Kundalik gazeta, vaqtli matbuotni jamiyatning urib turgan tomiriga qiyos qilish mumkin...
“Yangi O‘zbekiston”dan 31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida jamoat transportlarining yangi tizimini joriy etish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishga oid sharh o‘rin olgan. Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor Azamat Ziyoning “Bilagi zo‘r – birni yengar, ongi va yuragi zo‘r esa – mingni” maqolasini, albatta, o‘qing. “Davlat va xususiy sektor. Energetika sohasidagi bu hamkorlik qanday natija beradi?” maqolasida o‘rtaga tashlangan savol ham o‘quvchi qalbida aks sado berib turadi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli navoiyshunos Sultonmurod Olimning buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiy qancha va nechta janrda asar bitgan?” maqolasi katta qiziqish bilan o‘qiladi.
“Xalq so‘zi”da ham davlat rahbari ishtiroki bilan bog‘liq muhim tadbirdan sharh, shuningdek, bir qator tahliliy maqolalar e’lon qilingan. “Monitoring davomida ishlab chiqilgan takliflar”,”Tarixiy ahdnomalarga boy tadbir”, “Muhokama markazida – Hukumat hisoboti” kabi maqolalarda bugungi kunning muhim masalalari tahlil qilingan. “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasining besh yillik natijalari qanday?”, “O‘zbekiston Janubiy Osiyo mintaqasi kuchli uchtaligida” hamda adabiyotshunos Burobiya Rajabovaning “Buyuk dahoning yodnomalari” kabi maqolalar ham gazetxon e’tiboridan chetda qolmaydi.
“Hurriyat”da bir qator jiddiy maqolalarga duch kelasiz. “Xo‘jako‘rsinga ishlayotgan qonunlar” maqolasi shular jumlasidan. Falsafa fanlari doktori, professor Viktor Alimasovning “Madaniyat xodimi kim?” maqolasi mushohadalarga boy. “Chin yurtida hokim bo‘lgan yurtdoshimiz” maqolasida tahlil, tarix va talqin bor. “Adabiyot” sahifasidan joy olgan Shuhrat Matkarimning Bozor”, Bahrom Boymurodovning “Chol ota” hikoyalari, Munira Ramazonavaning she’rlari ko‘ngilga quvvat beradi.
“Maʼrifat” ko‘pchilikni qiziqtiradigan, muhim va dolzarb mavzular, ta’lim tizimi bilan bog‘liq masalalarni yoritishda davom etadi. “Nogironligi bor insonlar qadr topdimi?”, “Vazir Hilola Umarovaga ochiq xat” “Talaba nega ijara shartnomasini tuza olmayapti?” kabi maqolalarda jiddiy masalalar ko‘tarilgan. “Telegramdan maktublar”, “Hajv ortidagi haqiqatlar”, “Donish – xalqning badiiy tafakkuri”, “Zangor osmon qo‘ynida mag‘rur o‘sgan oqqayin” kabi maqolalarda bugungi ta’lim, uning yutuq va muammolari xususida so‘z yuritiladi.
“Oʻzbekiston ovozi”da ham o‘quvchi e’tiborini tortadigan maqolalar bir talay. “Eng yaxshi shaxmat mamlakati”, “Betaraflik deputatga mosmi?” “O‘sish 5, inflyatsiya 9,5 foizgacha” kabi maqolalarda tahlil, tanqid va ta’kid bor. “Rost davra” sahifasida xolislik, birlik, yakdillikka intilish aks etgan.
“Milliy tiklanish”da “Boshlang‘iya sinf o‘quvchilariga sentyabr oyidan boshlab bepul ovqat beriladi!” maqolasi e’lon qilingan. O‘tgan yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 285 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yilgan edi. Endi respublikaning qolgan viloyatlari va Toshkent shahrida ham bu amaliyot yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun 2,3 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu, chindan ham xushxabar... “Axboriy pandemiya yoxud fikrlar boshqaruvidagi dunyo”, “Kim sudyalar ishiga aralashsa, endi qamaladi”, “Uyat””Uquvsiz farmatsevtika tizimi qurbonlik qilishda davom etmoqda”, ”Qachon yangi mezonlarga navbat keladi?” kabi maqolalarda yutuq, xushxabarlar bilan birga bugungi kun og‘riqlarini ham qalbingizda his etasiz.
“Yoshlar ovozi” – yoshlar minbari. “Ta’lim sifati qanday oshiriladi?”, “Maktab sovuq bo‘lsa kimga murojaat qilish kerak?”, Olis hudud tajribasi”, “12 yoshli tengdoshimiz oyiga 500 dollar topadi. Siz-chi?” kabi maqolalarda tezkor hayot, izlanish, yoshlar qalbiga yo‘l, vatanga muhabbat tuyg‘ulari mujassam.
bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA