtga fidolarni unutmang”, “Moziyni titratgan mudhish kunlar” kabi o‘nlab maqolalarda hayotga, Vatanga bo‘lgan samimiy muhabbat borligini his etasiz.

Bugungi gazetalarni o‘qing.

A.Narzulloyev, O‘zA