“Yangi O‘zbekiston”ning bugungi sonida 10 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni oshirishga oid taqdimot to‘g‘risidagi xabar – sharh, mamlakatimizda Prezident saylovi kampaniyasi boshlangani bilan bog‘liq sahifa e’tiborli. Xalq ovozi – haq ovoz, mustaqil Ozarbayjon davlati me’mori, ravon yo‘llar – obod manzillar, sabrning sinovidan o‘tgan insonlar, asr bilan bo‘ylashgan dargoh ruhi aks etgan sahifa, maqolalar hayotiy, samimiyligi bilan o‘quvchini befarq qoldirmaydi.
“Xalq so‘zi”da Polsha Seymi deputati, “Polsha – O‘zbekiston” parlamentlararo guruhi hamraisi Pavel Beydaning “Qiyin davrlar kuchli yetakchilarni yuzaga chiqaradi” maqolasi e’tiborni o‘ziga jalb qiladi. Inson manfaatlari, ona tili va adabiyot fanlarini o‘qitishdagi muammolar, davlat dasturi ijrosining birinchi chorakdagi holati tahlil qilingan maqolalarda bugungi kun manzaralari aks etgan. Gazeta orqali O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan ham tanishasiz.
“XXI ASR” ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uchun saylov kampaniyasi boshlangani haqida xabar beradi. Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan “Turnalar ham tinch yurtlarga uchib keladi” maqolasi ko‘ngildan joy oladi. Unda xotira – abadiy, qadr – muqaddas g‘oyasi aks etgan. “Muddatidan ilgari saylov: bu boradagi xalqaro tajriba qanday?”, “O‘ninchisining ham o‘rni bo‘lak yoxud yurtimizda dam olish kuni sifatida nishonlanadigan yana bir sanani qonunchilikda belgilash jarayonida tug‘ilgan fikrlar”, “Halim boshqa, halisa boshqami? Samarqandlik Edgar Vohidov halisaxonasidan reportaj” kabi maqolalarda jamiyat hayotiga chizgilar, yutuqlar, tahlil va taqqosni ko‘rasiz.
“Ishonch” gazetasining bugungi soni qiziqarli va mulohazali maqolalarga boy. Ayniqsa, “Hosilga baraka, BOBODEHQONLAR!” sahifasi gazetxon ruhini ko‘taradi. “Shartnoma asosida ishlagan yutadimi yoki yutqazadimi?”, “O‘zbek san’atiga qaytgan “Bahor” mo‘’jizalar yaratajak”, “Bolaning begonasi, mehrning chegarasi bo‘lmaydi” kabi maqolalar e’tibor bilan o‘qiladi.
“Kitob dunyosi” ruhiy olamingizni boyitadi. Robindranath Thokurning “Buyuk vijdon posboni”, Pablo Nerudaning ilk she’ri, Ibrohim Haqqulning “Adabiyotning kuchi” essesi, Genri Miller, Temur Po‘latovning hikoyalari, Xulio Kortasar va Valentina Novkovichning she’rlari, Nazar Eshonqulning “Adabiyot – tarbiya vositasimi?”, Aleksandr Yegorovning “”Pushkin – maxfiy josus edimi?” sahifalari, hamma-hammasini mazza qilib o‘qiysiz, ketgan vaqtingizga achinmaysiz...
bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA