Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
11:38 / 2023-05-25

“Yangi O‘zbekiston”da Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqubning mamlakatimizga davlat tashrifi va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan oliy darajadagi uchrashuvlari bilan bog‘liq sahifa, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy o‘rta ta’lim maktablarining bitiruvchi yoshlariga tabrigi e’lon qilingan. Muqobil energiya, kambag‘allikni qisqartirish, o‘zaro aloqalar rivojida muhim sahifa, jamoat transportida xizmat ko‘rsatish sifati, yetuklik va vatanparvarlik ko‘rigi ruhi ustuvor maqola, sahifalarda bugungi kun odami, uning tashvishi aks etgan.

“Xalq so‘zi”da Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqubning mamlakatimizga davlat tashrifi, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqot, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy o‘rta ta’lim maktablarining bitiruvchi yoshlariga tabrigi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tanishasiz. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlari, e’tirof va muloqot kabi ruknlarda berilgan ixcham maqolalar mazmun-mohiyati, dolzarbligi bilan e’tiborli. 

“XXI ASR”ning bugungi sonida Prezident saylovi jarayonlariga keng e’tibor qaratilgan. Katta-kichik har bir xabar, lavha, maqola zamirida ertangi kun uchun bugun qo‘yilayotgan tamal toshi, muhim qadamlar sadolari eshitilib turadi. Shuningdek, gazetada sharhlovchi Ozod Rajabovning “Shahar-davlatning kamtarin rahbari” maqolasi e’lon qilingan. Unda Singapur Prezidenti Halima Yaqubning mamlakatimizga davlat tashrifi bilan bog‘liq muhim jihatlarga e’tibor qaratilgan.

“Ishonch” – ko‘ngilga yaqin gazeta. “Dunyo e’tiboridagi “SANGARDAK” nomli  maqola, albatta, e’tiboringizni tortadi. Unda Surxon vohasining ekoturizm yo‘nalishidagi tashrif qog‘oziga aylangan Sangardakda bugun yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida so‘z boradi. “Ilmli ayollar jamiyat marvaridlaridir”, “Dollar sinarmish... Bu haqdagi mish-mishlar haqiqatga qanchalik mos?” kabi maqolalar,  she’r ustasi, olim va tarjimon Tilak Jo‘raga bag‘ishlangan “Ohanglar og‘ushida o‘tgan umr”, shuningdek, “Tarixni o‘rganish bizni tanazzuldan asraydi” sahifalarini ham o‘tkazib yubormang. 

Kitob dunyosi” gazetasi odatdagidek rang-barang sahifalardan iborat. “Adiblar adabiyot haqida“ nomli hikmatlar yig‘indisini qayta-qayta o‘qigingiz keladi. Ishoqxon Ibrat g‘azallari, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning “Xalq tilining qudrati” maqolasi, Tatyana Dashkevichning “Katyaning peshonasi”, Abdulhamid Ismoilning “Gitara” nomli hikoyalari, Jontemirning “Sen kelsang – Xudodan kelasan, sen ketsang – ketasan Xudodan...” nomli sheriy turkumi, zamonaviy vetnam shoiri May Van Fanning “Yozma asarlar dunyoni o‘zgartirishi mumkinmi?” nomli maqolasi, hamma-hammasi mutolaasidan ruhingiz quvvat oladi...       

“Jamiyat” – jamiyat muammolari bilan nafas oladi. Birgina “Nega odamlar dardini hokimga aytishni istaydi?” maqolasining o‘qiyoq bunga yorqin misol bo‘la oladi. “Ezgu niyat elchilari”, “Yakshanba”, “Agar ilm bo‘lsa...”, “Poytaxt – qaysi sohada o‘rnak? Yoki “Sololeykum” – tarbiya emas”, “Najot – ta’lim va ma’rifatda” kabi maqolalarda bugungi hayot yutuq va qusurlari, inson qalbi manzaralari aks etgan...

“Qishloq hayoti”da e’lon qilingan “Denov tadbirkorlari dehqonchilik va issiqxonachilikni rivojlantirmoqda” , “Ikki mingdan ziyod xonadon ichimlik suvi bilan ta’minlandi”, “G‘allani qabul qilish maskanlari mavsumga shaymi?”, “G‘o‘za rivojini tezlashtirish omillari” kabi maqolalarda joylardagi real hayot, dehqonchilik sir-sinoatlari, inson qadri haqida so‘z boradi.

Bugungi gazetalarni o‘qing.

   

A.Narzulloyev, O‘zA