Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
11:53 / 2023-07-12

_

“Yangi O‘zbekiston”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga kelayotgan qutlovlar sahifasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 11 iyul kuni investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi tafsilotiga oid sharh bilan tanishasiz. Markaziy saylov komissiyasining Prezident saylovi bo‘yicha yakuniy xulosalari, milliy g‘oya va harbiy vatanparvarlik ruhi, adolatli dunyoning huquqiy poydevori, tog‘-kon sanoati, Samarqanddagi doktorantlar maktabi bilan bog‘liq maqolalar muhim, dolzarbligi bilan e’tiborli. Filologiya fanlari doktori, professor Qosimjon Sodiqovning “Alisher Navoiy zikr etgan Mir Haydarning qo‘lyozmalari qayerda?” nomli maqolasi Hazrat Navoiy  muxlis – muhiblari, ilmiy jamoatchilik diqqat-e’tiborida bo‘ladi.

“Xalq so‘zi”da O‘zbekiston Prezidenti nomiga kelayotgan qutlovlar, davlat rahbari raisligida o‘tgan investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi tafsilotlari, O‘zbekiston Respublikasining “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni e’lon qilingan. “Dunyo nigohi” ruknida berilgan “Inson eng oliy qadriyat bo‘lgan Yangi O‘zbekiston davrini ochishga qodir islohotchi”, “Saylovlar demokratik tamoyillarga mos tarzda o‘tkazildi” sahifalari, Registon va Shohi zinda e’tirofi, bozor iqtisodiyotiga o‘tishda raqobat aks etgan maqolalar xolis fikr-mulohaza, munosabatlar va bugungi kun qiyofasi aks etgani bilan e’tiborli. Nurulloh Ostonovning O‘zbekiston xalq artisti, “Yalla” ansambli badiiy rahbari Farrux Zokirov bilan qilgan “umrboqiy qo‘shiqlar” va “Yalla” ansambli bosib o‘tgan yo‘l haqidagi suhbat qadrdon ansambl bilan bog‘liq shirin xotiralarni jonlantiradi.

“Hurriyat”da bir qator jiddiy maqolalarga duch kelasiz. “Umidbaxsh loyihalar” maqolasi o‘quvchi uchun qiziq. Unda O‘zbekiston energetika tizimida ilk bor yirik gidro to‘plash elektr stansiyalar (GAES) barpo etilayotgani xususida so‘z boradi. “Yoshlar orzusidagi dorilfunun yoki jahonning eng nufuzli universitetlari ro‘yxatidan joy olgan TATU”, “Bir himoyaning bahosi yoxud o‘rgangan ko‘ngilning o‘rtangani haqida”, “Axloqsizlik erkinlik emas”, “Ulug‘ adibga maktub...” sahifalari, shuningdek, ustoz adib Mamatqul Hazratqulovning “Bokudan Bokugacha”, taniqli jurnalist, yozuvchi  Hakim Sattoriyning “Tun yorilgan kecha” maqolalari ruhingizga o‘zgacha ta’sir ko‘rsatadi, mutolaaga ketgan vaqtingizga achinmaysiz.

“Milliy tiklanish”da e’lon qilingan “Xalqimiz bugungi murakkab davrda O‘zbekiston uchun eng to‘g‘ri yo‘lni tanladi” maqolasi e’tiborli. “Xalq tanlovi –  haq tanlov” sahifasi samimiy yozilgan, uni xuddi birinchi maqolaning davomidek o‘qiysiz. “Tibbiy sug‘urta tizimi: kim yutadi!?”, “Hukumat qarori nega bajarilmayapti?”, “Korrupsiyaga qarshi ommaviy “immunitet” kerak!”, “Adolat tiklandi” kabi maqolalarda jamiyat bo‘g‘inlarida uchraydigan ayrim muhim masalalar tahlil qilingan.

“Maʼrifat” ta’lim tizimidagi muhim, muammoli masalalarga e’tibor qaratib keladi. Andijon viloyatining Oltinsoy tumani 63-maktab o‘qituvchisi Normamat Eshonqulovning “Alvido, so‘nggi qo‘ng‘iroq yoxud maktab ta’limidagi muammolar” sahifasi keng tahlil, mushohadaga asoslangani bilan gazetxon e’tiborida bo‘ladi. “O‘quvchingizni maqtashni unutmang!”, “Hayratlarim yoxud AQSH safaridan olingan ayrim xulosalar”, ”Kutubxonalarni raqamlashtirish nega kerak?” kabi jiddiy maqolalar e’lon qilingan. “Maʼrifat” maktab, ta’lim tizimi, uning yutuq va muammolarini ko‘zguda aks ettiradi...

“Yoshlar ovozi” – chin ma’noda bugungi yoshlar olamini o‘zida aks etib turadi. “Cho‘milish havzalari yetarli emas”, “36 million aholiga 331 ta suzish havzasi?”, ”Sun’iy intellekt odamlar ustidan hukmronlik qiladi(mi?) kabi sahifalarda bugungi yoshlar hayoti, ularga yaratilayotgan sharoitlar va mavjud muammolar aks etgan. 

Bugungi gazetalarni o‘qing...

A.Narzulloyev, O‘zA