Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
11:08 / 2023-03-30

Kundalik gazetalarni varaqlar ekanmiz, kunning muhim axborot – xabar, maqolalaridan boxabar bo‘lamiz, qalam ahlining zahmatli mehnatini ham his etib turamiz.

“Yangi O‘zbekiston”da Prezident Shavkat Mirziyoyevning 29 mart kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Shinjon - Uyg‘ur avtonom rayoni Partqo‘mi kotibi Ma Sinjuy boshchiligidagi XXR delegatsiyasi bilan o‘tkazgan uchrashuvi xususidagi xabar, mamlakat turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi sharhi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Agrar sektorni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan. “Bugunning gapi” ruknida berilgan “Xalqchil IPO” yuz minglab mulkdorlar paydo bo‘lishiga xizmat qiladi” maqolasi, “Biz Vatanimiz taqdiriga befarq emasmiz!”, “Bu – mening Konstitutsiyam!” kabi sahifalarda ezgu niyat, uyg‘oq qalblar sadosi aks etgan. “Zilzilabardoshlikka muhandislik melioratsiyasi va “yashil” taraqqiyotning o‘rni qanday?” nomli maqola kunning muhim, dolzarb masalasiga bag‘ishlanadi. O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bo‘lim mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Ulug‘bek Hamdamovning “Ta’rifi adib, unvoni inson bo‘lgan yozuvchi ijodi” maqolasi o‘zbek romanchiligi maktabi asoschisi Abdulla Qodiriyning ijod yo‘li va shaxsiyati haqida.

“Xalq so‘zi”da ham davlat rahbari ishtiroki bilan bog‘liq rasmiy xabar, sahifalar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Agrar sektorni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan. Jurnalist Asliddin Suyunovning “Orolga hayot qaytmoqda” maqolasi bir zamonlar mavjlanib ko‘zlarni quvontirgan, keyin yo‘qlikka yuz tutib, g‘oyib bo‘lgan dengiz o‘rnida paydo bo‘layotgan “mo‘’jiza”lar haqida. “Biz Vatanimiz taqdiriga befarq emasmiz!”, “Ulug‘vor islohotlarning amaldagi yorqin ifodasi”, “Yangi O‘zbekistonni barpo etishning huquqiy poydevori” kabi maqolalarda xolis, beg‘araz fikr-mulohazalar aks etganiga guvoh bo‘lasiz. 

“XXI ASR”da 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Referendum bilan bog‘liq sahifalar e’tiborni tortadi. “Tarixiy jarayon arafasi”, “Biz ochiqlik va oshkoralikni tanlaymiz!”, “Odamlar nima deydi?”, “Mustahkam qalqonimizga aylanadi” kabi maqolalar shular jumlasidan. Taniqli jurnalist Ro‘zimboy Hasanning “Imtiyozni suiiste’mol qilmang! Yoxud kredit ajratish tizimi masalasini jiddiy o‘ylab ko‘rish vaqti yetdi” maqolasi, “Odamkushlar jazolandi, ammo..”, “O‘zbek tili va Navoiy”, “Ovoz”lar ortidagi ovoralar” xususidagi maqolalar ham e’tiborli.

“Ishonch”da ham Referendum bilan bog‘liq muhim siyosiy jarayonlar keng aks etgan. Shuningdek, “OpenBudget mashmashasi”, “Olamda bugun...” sahifasi, “Hammasi tarbiya va choraga bog‘liq”, “Nogiron demang uni... Yoxud boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan imkoniyati cheklangan 11 yoshli qizaloq haqida”gi maqolalarda jamiyatning bugungi manzaralari – munosabat, fikr va ibrat bor. 

“Hurriyat”da e’lon qilingan “Hur so‘z – xaloskor kuch” maqolasi qalam ahliga qanot bag‘ishlaydi. Unda yangilanayotgan bosh Qomusimizda ommaviy axborot vositalarining va jurnalistlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi qan’iy belgilanganligi xususida so‘z boradi. Ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyevning “Tog‘day tayanch, otaday g‘amxo‘r...” maqolasini, albatta, o‘qing. “Professor Ochil Tog‘ayev saboqlari”, “Matbuotga munosabat qachon o‘zgaradi?”, “Koinotdan ham ko‘rinuvchi devor”, “Boshingga ne balo kelsa...” kabi maqolalar mushohadalarga boyligi bilan e’tiborli. Taniqli yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshevning “Namuna” nomli hikoyasi mutolaasidan ruhiy quvvat olasiz.

“Jamiyat” – samimiy, ko‘ngilga xitob qiladigan gazeta. Qo‘lga olishingiz bilan yaxshi bir suhbatdoshga duch kelgandek his qilasiz o‘zingizni. Nuriddin Ochilovning “Sotib olinayotgan olimlik. Bu bilan kimni aldaysiz?” maqolasida jiddiy masala ko‘tarilgan. “Kinodan qolishmaydigan ko‘rsatuv”, “Bitta huquqbuzarlik uchun ikkita turli jazo berish adolatdanmi?”,  “Buxoroni azon ovozi uyg‘otadi”, “Qorabozorni yo‘q qilish uchun o‘zini oqlaydigan tizim bormi?” kabi maqolalar o‘quvchini befarq qoldirmaydi...

“Qishloq hayoti”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” va “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari e’lon qilingan. “UZFOOD – 2023” xalqaro ko‘rgazmasi ishtirokchilarni qizg‘in muloqotga chorladi”, “Tafakkur ziyosi taralgan maskan”, Hajvchi adib Habib Siddiq 70 yoshda” kabi maqolar e’tiborli.

bugungi gazetalarni o‘qing.

A.Narzulloyev, O‘zA