_
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining bugungi sonida bir qator muhim va dolzarb maqolalar e’lon qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o‘tkazilgan navbatdagi majlisida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ilgari surgan takliflariga oid sahifa, davlat rahbarining SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi bilan tanishasiz. “Daryolardan nurga to‘lsin uyimiz”, ”Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi” kabi maqolalar muhim va dolzarbligi bilan e’tiborli. Ularda muqobil energetika istiqbollari, ayollar va jamiyat taraqqiyoti, yangi tizim mevalari xususida so‘z boradi. Oromgohlar bilan bog‘liq sahifa, shuningdek, “Osiyoni lol qoldirayotgan o‘zbek qizi” maqolasida bugungi kun va zamondoshlarimiz qiyofasini ko‘rasiz.
“Xalq so‘zi”da davlat rahbarining SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdagi majlisida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ilgari surgan takliflariga oid sahifa, davlat rahbarining SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonuni bilan tanishasiz. “Hindistonning SHHTdagi raisligi O‘zbekistonning o‘tgan yildagi raisligining mantiqiy davomi bo‘ldi” sahifasi ham xalqaro ekspertlarning fikr-mulohaza, munosabatlarini o‘zida aks etgani bilan e’tiborli.
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi akademik Naim Karimovning atoqli shoir Oybek ijodiga bag‘ishlangan “Tarixiy mavzu va adabiy qahramon” nomli maqolasi, Oybekning mashhur “Na’matak” va “1 iyul – Oybekni xotirlash kuni” sahifasi bilan boshlanadi. Taniqli jurnalist, yozuvchi Hakim Sattoriyning “Ota “taxt”idagi o‘g‘il”, filologiya fanlari doktori Nusratullo Jumaxo‘janing “Matn buzilsa...” maqolalari, Davron Rajabning she’rlari, Umid Alining “Rayhon hidi” hikoyasi, Lola O‘roqovaning qatralarini o‘qib, ketgan vaqtingizga achinmaysiz...
“Oʻzbekiston ovozi”da bugungi kun ovozini eshitgandek bo‘lasiz. “Prezidentlikka nomzod saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda” sahifasi fikrimizga dalil. “Huquqlar teng va kafolatlangan bo‘lishi muhim”, “Taklif, tahlil va mulohaza...”, “Nihoyat, minimal iste’mol xarajatlari e’lon qilindi” kabi bir qator maqolalarni shunchaki, bee’tibor o‘qiy olmaysiz.
“Milliy tiklanish”ni qo‘lga olib, ijodiy jamoa katta mehnat qilganini darrov payqaysiz. Gazetada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi e’lon qilingan. Shuningdek, Prezident saylovi bilan bog‘liq jarayonlar ham keng yoritilgan. “Jazolash bilan jazoning oldini olib bo‘lmaydi”, “Qat’iyatli siyosat yangi O‘zbekiston tanlagan yo‘lni ko‘rsatib turibdi”, “Saylov jarayonining muhim bosqichi” kabi maqolalar shular jumlasidan...
“Maʼrifat” ta’lim tizimidagi muhim, muammoli masalalarga e’tibor qaratib keladi. Pedagogika fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi “Ta’lim-fan kengashi” boshqaruvi a’zosi Abduqahhor G‘aniyevning “O‘zbekistonda Finlandiya ta’lim tizimini joriy qilib bo‘ladimi?” nomli maqolasi keng tahlil, mushohadaga asoslangani bilan gazetxon e’tiborida bo‘ladi. “O‘qish majburiyat emas, erkinlik bo‘lsin!”, “Maktab bola tarbiyalaydimi?”, “Mahmud Sa’diy, “Ma’rifat” va kamina...”, “Salomga loyiq bo‘lish kerak emasmi?” kabi qator jiddiy maqolalar e’lon qilingan. “Maʼrifat” ko‘zgusi orqali maktab, ta’lim tizimi, uning yutuq va muammolarini ko‘rgandek bo‘lasiz...
“Yoshlar ovozi” – chin ma’noda bugungi yoshlar olamini o‘zida aks etib turadi. “Besh tashabbus olimpiadasi. 1- mavsum yakunlandi”, “Bizning “madaniy” qiyofamiz”, “Qizil” toifadagilar qanday qilib og‘ir ahvoldan olib chiqilmoqda?”, “Erta tug‘ruq ko‘paygan. Yosh oilalar ajrimlarda yetakchi”, “Yoshlar qabuli” qanday o‘tdi?” kabi sahifalarda bugungi yoshlar hayoti, yutuq va muammolari aks etgan.
Bugungi gazetalarni o‘qing...
A.Narzulloyev, O‘zA