“Yangi O‘zbekiston”da mamlakat hayotiga oid muhim xabar, yangiliklar e’lon qilingan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning xorijiy tashriflar va xalqaro tadbirlar doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi bo‘yicha taqdimotda ishtiroki bilan bog‘liq sharh bilan tanishasiz.
O‘zbekiston va Italiya hamkorligining yangi qirralari, haqiqiy baxt oilada mavzusidagi maqolalarda bugungi kun manzaralari aks etgan. “Bilim va tajriba almashish uchun muhim plptforma. Turkiy davlatlar jug‘rofiya kengashi o‘z oldiga qanday maqsadlarni qo‘ygan?” nomli suhbatni, albatta, o‘qing. “Oliy ma’lumotli tarbiyachilar oyligi maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashadi” maqolasida ijtimoiy soha, ta’lim-tarbiya tizimiga qaratilayotgan e’tiborni ko‘rasiz. Eng katta xushxabar esa, bugun, ya’ni 2023 yil 1 iyundan boshlab “Yangi O‘zbekiston” gazetasida e’lon qilingan materiallarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ham o‘qish imkoniga ega bo‘lganingiz...
“Xalq so‘zi”da ham davlat rahbari ishtiroki bilan bog‘liq muhim xabar – sharh e’lon qilingan. Inson umrining beg‘ubor fasli, janub oftobi va ona zamin saxovati, ma’rifatli xalqning taraqqqiyot yo‘li aks etgan maqolalar gazetxon e’tiboridan chetda qolmaydi. “Xitoyning “PREARCHR” jurnali maxsus soni O‘zbekistonga bag‘ishlandi”, “Axborot sohasi – Yangi O‘zbekiston konsepsiyasining muhim tarkibiy qismi”, shuningdek, “Siyosiy partiyalar Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha hujjatlar taqdim etishmoqda” kabi maqola, sahifalar muhim, dolzarbligi bilan ajralib turadi.
“Ishonch” “Partiyalar prezidentlikka nomzodlarni tasdiqladi” nomli xabarlar turkumi bilan boshlanadi. “Bolalarga bering dunyoni!” sahifasi 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlanadi. “Miyangizni qanday axborot bilan to‘yintiryapsiz?” maqolasida ko‘tarilgan savolga gazetaning bir muxlisi sifatida javob berishingizga to‘g‘ri keladi. “Tutunga aylanayotgan hayot” maqolasini o‘qib, takmaki mahsulotlari keltirayotgan ziyon va xavotirli holatlardan voqif bo‘lasiz. “So‘rang, javob beramiz...” sahifasi ham e’tiborli. Mukarrama Turg‘unboyeva tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan “San’atga baxshida umr” sahifasi o‘zbek milliy raqs san’ati, uning afsonalaridan biri haqida...
“Jamiyat” – samimiy, ko‘ngilga yaqin gazeta. “Yangicha ruhdagi ochiq mintaqa” sharhi e’tiborli. “O‘lsam o‘zimning o‘zbeklarim tepkilab-tepkilab ko‘madi”, “Biz ijod maktablarida vatanparvar yoshlarni tarbiyalashni maqsad qilganmiz” kabi maqolalar, “Sud xatosi”ning oldi olindi”, “Aql yoshda emas...”, “Advokatmi yo qaroqchi?”, “Erta turmush – erta tashvish” kabi muammolar ko‘rtarilgan maqolalarda inson, tabiat va jamiyat manzaralari aks etgan.
“Qishloq hayoti”da e’lon qilingan “Suvchilar maktabi” ish boshladi”, “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasining Farg‘onaga tashrifi qanday kechdi?”, “G‘o‘za rivojini intensiv texnologiya asosida tezlashtirish omillari”, “Chehralarda bayram shukuhi” kabi maqolalarda ona tabiat, joylardagi hayot manzaralari aks etgan.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA