bugungi gazetalarda mamlakat, mintaqa va dunyoda ro‘y berayotgan muhim siyosiy, ijtimoiy – iqtisodiy yangiliklar aks etganini ko‘rasiz.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasida davlat rahbarining Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Ribia boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani haqidagi xabar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan tabrigi, shuningdek, “Muallimning obro‘-e’tibori – millatning, xalqning obro‘-e’tiboridir” sahifasi, taraqqiyot yo‘li, Prezident qarorlari – hayotda va amalda, Samarqand ruhi, munosabat va nigoh ruknlarida berilgan maqolalarda islohotlar, yurtimizning bugungi hayoti aks etib turganiga guvoh bo‘lasiz. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Yangiboy Qo‘chqorovning “Buyuk xalqning buyuk olimi” maqolasi ruhingizga qanot bag‘ishlaydi.
“Xalq so‘zi”da ham davlat rahbari ishtiroki bilan bog‘liq muhim materiallarga keng o‘rin berilgan. Samarqandda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turistik majmuasi Kongress markazida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimga bag‘ishlangan sahifa, shuningdek, sarhisob, xalqaro tadbir, uchrashuv va e’tirof kabi ruknlarda berilgan sharh, lavha, maqolalarda muhim va dolzarbligi bilan e’tiborli. Gazetada O‘zbekiston Respublikasining “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonuni ham e’lon qilingan.
“Oʻzbekiston ovozi” gazetasida O‘qituvchi va murabbiylar kuniga alohida e’tibor qaratilgan. “Prezidentimizning qarori bilan hokimlar lavozimdan ozod etildi, To‘ra Bobolov jarima to‘laydigan bo‘ldi”, “Har bir hujjat inson manfaatlariga xizmat qilmog‘i lozim”, “Suvni almashtirib bo‘lmaydi”, “Konstitutsiyaviy islohotlarda faol ishtirok etishimiz zarur” kabi maqolalar orqali jamiyat hayotiga nazar solasiz...
“Adolat”ning bugungi sonida e’lon qilingan 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan maqolalar e’tiborli. “Ommaviy shartnomalar, shikoyatbozlik, sudlashuvlar...”, “Chiptalar soxta ekan”, “Fuqaroning mushkuli oson bo‘ldi”, “Istanbul daftari”ni varaqlab” va “Gul momoga atalgan “Lolaqizg‘aldoq” kabi maqolalar maroq bilan o‘qiladi.
“Vatanparvar”da e’lon qilingan “Parda ortidagi qahramonlar”, “Ko‘ksim qalqon, yuragim dov Vatan uchun!”, “Vatan yagonadir, Vatan bittadir”, “Vatan haqida qo‘shiq”, “Muallimning ukasi” kabi o‘nlab lavha, maqolalar ruhida hayotga, Vatanga samimiy muhabbat bor.
bugungi gazetalarni o‘qing...
A.Narzulloyev, O‘zA