Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
10:35 / 2022-09-28

Gazetalarda kunning muhim xabar, lavha, maqolalari nechog‘li aks etayapti? Ulardan ko‘ngil to‘layaptimi? Bu kabi savollarga kundalik gazetalar mutolaasi orqali javob olasiz...

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining bugungi sonida yurtimiz hayotiga oid bir qator muhim maqolalar e’lon qilingan. 27 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimot sharhi, O‘zA muxbiri Asliddin Suyunovning Eron Islom Respublikasi Prezidenti Sayid Ibrohim Raisiy bilan suhbati e’tiborni tortadi. Jamiyatimizning yangi qiyofasi, inson qadri, munosabat, taraqqiyot yo‘li, ilm-fan yutuqlari, zamonamiz qahramonlari, ehtirom va qutlov ruknlarida berilgan maqolalarda ilg‘or tajriba, dil izhorlari, ko‘ngillarga xitob va zamondoshlarimiz qiyofasiga chizgilarni ko‘rasiz.

“Xalq so‘zi”da “MDH parlamentlararo assambleyasi – muhim muloqot maydoni”, “Vazifalardan biri – aholi bandligini ta’minlash”, “Inson qadri va manfaatlari ustuvorligining amaliy ifodasi” kabi maqolalarda bugungi kunning muhim masalalari xususida so‘z boradi. O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan “Millat muallimi” maqolasi e’tiboringizdan chetda qolmaydi. Senat qo‘mitasida yangragan “Vazirlikda qonunchilik hujjatlari ijrosi ta’minlanyaptimi?” degan savol sizning ham ko‘nglingizdan o‘tgan... Urganch davlat universiteti rektori, fizika-matematika fanlari doktori Bahrom Abdullayevning “Taraqqiyotning eng muhim nuqtalari” maqolasida oliy ta’lim tizimida xalqaro tajribalar masalasi tahlilini ko‘rasiz.       

“Hurriyat”da 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Ustoz – otangdan ulug‘” maqolasi e’lon qilingan. Bu maqolani, albatta, o‘qing. Gazeta sahifalaridan o‘rin olgan “Har kun umrimizning bir safaridir”, “Korrupsiya ildizi. Uni yo‘qotish, unga qarshi kurashning qanday samarali yo‘llari mavjud?”, “O‘zbek kinosi qachon dunyoni lol qoldiradi?”, “Kelinlik sepi kutubxonaga poydevor bo‘ldi...” maqolalarida jamiyatning bugungi ruhiy holati, nuqson va yutuqlarini ko‘rasiz. Taniqli jurnalist Hakim Sattoriyning “Shamollarning iztirobli qo‘shig‘i”, O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyevaning she’rlaridan ko‘ngillar suv ichib, quvvat oladi.

“Maʼrifat”ning bu galgi soni o‘qituvchi va murabbiylarning kasb bayramlariga bag‘ishlangan deb bemalol aytish mumkin. Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidovning “O‘qituvchi – har bir o‘quvchi hayotining ma’naviy me’moridir” maqolasi,  gazeta muxbiri Abror Poyonovning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev bilan “Ham muammo, ham yechim yoxud “O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida”gi qonun qachon qabul qilinadi?” nomli suhbat, “Yangi davr pedagogikasi bilimdoni”, “Bolalarga mehr va muhabbat ulashing” kabi qator maqolalarda o‘qituvchi, murabbiylarning jamiyatdagi o‘rni, maktab, ta’lim-tarbiya, shuningdek, o‘qituvchi – ustozlar ichki dunyosi aks etib turadi. Ularda bugungi ta’lim, uning yutuq va muammolari xususida so‘z yuritiladi.

“Yoshlar ovozi” – tom ma’noda yoshlar minbari. “Tashabbus olimpiadasi”, “2132 oila yarashtirildi”, “Asl baxt shukronalikda” kabi maqolalar bugungi yoshlar, ularning muammolari va ushbu muammolar yechimi to‘g‘risida... 

bugungi gazetalarni o‘qing...

                                                                              A.Narzulloyev, O‘zA