Kundalik gazetalar bilan tanishib borar ekanmiz, matbuot, OAV o‘z o‘quvchilari ishonchini oqlayaptimi, degan o‘y ko‘ngildan o‘taveradi...
“Yangi O‘zbekiston”ning bugungi sonida O‘zbekiston Prezidentining Tojikiston Prezidenti E.Rahmon bilan telefon orqali muloqoti, shuningdek, “Namangan to‘qimachilik sanoati institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan. “Vengriya OAVda” sahifasi ham o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Suv mavzusiga bag‘ishlangan “Ehtiyoj ortmoqda, manbalar esa o‘zgarmagan” maqolasi, “Iqtisodiy taraqqiyot va matematika ilm-fani”, “Kasb o‘rganib, daromad topmoqchimisiz?”, “Xon qizining hovlisida kechgan mushoira yoxud qardoshlar qalbidan suv ichayotgan do‘stlik daraxti” kabi maqolalar ham muhim va dolzarbligi bilan e’tiborni tortadi.
“Xalq so‘zi”da ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Namangan to‘qimachilik sanoati institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori, Tojikiston Respublikasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti o‘rin olgan. “Dunyo nigohi” sahifasi orqali Vengriya ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat tashrifiga oid materiallar bilan tanishasiz. O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudovning 21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan e’lon qilingan “Millat hamiyatining muntazam himoyati” maqolasi ruhingizga qanot bag‘ishlaydi.
“Ishonch” o‘z o‘quvchilariga jiddiy maqolalar bilan yuzlanadi. “Xodimlar nimadan xavotirda? “Asakabank”ning Farg‘ona viloyati filialida tuzilgan mehnat shartnomalari qonunchilikka qanchalik mos?” maqolasi kishini befarq qoldirmaydi. “Birining narxi osmonda, birini topish amrimahol”, “Tizim qachon o‘nglanadi?”, “Bu nonko‘rlik emasmi?”, “G‘afur G‘ulom tushirgan tarsaki yoxud kitob o‘g‘risi o‘g‘rimi?..”, shuningdek, “Har tugunning yechimi bor” kabi maqolalarda bugungi jamiyat va inson manzaralarini ko‘rasiz.
“Jamiyat”ning bugungi soni o‘quvchini qiziqtiradigan, mulohaza yuritishga chorlaydigan maqolalardan iborat. “Ishsizlik ko‘p, maosh kam”, “Botir Zokirov ham kelganmi?”, “Ona tilim – jonu dilim” maqolalarida ona tili qadr-qiymati, insoniy dard, jamiyat muammolari aks etgan. “To‘y fojeasi”, “Akmal Ikromov kim uchun kurashgan edi” maqolalarini ham albatta, o‘qing.
“XXI asr” gazetasida e’lon qilingan “Oq paxtamizni “oqlash” oson kechmadi” nomli kichkina maqolada O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlarning tub nuqtalari aks etgan. “Tarbiya bilan bugun shug‘ullanmasak... ertaga o‘zgalar shug‘ullanishadi...”, “O‘zbek tili – Vatan tili”, “YTH “stop”: hayot baribir shirin!” kabi maqolalarning har biri alohida bir da’vat bo‘lib yangraydi.
“Qishloq hayoti”ini varaqlab, yurtimiz qishloqlari, undagi asl hayotni ko‘rasiz. “Anor Farg‘onaning brendiga aylanmoqda”, “Paxta terimining mashinalashgan otryad usulida tashkil etishning afzalliklari nimada?”, “Yerdan foydalanishda yangi tartib va me’yorlar bor” kabi maqolalar o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi...
bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA